12:50 / 11.12.2018
8 276

Andijonda hosil bayramida ko‘pkari g‘oliblariga “Kobalt” va “Spark” berildi (video)

Andijonda hosil bayramida ko‘pkari g‘oliblariga “Kobalt” va “Spark” berildi (video)
Ulug‘nor tumanida 9 dekabr kuni o‘tkazilgan hosil bayrami doirasida milliy sport turi – ko‘pkari bo‘yicha viloyat hokimi sovrini uchun musobaqa tashkil etildi. Musobaqada Andijon viloyatining barcha shahar va tumanlaridan, Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlaridan, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikasidan kelgan yetti yuzga yaqin chavandoz ishtirok etdi.

“Uloq-ko‘pkari Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy qadriyati, urf-odatlaridan biridir, – deydi Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidan kelgan 101 yoshli uloqchi Qaribek Sulaymonov. – Uloq ko‘ngilochar tomosha yoki shunchaki o‘yin bo‘lmasdan yigitlarning jasur, epchil, dovyurak bo‘lib ulg‘ayishida muhim o‘rin tutadi. Ajdodlarim chavandoz o‘tgan. Men ham umrimning teng yarmini ot minib, uloq-ko‘pkarilarda o‘tkazdim. Polvonlik farzandlarimga ham o‘tgan. Bugungi musobaqa haqida eshitib, ular bilan birga keldim. Maydondagi chavandozlarni ko‘rib, o‘z yoshligimga qaytganday bo‘ldim. To‘g‘risi, shu yoshda ham uloq chopish istagi tug‘ilmoqda”.

“Andijon shahridan shu yergacha salkam 90 km masofani bosib o‘tdik, – deydi bayramda ishtirok etgan rossiyalik tadbirkor Maksim Gimadetdinov. – Qishning qirovli kunlarida ham yuz minglab odam qatnashadigan bunday go‘zal xalq an’anasiga birinchi bor guvoh bo‘lishim. Musobaqani miriqib tomosha qildim”.

“Dam olish kuni ekaniga, shuningdek, havoning sovuq bo‘lishiga qaramay do‘stlar bilan uloq ko‘rish uchun keldik, – deydi Dilshodbek Ahmedov. – Ko‘pkarini tomosha qilib charchoqlarimiz chiqdi”.

Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqada bo‘taqoralik Sulaymon polvon Mamasoliyev (Andijon viloyati) bosh sovrin – “Kobalt” avtomashinasi egasi bo‘ldi. “Spark” avtomashinasi esa suzoqlik Abduxalil polvon Sariqov (Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati)ga nasib etgan. Musobaqada yaxshi qatnashgan chavandozlar shahar va tuman hokimlari, turli tashkilotlarning sovrinlari bilan taqdirlangan.

Uloq-ko‘pkari musobaqasida asakalik mohir chavandozlar Xursandbek, Xayrullo, Orifjon Dilmurod, Odiljon, Ne’matillo polvonlar jamoa bo‘lib ishtirok etib, yirik sovrinlarni qo‘lga kiritdilar.

Jamoa sardori, Asaka tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, Asaka shahar hokimi Xursandbek Yo‘ldoshevning aytishicha, uning ajdodlari ham polvonlar sulolasidan. U beshinchi avlod vakili hisoblanadi.

“Har kim chavandoz bo‘lolmagani kabi duch kelgan ot ham uloqqa yaramaydi, – deydi Xursandbek polvon. – Maxsus tayyorgarlik ko‘riladi. Tug‘ilganda qulun, so‘ngra toy va nihoyat asov tulpor ayni shu davrda uloqqa kirishi mumkin. Eng baquvvatlari to‘rtson deb yuritiladi. Ya’ni, bunday otning old oyoqlari ham orqa oyoqlari kabi baquvvat bo‘ladi. Bizda qorabayir, jaydari otlar parvarishlanadi. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan asov turpaq (uloqqa qo‘yilgan buzoq to‘shi)ni yerdan dast ko‘targan polvonga madad berib, o‘ljani egar qoshiga ortida ko‘maklashadi. 60 kilogrammli turpaqni bir qo‘llab ilib olishning o‘zi bo‘lmaydi”.

Hosil bayrami doirasida fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan tashkil etilgan oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazma va savdosi tashkil etildi.

Oq oltin qishlog‘i hududidagi 18 gektar maydonda bo‘lib o‘tgan bayram tadbirlarida 70 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijonda hosil bayramida ko‘pkari g‘oliblariga “Kobalt” va “Spark” berildi (video)