04:56 / 16.11.2018
2 894

Nurimon Abulhasan: «Muqaddas ziyoratga pora aralashtirishning o‘zi gunoh»

Nurimon Abulhasan: «Muqaddas ziyoratga pora aralashtirishning o‘zi gunoh»
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bilan suhbatimiz asosan bugungi kunda eng ko‘p munozaralarga sabab bo‘layotgan haj, umra ziyoratlari haqida kechdi.

– Nuriymon aka, bugun ikki yil avvalgi vaziyat emas. Haj va umra masalalarida ancha yutuqlarga erishildi. Muammolar hamon bor va ular ham asta-sekin yechimini topmoqda, bundan boxabarmiz. Ana shu ziyoratlarni tashkillashtirish borasida yangiliklar bilan o‘rtoqlashsangiz.

– So‘zimning avvalida bugungi suhbat uchun «Kun.uz» sayti jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Sababi har qanday katta tadbirlarni to‘g‘ri uyushtirishda tushuntirish ishlarini olib borish uchun ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Bugungi kunda haj va umra ziyoratlari bo‘yicha ulkan islohotlar o‘tkazilmoqda. Xususan, umra safari xarajatlari arzonlashdi, bu ziyoratga boruvchilar uchun Saudiya Arabistonidagi imkoniyatlar ham kengaydi. Ziyoratchilarimiz Madina shahrida 5 yulduzli, Makka shahrida 4 yulduzli mehmonxonalarda yashab, emin-erkin ibodat qilib kelishdi. Xabaringiz bor, bu muqaddas ziyoratlar to‘g‘risida ma’lumot berish uchun yaqinda brifing ham tashkil etdik va anjumanda O‘zbekiston ahli uchun umra safari bo‘yicha kvotalar olib tashlangani, endi O‘zbekiston respublikasining 18 yoshdan oshgan fuqarolari bemalol bu ziyoratga borib kelishlari mumkinligini rasman e’lon qildik.

Ammo shu yerda ayrim tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Umra safari arzonlashgani, kvotalari olib tashlangani tufayli mahallalarga, hokimiyatlarga juda ko‘plab murojaatlar bo‘lgan, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz safarga borish istagini bildirishgan.

Shunda ayrim mahalla raislari to‘g‘ri tushuntirib, birinchi navbatda shu paytga qadar navbatda turganlar, yoshi katta talabgorlar borishlarini aytishgan. Ammo o‘zlari ham tushunmagan ba’zi raislar «faqat 40 yoshdan oshganlar borishadi» deya ma’lumot boshqacha talqin qilinishiga sababchi bo‘lib qolishgan va bu o‘z navbatida ayrim noroziliklarni keltirib chiqargan. Bu avval amalda bo‘lgan talab. Umra uchun endi bunday talab yo‘q.

Lekin shu o‘rinda bir narsaga aniqlik kiritib ketish kerakki, avval yoshi ulug‘lar borsalar, o‘shalarga avval borish imkoniyatni bergan yoshlar ham ulkan savobga ega bo‘lishadi.

– Uzoq davom etuvchi navbatlar korrupsion omillar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Ayni shu sohada ham korrupsion illat aralashib qolmasligi uchun qanday choralar ko‘rilyapti?

– Haj ziyoratiga borish uchun talabgorlar juda ko‘pligi, navbatlar uzunligini tan olishimiz kerak. Lekin haj, umra kabi muqaddas ziyoratlarga pora aralashtirishning o‘zi absurd, kimdir shunday yo‘l bilan borishga harakat qilishi katta gunoh. Axir bu ziyoratdan maqsad Allohning roziligini topish, gunohlardan forig‘ bo‘lish, o‘z burchini ado etishku. Bunday muqaddas amalni bajarishda halollikdan chetlashishni qanday baholash mumkin?

Biz, albatta bunday ma’lumotlarni kelib tushishi bilan o‘rganamiz, kerakli taqdimnomalar kiritamiz, choralar ko‘ramiz.

