08:54 / 09.12.2018
4 212

Ikki qo‘ldan chiqayotgan qars

Ikki qo‘ldan chiqayotgan qars
Biz korrupsiyaga qarshimiz


Ko‘chada mashinangizda ketyapsiz. Qoidani buzdingiz. YPX xodimi to‘xtatdi va bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘ldi. Siz unga iltimos qila boshladingiz va gap orasida "uni rozi qilib ketish" haqida gapirdingiz.

U ko‘ndi va pulingizni olib sizni qo‘yib yubordi. Siz uning ishidan xursand bo‘lib rahmat aytdingiz. Oxirida esa u sizdan ancha yosh bo‘lishiga qaramay "aka, yaxshi kunlarda uchrashaylik" deb xush kayfiyat ila u bilan xayrlashdingiz. O‘sha YPX xodimining yaxshi odam ekanini, sizga yaxshilik qilganini sheriklaringizga maqtab qo‘ydingiz. Keyin esa qayerda YPX xodimlari haqida gap ochilganda siz "Sirdaryoda..., Jizzaxda..., Samarqandda..., yo‘lda falon joyda yaxshi bir YPX xodimi turishini va u sizga yaxshilik qilganini" maqtab gapirib yurdingiz.

Endi esa teskarisi. Siz yo‘lda ketyapsiz. Qoidani buzdingiz. YPX xodimi sizni to‘xtatdi va bayonnoma yozmoqchi bo‘ldi. Siz esa "iltimos aka, rozi qilib ketaman" deb yalinishni boshladingiz. U ko‘nmay "aka, pulingiz ko‘p bo‘lsa bankka borib to‘laysiz" deb bayonnomani rasmiylashtirdi. Siz ana shu paytda uni hatto sizdan yoshi katta bo‘lsada sensirab "odam emas ekansan" deb oshkora haqorat qilib ketasiz. Kamiga esa borib uni sheriklaringizga yomonlaysiz. Undan keyin esa qayerda YPX xodimlaridan gap ochilsa "Sirdaryoda.., Jizzzaxda.., Samarqandda.., yo‘lda falon joyda bir iflos YPX xodimi bor. Qo‘liga tushsang yozib yuboradi. Pul ham olmaydi, iltimosingga ham ko‘nmaydi" deb o‘shani yomonlab yurasiz.

Bunaqa misollar judayam ko‘p. Jamiyatimizda poraxo‘rlik va korrupsiyaning yo‘qolishini xohlaymiz. Ammo bir idoraga bordik, hujjatlarimizda kamchilik bor. Idora xodimi "hujjatlarni to‘g‘rilab keling" deb bizni qaytaryapti. Biz esa darrov unga "rozi qilib ketish" haqida shipshitamiz. Qarabsizki "sizdan ugina, bizdan bugina" tarzida ishimiz bityapti.

E’tibor berib qarasam qayerda bo‘lmasin, xoh u YPX xodimi bo‘lsin, xoh boshqa idorada ishlasin 3-4 so‘m pulimizni olib ishimizni sal noqonuniy tarafi bo‘lsa ham bitirib beradigan odamlar biz uchun yaxshi odamlar. Aksincha, qayerda bo‘lmasin bizni hatti-harakatimizga qonunan chora ko‘radigan, biz taklif etayotgan "rozi qilish"ga ko‘nmaydigan insonlar bizni nazarimizda yomon odamlar.

Ana shu yerda men odamlarimizning aslida nima xohlashlarini tushunmasligim ayonlashadi. "Jamiyatdan poraxo‘rlikni yo‘qotish kerak", deb dod-voy solamiz-u ammo ishimizni tezroq bitirish uchun porani o‘zimiz taklif etamiz.
Qonun hamma joyda ustuvor bo‘lishini, xohlaymiz ammo uni birinchi bo‘lib o‘zimiz buzamiz.

Ba’zida shu gaplarni gapirib kim bilandir bahslashib ham qolaman. "Endi YPX xodimiga 3-4 so‘m bergan bilan katta bir idoraning rahbari olayotgan poraning farqi bor-da" deyishadi. "Sizni qo‘yib yuborgani uchun YPX xodimiga o‘z nazdingizda "ozgina" pul uzatyapsiz. Olsa xursandsiz. Olmasa so‘kasiz. Ana o‘sha katta bir idora rahbarining oldiga borayotganlar ham sizday, kamchiligiga qaramay pullarini olib ishlarini bitirsa undan yaxshi odam yo‘q. Mabodo "iloji yo‘q, hujjatlaringizda kamchilik bor" deb qaytarsa undan yomon, undan poraxo‘r odam dunyoda yo‘q va eshigidan chiqiboq uni yomonlab so‘kishadi. Umuman olganda "uzat-uzat" ana shu sizni YPX xodimiga uzatayotgan arzimas pulingizdan boshlanadi. Bugun YPX xodimiga uzatasiz, ertaga boshqasiga. Ana shunday ahvolda umringizni oxirigacha "uzat-uzat" bilan o‘tib ketaverasiz. Jamiyatda poraxo‘rlikni yo‘qolishini xohlaysizmi, unda birinchi navbatda qonunni buzmang. Ikkinchi navbatda esa o‘zingizni qonunbuzarligingizni kimlargadir pora berib yopib ketishga urinmang. Aks holda hammasi bekor gaplar bo‘lib qog‘ozda qolib ketaveradi. Siz esa o‘zingizdan oldingilarday "jamiyatimiz poraxo‘rlikka to‘lgan, uni yo‘qotishimiz kerak" deb qichqirib o‘tib ketaverasiz", deyman. Ammo, baribir uning nazdida bir tarafdan poraxo‘r yomon odam, ammo o‘zi birontaga ishini tezroq bitirish uchun pora bersa buni umuman "yomon ish qilyapman" deb o‘ylamaydi.

Jamiyatdagi pora oldi-berdisi va poraxo‘rlikka bo‘lgan mana shunday "ikki xil standart"da qarash ham bizda poraxo‘rlikni kamayish o‘rniga battar avj olib ketayotganiga sabab bo‘lmayaptimikin? Sizlar bunga nima deysizlar?
G‘ayrat YO‘LDOSh

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ikki qo‘ldan chiqayotgan qars