16:34 / 14.12.2018
4 314

Prezident Qashqadaryoda paxtachilikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqid qildi

Prezident Qashqadaryoda paxtachilikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqid qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qashqadaryo iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, odamlarni ish bilan ta’minlash yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdi.

«Ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun avvalo iqtisodiyotni rivojlantirish kerak. Shu bois 2019-2020 yillarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda amalga oshiriladigan 1 ming 200dan ziyod loyiha bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi», - degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, joriy yilda viloyatga 63 mingdan ziyod xorijlik sayyoh kelgani, lekin bu judayam kamligi qayd etildi. Bu sohadagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, Shahrisabzni festivallar shahriga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Videoselektorda qishloq xo‘jaligidagi natijalar qoniqarsizligi, paxtachilikda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tanqid qilingan.

«Bizdagi suv bilan 1,2 million tonna emas, 3 million tonna olish mumkin. Paxtachilikda asosiysi suv emas, melioratsiya. Yerga urug‘ qadashdan oldin ozuqa berish kerak. 27 yilda paxtachilikda nima karomat ko‘rsatdik? Bir paytlari akademiklarimiz, olimlarimiz bor edi, har xil navlarimiz bor edi.

Paxta hosili yaxshi bo‘lishida nav ham yaxshi bo‘lishi kerak. Qashqadaryo navi bormi? Janob Ro‘ziyev (Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev - tahr.) esa nav chatoq chiqdi deydi, suv yo‘q deydi. Suv keragidan ortiq bo‘lgan.

Paxta menga kerakmas. Menga paxtani bajarganlaring kerak emas. Odamlarni rozi qilish kerak. Kecha borganim paxta qabul qilish punktiniyam sotamiz, paxtaniyam o‘zlari qilishadi.

Paxtani kalava qilib sotish kerakmas, bunaqa rahbar bo‘lmang. Bunga ruxsat bermayman. Kalava qilish eng og‘ir ish. Biz shunga o‘rganib olgandik. Qo‘shimcha qiymat qilib Xitoyga sotardik.

Mana Bangladeshni qaranglar. Bu davlat bir gektar ham paxta ekmaydi. Lekin paxta mahsulotidan 37 milliard dollarlik eksport qiladi. Hindistondan sifatsiz paxtani olib, O‘zbekiston paxtasi bilan aralashtirib, 37 milliard dollarlik mahsulot eksport qilmoqda», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda kelgusi yili viloyatda paxta yetishtirishni 52 foiz maydonda klaster usuliga o‘tkazish, tayyor mahsulotlar eksportini ikki barobar oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Davlat rahbari Yakkabog‘, Qamashi, Shahrisabz, Kitob tumanlarida 10 ming gektar maydonda uzum, Chiroqchi va Koson tumanlarida 20 ming gektar lalmi yerda tarvuz yetishtirish imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tgan. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqalarga no‘xat, mosh, loviya, kunjut kabi bozorbop mahsulotlar ekish odamlarga ish, qo‘shimcha daromad bo‘lishi ta’kidlangan.

Prezident videoselektor orqali tumanlardagi odamlar bilan muloqot qilib, ularning taklif va istaklarini bajarish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Qashqadaryoda paxtachilikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqid qildi