Endi bu yerda yana bir og‘riqli masala bor. Umuman, umraga, haj ziyoratiga bel bog‘lagan musulmonlarimiz, yurtdoshlarimiz bu amallarning nima ekanligini to‘liq anglab yetishyaptimi?! Hozirgi kunda bizga «Nima uchun navbat katta?», «Nega men hozir borolmayman?» degan savollar juda ko‘p kelib tushadi. Ammo biz xursand bo‘lardikki, talabgorlar haj safarini bajarib kelishga otlangan odam nimalarga e’tibor berishi kerak, qanday amallarni bajargan bo‘lishi kerakligiga ko‘proq qiziqsalar.

Lekin asosan «Bizning pulimiz bor, tez borishimiz kerak!» degan talab qo‘yilyapti. Bu noto‘g‘ri. Bu yil haj mavsumiga tayyorgarlikni 6 oy oldinroq boshladik. Avvalo, bo‘lajak hojilarni tanlash ishlarini o‘tkazdik, ya’ni hajga talabgorlarga bu amal beshinchi rukn ekanligini tushuntirib, ular avvalgi to‘rtta ruknni bajarganmi yoki bajarmaganmi, shularni aniqladik. Ba’zi paytlarda «Hajga nima uchun boryapsiz?» degan savolga «Qo‘shnim borib keldi, qudam borib keldi. Men ham bormasam bo‘lmaydi, atrofdagilardan uyalib ketyapman» qabilidagi javoblarni eshitdik. Bu judayam xunuk holat. Shuning uchun sizlardan ham iltimosimiz shuki, xalqimizga tushuntiringlar – haj, umra ziyoratlariga borishdan oldin bu amallarga tayyor bo‘lishimiz kerak.

Oxirgi paytlarda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib «Turkiyaga, Dubayga borish o‘rniga bir umraga borib kelsam ham bo‘larkan», deydiganlar toifasi ham paydo bo‘lyapti. To‘g‘ri tushunishimiz kerak – Turkiya, Dubayga borish bu sayohat, haj, umra esa ibodat. Muqaddas ibodat. Sayyohlik tashkilotlariga ham bu safarni sayohat emas, ibodat deb tushuntirish shartligini aytyapmiz. Bu ikkisining farqini bilib olishimiz kerak. Masalaning ma’naviy jihatini aslo unutmaslik lozim. Oddiy odamga yoziladigan bitta gunoh umraga borib kelganidan keyin o‘n barobar qilib yoziladi. Chunki Ka’bani aylanib kelgan odam axloqiy buzuqlikni davom ettirsa, atrofdagilarga ibrat bo‘la olmasa, uning ziyoratidan nima naf?

Hojilarni besh oy davomida o‘qitishni yo‘lga qo‘yganimiz ham bejiz emas. Men shu komissiya raisi sifatida aytamanki, bunga qadar haj mavsumida ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanib qoldi. Masalan Mino, Arafot, Muzdalifaning mohiyatini anglab yetmay, «Biz nega shag‘alda yotibmiz, nega tog‘ning pastida joylashdik?» deb e’tiroz bildirganlar ham bo‘ldiki, bu nihoyatda xijolatli holat. Axir, bu amallar haj ibodatining muqaddas qismlariku? Haj ibodatligi bilan birga mashaqqat ekanligini payg‘ambarimiz (s.a.v.) ta’kidlaganlar. Bu tomosha emas, sayohat emas, dam olish emas – aynan ibodat, mashaqqatli ibodat. Shuning uchun ham ruhan, ham ma’nan, ham jismonan hajga tayyor bo‘lib borish shart.

– Bunday holatlarga odamlarimizning diniy savodxonligi lozim darajada emasligi sabab bo‘lmayaptimikan?

