09:20 / 21.11.2018
4 261

Toshkent yuridik universitetiga o‘qishga kiritish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Toshkent yuridik universitetiga o‘qishga kiritish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Oliy ta’lim muassasalariga noqonuniy yo‘llar orqali o‘qishga kiritib qo‘yish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi.

O‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi sobiq xodimi Sh.X., Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani IIB bo‘linma boshlig‘i J.S. va yana bir guruh shaxslar jinoiy guruhga birlashib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan shaxslar bilan til biriktirib, 8-10 ming AQSh dollari evaziga o‘qishga kiritish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.

Ular «paravoz»lardan foydalanishgan, ya’ni «abituriyent»larning fuqarolik pasportlaridagi fotosuratlarini qalbakilashtirib, ularning o‘rniga yuqori nazariy bilimga ega bo‘lgan jinoiy guruh a’zolarini kiritishgan.

Xususan, 2018 yil iyul oyida 7 nafar abituriyentning pasportlaridagi fotosuratlari o‘rniga jinoiy guruh a’zolarining rasmlarini maxsus uskunalar yordamida joylab, qalbaki fuqarolik pasportlari asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga kiritish uchun, 1 nafar abituriyentni esa Farg‘ona davlat unversitetiga o‘qishga kiritish uchun harakat qilib ko‘rishgan va DTM ruxsatnomasini olishga ham muvaffaq bo‘lishgan.

Jinoiy guruh a’zolari turli vaqtlarda qo‘lga tushgan. Masalan, ularning biri TDYuU qabul komissiyasiga DTM ruxsatnomasini olish uchun kelgan vaqtda, taqdim qilgan fuqarolik pasportdagi fotosurat qalbaki ekani aniqlangan.

Jinoiy guruhning boshqa a’zolari esa 1 avgust kuni TDYuUga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlariga qalbaki hujjatlar asosida kirgan. Test jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoiy guruh a’zosi J.F. davlat imtihonlariga «abituriyent» U.U. o‘rniga kirgani aniqlanib, qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, tergov davomida Toshkent shahar prokuraturasining topshirig‘iga asosan TDYuUda noqonuniy o‘qishga kirish holatlarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, mazkur komissiya abituriyentlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va imtihon jarayoni tasvirga olingan videoyozuvlar tahlil qilindi.

Natijada, jinoiy guruh tomonidan bir guruh abituriyentlar o‘rniga qalbaki hujjatlar asosida test sinovlarini yechib chiqqani, ular TDYuUga davlat granti va shartnoma asoslarida o‘qishga qabul qilingani aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 7 nafar shaxsga Jinoyat kodeksi 28, 211-moddasi (pora berishga dalolatchilik qilish), 228-moddasida (hujjatlarni qalbakilashtirish va hujjatning qalbaki ekanligini bila turib undan foydalanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblov e’lon qilinib, ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qalbaki hujjatlar asosida, qing‘ir yo‘llar bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga qabul qilingan shaxslar talabalar safidan chiqarildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent yuridik universitetiga o‘qishga kiritish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi