06:00 / 23.12.2018
5 016

Oliy Majlis deputati o‘ziga nisbatan bosim bo‘layotganini aytdi

Oliy Majlis deputati o‘ziga nisbatan bosim bo‘layotganini aytdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev odamlarning muammolarini hal etishda turli yo‘llar bilan shaxsan o‘ziga nisbatan bo‘layotgan bilvosita bosimlar haqida “XXI asr” gazetasida yozib chiqdi.

Lekin aynan kim, qachon va nima sababdan bosim qilganiga oydinlik kiritilmagan.

“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bir guruh fuqarolarni asossiz sarson qilayotgani, o‘zining yashirin ishlarini prezident qarori bilan xaspo‘shlashga urinayotganini ko‘rib, bu bo‘yicha asosli tushuntirish berishni so‘rab kiritilgan deputatlik so‘rovlariga ayrim mas’ullar e’tiborsizlik qilmoqda”, deb yozadi deputat.

Rasul Kusherbayev 2018 yil 19 sentyabr kuni o‘zining "Facebook"dagi sahifasi orqali “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi bosh direktori Qudratbek Hoshimbekovga deputatlik so‘rovi yuborgan edi.

Ushbu so‘rovda Zangiota tuman hokimligi huzurida tashkil etilgan maxsus komissiya fuqarolarning uy-joy sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha fuqaroga keyinchalik injiniring kompaniyasi va tijorat bankiga taqdim etish uchun yozma tavsiya berishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, ushbu tavsiyaning bir nusxasi talabgor tomonidan dastlabki shartnomani tuzish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun injiniring kompaniyasi filialiga taqdim etilishi lozim edi.

Rasul Kusherbayev 10 kunlik muddatda “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi Toshkent viloyati filiali tomonidan asossiz ravishda hokimliklardan qo‘shimcha hujjat talab qilish amaliyotining yo‘lga qo‘yilgani, fuqarolarning shartnoma tuzish maqsadidagi arizalarini asossiz rad qilib, fuqarolarga nisbatan qo‘pol munosabat ko‘rsatilgani va yolg‘on ma’lumotlar berilgani hamda yuqorida qayd etilgan boshqa holatlar yuzasidan kompaniyaning bosh rahbari sifatida asoslantirilgan tushuntirish berish va mazkur tartibsizliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida batafsil axborot taqdim etishni talab qilgan edi.

8 oktyabr kuni Kusherbayev kompaniya bosh direktori hamda Adliya vazirligi tomonidan so‘rovlar bo‘yicha bir-biridan farq qiluvchi javoblar kelganini yozgandi. Adliya vazirligi yuborilgan so‘rov bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, 2018 yilning 27 sentyabr kuni Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan “Qishloq qurilish invest”ning Toshkent viloyati filiali rahbariyatiga taqdimnoma kiritgan. Xususan, o‘rganishda kompaniyaning viloyat filiali tomonidan hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga rioya etilmayotgani, fuqarolarning qonuniy taqdim etgan arizalarini asossiz rad qilgani, shartnoma tuzmagani va yana bir qator qonunbuzarliklar aniqlangani bildirilgan.

Shuningdek, adliya xodimlari kompaniya filiali mas’ullarining fuqarolardan qo‘shimcha ravishda tuman hokimi tasdiqlaydigan ro‘yxatda bo‘lishini talab qilayotgani, qonuniy yozma tavsiyaga ega fuqarolarning shartnoma tuzishiga to‘sqinlik qilib kelganini bildirishgan. Bunday ro‘yxat hukumatning 103-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarida ko‘rsatilmagan.

Shundan kelib chiqib, Adliya boshqarmasi o‘z taqdimnomasida “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi Toshkent viloyati filiali rahbari T.Turdiboyevdan kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolarning murojaatlarini hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga qat’iy rioya qilgan holda ko‘rib chiqish, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy chora ko‘rish va 10 kun ichida axborot taqdim etishni so‘ragan. Taqdimnoma qanoatlantirilmagan taqdirda Adliya boshqarmasi kompaniyani sudga berishi mumkinligi aytilgan.

Deputat o‘sha postini "Korrupsiyaga munosabat indeksi (The Corruption Perceptions Index)da O‘zbekistonning 180 ta davlat ichidan 157-o‘rinda turishiga bularning hech qanday daxli yo‘q lekin", deya yakunlagandi.

Rasul Kusherbayev mansabdor shaxslarning deputat so‘roviga bepisandlik qilayotganini bot-bot takrorlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy Majlis deputati o‘ziga nisbatan bosim bo‘layotganini aytdi