08:51 / 18.11.2018
3 667

“Malika” savdo majmuasidagi 80 foiz do‘konlar yopib qo‘yilmagan

“Malika” savdo majmuasidagi 80 foiz do‘konlar yopib qo‘yilmagan
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi “Malika” savdo majmuasida joriy yilning 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan nazorat tadbiri tafsilotlari turlicha talqin qilinmoqda.

Xususan, “tadbirkorlarning 80 foiz do‘konlari yopib qo‘yildi”, “endi bundan buyon tekshir-tekshir boshlandi” yoki “tovarlar hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmasdan olib qo‘yildi va ertaga qaytarilmaydi” kabi mazmundagi noto‘g‘ri fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi ularga quyidagicha izoh bildiradi.

“Malika” savdo majmuasida jami 205 ta savdo do‘koni mavjud bo‘lib, 2018 yil 15 noyabr kuni ularning 80 foizdan ortig‘i, ya’ni barcha hujjatlarga ega, qonuniy yo‘l bilan ishlayotgan savdo do‘konlari o‘z faoliyatini odatdagidek davom ettirmoqda.

Soliq organlari tomonidan profilaktik tadbirlar va targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratilib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga o‘z biznesini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishlari uchun yordam berilmoqda. Joriy yilning birgina sentyabr-oktyabr oylarida 22 nafar shaxsning tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishiga ko‘maklashilgan.

Lekin bunday targ‘ibot-tashviqot ishlariga befarqlik bilan qarab, o‘z faoliyatini noqonuniy yuritib kelganlarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan manzilli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Aynan “Malika” savdo majmuasidagi nazorat tadbirida 205 ta do‘kondan 13 tasida tadbirkorlik guvohnomasi bo‘lmagan shaxslar savdo bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Ularga tegishli bo‘lgan hech qanday hujjat va sifat sertifikatisiz, umumiy qiymati qariyb 308 mln. so‘mlik maishiy texnika vositalari, uyali aloqa telefonlari va aksessuarlar masala qonuniy hal bo‘lguniga qadar vaqtinchalik olib qo‘yildi.

Nazorat tadbiri davomida hujjatsiz sotilayotgan tovarlarni vaqtincha olish yuzasidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Jumladan, tovarni olish dalolatnomasi (unda aniq ro‘yxat keltirilgan), uning nusxasi huquqbuzarga taqdim etilgan.

Savdodan olingan tovarlar saqlash uchun maxsus do‘konlarga topshirilib, ularning butligini ta’minlash bo‘yicha aniq mas’ul shaxslarga javobgarlik yuklatildi. Ushbu huquqbuzarlar kamchiliklarni bartaraf etsa, ya’ni 1 oylik muddat davomida o‘z faoliyatini qonuniy asosda yo‘lga qo‘ysa, ular uchun hech qanday jarimalar qo‘llanilmagan holda, olib qo‘yilgan tovarlari qaytarib berilishi sud orqali hal etiladi. Bu borada tegishli ishlar boshlab yuborilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi o‘z faoliyatini qonun doirasida olib borayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan tadbirkorlarga hech qanday to‘siq bo‘lmasligini, faoliyati ortiqcha tekshirilmasligini yana bir bor eslatib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Malika” savdo majmuasidagi 80 foiz do‘konlar yopib qo‘yilmagan