– Tarixdan bizga ma’lumki, yoshi kattalar din haqida tushunchalar berib kelishgan. Masallar, ertaklar orqali ta’lim berganlar. Xuddi alla yo‘qolib ketayotgani singari bunday an’analarimizga ham ming afsuski putur yetdi. Hozir oilalarda diniy tushunchalar paydo bo‘lishi uchun maxsus kurslar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu o‘rinda savol tug‘iladi – maktablarda diniy tushunchalar berish, alohida darslar tashkil etish vaqti yetmadimi? Hozir respublikamizda o‘n mingga yaqin maktab bor. Ammo bu sohada ta’lim bergudek, ham dinni, ham davlatimizdagi islohotlarni to‘g‘ri anglab yetadigan o‘n ming mutaxassisimiz yo‘q. Qolaversa, hali aniq dastur ishlab chiqilmagan. Biz bunday ta’limni necha yoshdan boshlashimiz kerak, qanday ma’lumotlarni yetkazishimiz kerak, bularning hammasini ishlab chiqishimiz kerak. Agar mutaxassis bor, deb faqat Toshkentda, yoki vodiyda bunday ta’limni yo‘lga qo‘ysak, bu ham noto‘g‘ri.

Shuningdek, ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 9-bandida «Diniy ta’lim o‘rta ta’limdan mustasno», deb qo‘yilgan. Shunga qaramay izlanishlar olib boryapmiz, dinning insonparvarlik mohiyatini tushuntiruvchi dasturlarni kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlayapmiz.

– Hozir haj va umra safarlariga yo‘l olish mahalla va hokimliklarga hujjat topshirish va navbatda turish orqali amalga oshyapti. Kelajakda bu sohada ham innovatsion yondashuv, ya’ni onlayn hujjat topshirish hamda navbatda turish rejalashtirilyaptimi?

– Bu ayni ko‘nglimdagi savol bo‘ldi. Innovatsion yondashuv bo‘yicha bir necha oydan buyon ishlayapmiz va kelgusida yangi g‘oyalar asosida jarayonni yengillashtirishda axborot texnologiyalardan to‘la foydalanishni rejalashtirganmiz.

– Hozirda turizmga katta e’tibor qaratilyapti. O‘zbekiston musulmon sayyohlarni qabul qilishga to‘la tayyor deb ayta olamizmi?

– Bu bo‘yicha alohida ishlar olib boryapmiz. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qoshida ziyorat turizmi uchun maxsus bo‘lim tashkil etildi. Ammo musulmon davlatlaridan keluvchi sayyohlar uchun barcha sharoitlarni yaratdik, deyishga hali erta. Sabablardan biri bizning «Halol» standarti bo‘yicha ishlarimiz yakuniga yetgani yo‘q. Turkiya, Malayziya kabi davlatlar bilan hamkorlikda umujahon «Halol» standartiga a’zo bo‘lish, yurtimizda joriy qilish bo‘yicha ishlar olib boryapmiz. Bu bo‘yicha «O‘zstandart» agentligi bilan ham memorandum imzoladik.

Ayniqsa, Samarqand va Buxoroga ziyorat uchun talab juda katta. Malayziya va Indoneziya kabi davlatlardan ko‘pchilik dindoshlarimiz ziyorat turizmiga kelishmoqchi. Ular mehmonxonalarda, umumiy ovqatlanish maskanlarida ularga mos sharoitlar yaratishimiz lozim.

– Oxirgi savolimiz – ma’lumki, har yili haj, umra safarlari ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkaziladi. Bu jarayonlarni yoritish, targ‘ib qilish bilan faqat Islom akademiyasi huzuridagi «Ziyo media» markazi tomonidan amalga oshiriladi. Mana shu jarayonga boshqa ommaviy axborot vositalari xodimlarini ham jalb qilish vaqti yetmadimi?

– Bu masala ham alohida rejalarimiz bor, takliflar kelib tushyapti, ularni o‘rganyapmiz. Ziyoratlar, bu muqaddas amallarning mohiyatini xalqimizga to‘g‘ri tushuntirish uchun turli OAV vakillarini jalb qilish rejalashtirilgan.
Xurshid Daliyev suhbatlashdi

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nurimon Abulhasan: «Muqaddas ziyoratga pora aralashtirishning o‘zi gunoh»