19:41 / 14.11.2018
5 477

5 tilni bilgan poliglot o‘zbek qizi (foto)

5 tilni bilgan poliglot o‘zbek qizi (foto)
Nozimaxon ZOKIROVA, Tokio shahri (Yaponiya):

— Andijonning Buloqboshi tumanida tug‘ildim. Litseyda o‘qib yurgan paytlarim ingliz tili markaziga qatnay boshladim. Bu tilni tez o‘zlashtirayotganimni ko‘rgan kursdoshlarim “Qachon chet elga o‘qishga ketasiz?”, deb hazillashib qo‘yishardi. Hazillar chinga aylanib, Yaponiyaning Fukuoka prefekturasida joylashgan Osiyo tinchlik universitetining xalqaro munosabatlar fakultetiga grant asosida o‘qishga kirdim. Birinchi kundanoq bildimki, bu yerda darslar ingliz tilida o‘tilgani bilan yapon tilini bilmagan odamga qiyin bo‘ladi. Shuning uchun yaponchani o‘rganishga kirishdim.

Boshida uni o‘zlashtirish imkonsizdek tuyuldi. Ikki xil alifbo va bizga umuman yot iyerogliflarni eslab qololmay, qiynaldim. Soatlab o‘qisam ham natija bo‘lmasdi. Oradan olti oy o‘tibgina yapon va o‘zbek tili aslida bir-biriga o‘xshash ekanini tushunib yetdim. Hamma gap tilning mag‘zini chaqib o‘rganishda ekan. Bora-bora yaponchada bemalol gaplashadigan bo‘ldim.

Tahsil borasidagi maqsadlarim o‘zgarib, Tokio Xalqaro universitetiga o‘qishimni ko‘chirdim. Ishonasizmi, shu oliy o‘quv yurtida o‘tkazilgan yapon tili notiqliq san’ati bellashuvida xorijlik talabalar o‘rtasida 1-o‘rinni egalladim. Buning ortida 3 yillik tinimsiz mehnat yotganini meni olqishlab turganlar bilsa edi, deb o‘ylaganman, o‘shanda.

Yapon tili bo‘yicha JLPT testida N1 (eng yuqori) bahoni qo‘lga kiritib, qarasamki, universitetdagi hamma yapon darslarini tugatib bo‘libman. Keyin yangi tilni o‘rganishga kirishdim.

Ilmiy tadqiqotlar ham shuni isbotlagan – agar kishi 2 tilni yaxshi o‘rganib olsa, 3-tilni o‘zlashtirish oson kechadi. Menda ham shunday bo‘ldi. Turk tilini o‘rganishda qariyb qiyinchilik sezmadim. Qolaversa, turk do‘stlarim ko‘p bo‘lgani sabab borgan sari bu go‘zal tilga qiziqishim ortdi. Mustaqil ravishda kitoblar, she’rlar, blog-postlar o‘qiy boshladim. O‘qishni tugatar chog‘im ingliz, yapon, turk tillarini mukammal bilish darajasiga yetdim.

Hozir veb-marketing va axborot texnologiyalari yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi Vantage Management kompaniyasida xalqaro marketing maslahatchisi lavozimida ishlayapman. Korxonamiz, asosan, xorijlik mijozlar bilan ishlagani bois barcha o‘rgangan tillarim asqotmoqda. Kompaniyamiz prezidenti ba’zan meni maqtab “O‘zbekistonda hamma ko‘p til biladimi?”, deb so‘rab qo‘yadi.

Ayni kunlarda arab tilini o‘rganish bilan bandman. Yaqin ikki yil uchun mo‘ljallagan rejam arab tilini yaxshi o‘rganish va O‘rta Sharq mamlakatlari bilan ish yuritish.

Nozimaxondan 3 tavsiya:

1. Til o‘rganish kattaroq maqsadlar — tahsil, karera va hokazolar uchun kalit bo‘lishi kerak.

2. Avval til paydo bo‘lgan, so‘ngra yozuv. Demak, avval gapirishdan boshlab, so‘ng yozuv va misollar orqali bilimni mustahkamlash o‘rinli. Har kuni 15-30 daqiqani o‘rganayotgan tilingizning grammatikasini bilishga, 15-30 daqiqani esa yod olgan qoidalaringizni amalda qo‘llashga sarflang, kamida 3-5 varoq chet tilidagi kitoblarni o‘qishni kanda qilmang.

3. Ko‘tarinkilik bilan o‘rganilgan ma’lumotlar yaxshiroq qabul qilinadi. Maza qilib til o‘rganish yo‘llarini qidiring.

Manba: Darakchi.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » 5 tilni bilgan poliglot o‘zbek qizi (foto)