15:48 / 11.12.2018
3 533

Al-Azhar shayxi: “O‘zbekiston bilan diniy hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdormiz”

Al-Azhar shayxi: “O‘zbekiston bilan diniy hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdormiz”
Misr Arab Respublikasi Axborot agentligi tomonidan mamlakat Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyibning yurtimizga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Unda mehmonning O‘zbekistonda ma’rifiy islomni rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning din sofligini ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasini o‘rganish va targ‘ib etish yuzasidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida taassurotlari berilgan. Jumladan, Ahmad Tayyib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgani va unda bugungi kunda muqaddas islom dinining bag‘rikenglik tamoyillarini, ma’rifiy qadriyatlarini targ‘ib qilish, uning insonparvarlik mohiyatini asrash, diniy-ma’naviy merosni tadqiq etish, xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va Misrda katta ishlar qilinayotganini qayd etdi.

Ahmad Tayyibning fikriga ko‘ra, Islom ummati yoshlari O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning boy ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishishga katta ehtiyoj sezmoqda.

Maqolada keltirilishicha, Misr tomoni O‘zbekistondagi diniy ta’lim muassasalari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor. Shuningdek, mehmon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrifi davomida qator masalalar bo‘yicha manfaatli kelishuvlarga erishganidan mamnunligini bildirdi.

“Har yili O‘zbekistondan o‘nga yaqin talaba Al-Azhar universitetida ta’lim olish uchun keladi. Bundan tashqari, imom-xatiblar bilimini oshirish va yot g‘oyalarga qarshi kurashda tajribasini mustahkamlash maqsadida Misrda malaka oshiradi”, deya qayd etiladi agentlik xabarida.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil davomida turli sohalarda, ayniqsa, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ulkan o‘zgarishlar yuz bergani e’tirof qilinadi. Xususan, O‘zbekistonda tug‘ilib, dunyoga ilm-ma’rifat taratgan buyuk zotlarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish maqsadida ilmiy-tadqiqot markazlari, islom ta’lim muassasalari ta’sis etildi, deyiladi.

“Albatta, bu kabi ulug‘vor tashabbuslar 130 dan ortiq millatlar va elatlar vakillari istiqomat qiladigan O‘zbekistonda o‘zaro hurmat hamda ishonch tamoyillariga asoslangan mo‘’tadil diniy qarashlarni yanada mustahkamlash maqsadini ko‘zlaydi.

O‘zbekiston bag‘rikenglik va hamjihatlik qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu yo‘nalishda Misr hamda Al-Azhar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashishga intilmoqda”.
Shahzod ISLOMOV

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Al-Azhar shayxi: “O‘zbekiston bilan diniy hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdormiz”