15:34 / 20.12.2018
3 998

“O‘zbekenergo” hududlarda tez-tez chiroq o‘chish sababini aytdi

“O‘zbekenergo” hududlarda tez-tez chiroq o‘chish sababini aytdi
Kecha, 19 dekabr kuni “O‘zbekenergo” AJ matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha aholi o‘zi televizor va boshqa texnika vositalarini tokdan sug‘irmagani uchun ham elektr toki isrof bo‘layapti ekan. E’tiboringizga tashkilot tarqatgan xabarni o‘zgartirishlarsiz havola etamiz.

– Elektr energiya ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, agar uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul, – deydi “O‘zbekenergo” aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev.

– Misol uchun, bugun aholi farovonligi oshayotganligi sababli har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, konditsioner kabi maishiy texnikalar bor. Ba’zida ulardan foydalanib bo‘lgach, tokdan uzib qo‘yilmaydi. Garchi, ular o‘chirilgan bo‘lsa-da, tok liniyasiga ulangan holda tursa, elektr energiya iste’mol qilaveradi. Birgina oddiy telefon quvvatlagichini olaylik. U tokka ulangan holda kunu tun qolsa, o‘rtacha bir oyda 1,5 kVt.soat, yiliga 18 kVt.soat energiya sarflaydi. Shu bois mamlakatimizda ham xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoatida va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislarning elektr energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida o‘tkazgan o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, hozirda yurtimizdagi har bir xonadonda bir yilda o‘rtacha 400 kVt.soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati bor. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 1,8 milliard kVt. soatga aylanadi.

Taqqoslaydigan bo‘lsak, ushbu tejalgan energiya bilan aholisi o‘rtacha bo‘lgan bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash mumkin. Demak, har bir inson o‘z xonadonida elektrning behuda isrofgarchiligiga chek qo‘yish yo‘li bilan chiroq yetib bormayotgan qancha-qancha xonadonlarga yorug‘lik ulashish imkoni mavjud ekan. Bu ham savobli, ham foydali ishdir.

– Elektr energiyani tejash orqali ekologik barqarorlikka ham munosib ulush qo‘shish mumkin. Misol uchun, 1 kVt.soat elektr ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga 0,6 kilogramm ko‘mir chiqindisi, 0,12 metr kub is gazi chiqadi, – deydi “O‘zbekenergo” aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev. – Demak, har bir iste’molchi xonadonida elektr energiyadan oqilona foydalansa, ham tabiiy ne’matlarni tejashga, ham atrof-muhit musaffoligiga o‘z ulushini qo‘shgan bo‘ladi. Shuningdek, iste’molchini ortiqcha mablag‘ sarflashdan ham asraydi. Iqtisod qilingan mablag‘ jamg‘arib borilsa, ro‘zg‘orning qancha kam-ko‘stini to‘ldirish mumkin.

Mamlakatimizda joriy yil 20 noyabrdan 20 dekabrgacha o‘tkazilayotgan “Elektr energiyasi tejamkorligi oyligi”dan kutilgan maqsad ham jamiyatimizda bu borada yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash, xalqimiz orasida elektr energiyadan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirishdir, – deyiladi xabarda.

Manba: everyday.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “O‘zbekenergo” hududlarda tez-tez chiroq o‘chish sababini aytdi