11:12 / 24.12.2018
5 828

Maddohlar yo‘qolar, maddohlik tugamaydi!

Maddohlar yo‘qolar, maddohlik tugamaydi!
Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya kunida jurnalistlarga tanqidiy maqola va ko‘rsatuvlarni kuchaytirish to‘g‘risidagi so‘zlari “Munosabat” ko‘rsatuvida muhokama qilindi va ancha fikr-mulohazalar aytildi. Tanqidiy fikrlarni kuchaytirish, xato-kamchiliklarni to‘g‘rilash to‘g‘risida ko‘p tanqidiy fikrlar bildirildi. Men anchadan buyon bunday tanqidiy fikrlarni eshitmagan edim. Bu fikrlar juda ko‘plarga yoqmasligi aniq.

Doimo atrofiga besh-o‘nta maddohlarni to‘plab, faqat ularning so‘zlari va maqtovlariga suyanib ish ko‘radiganlar, o‘ylab ish qilishlariga to‘g‘ri keladi. Do‘st achitib aytadi, dushman kuldirib, degan maqol bejizga aytilmagan. Zero Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning oynasi”, deb aytganlar. Mo‘min xatoyimizni aytsa, demak bizning oynamizdir. Kiyimlarimizni oynaga qarab to‘g‘rilaymiz, yuzlarimizni oynada ko‘ramiz. Biz bandamiz, o‘z aybimizni hamma vaqt ham ko‘rmaymiz. Xatolarimizni to‘g‘ri deb mushohada qilamiz. Aslida shundaymi?

Hammamiz xato qilamiz, gunohlarga yo‘l qo‘yamiz. Xato va gunohlarimizni aytgan odamni yomon ko‘ramiz. Chunki bizning qon-qonimizga maddohlik va yolg‘on singib ketdi. Yolg‘on bilan ish bitiramiz. Qilayotgan ishimizning xatoligini bilib turib, Alloh kechiradi, deb gunoh qilaveramiz. Shuni esdan chiqarmangki, Alloh kechiradi, kechiradi ammo kech uradi. U urgach tuzalmaymiz. Shu bois xatoyimizni to‘g‘rilash yo‘liga o‘tib, o‘zimizni isloh qilishimiz kerak. Xatoyimizni gapirgandan maslahat olishimiz, maqsadini bilib, shunga ko‘ra ish qilishimiz kerak. Har bir rahbarni xalq suysin. Xalq suysa, Haq suyadi. Illatlar sindirmasdan burun, o‘zimizni isloh qilaylik.

Bir maddoh, laganbardor bor ekan. Rahbari bilan ovga chiqibdi. Shirakayf rahbarning atrofida girdikapalak bo‘lib yurgan laganbardor, xo‘jayinini turli gap-so‘zlar bilan ko‘nglini ovlab borar ekan, yo‘ldan quyon chiqib qolibdi. Rahbar quyonga qarata o‘q uzibdi. O‘q xato ketibdi. Shunda rahbar laganbardorga qaragan ekan. “Xo‘jayin qoyilman! Haqiqiy mergan ekansiz. Ammo o‘lgan quyonning qochishini birinchi ko‘rishim!”, deb yelkasini qisib, tirjayib turgan emish.

Biz mana shunaqalarni yoqtiramiz. Ozgina xatoyimizni gapirganni azaliy dushman deb bilamiz. Chunki biz o‘zimizni xato qilmaydigan insonman deb, faxrlanishga o‘rganib qoldik. Bizni kibr, manmanlik va shuhratparastlik illati qamrab oldi. Aslida har birimiz men nima xato qildim? So‘zim, ishim va xulqimda nima kamchilik bor, deb so‘rashni o‘rganishimiz kerak. Buning o‘rniga men oliyjanob inson bo‘lsam, men xato qilishim mumkin emas, degan g‘oyaga suyanib qoldik.

Albatta tarix bizning oynamizdir. O‘tgan ba’zi podshoh va amaldorlar do‘st bilan dushmanni ajratolmasdan, maddohlarning gapiga ishonib, xalqni ezib, borini tortib olib, soliqlarni oshiravergach, xalq ularga qarshi bo‘lib, dushmanga vatan darvozalarini ochib berganiga guvohmiz. Hatto Buxoriydek allomai zamonni g‘iybatchi, mansabparastlar hokimga yomonlayverib-yomonlayverib, hokimni ishontirib yurtidan mosuvo qildi.

Zero bir insonni yomonlayversak-yomonlayversak har qanday odam ishonadi. Boburmirzo ham qizilbosh shialarga suyanib katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Oxiri ulardan qochib, Hindistondan panoh topdi. Uni toydirgan, yoshligidan foydalanib qolgan, mol-u mansab ilinjida bo‘lgan maslahatchi va amaldorlar edi. Ular bugun qani? Ularning qurgan uy va saroylari qayerda qoldi? Hammasi yer bilan bitta bo‘ldi. O‘zlari yov qo‘lida halok bo‘lishdi.

Husayn Boyqaroni saroy amaldorlari Navoiyga qarshi tezlashib nimalar qilishmadi? O‘rtada do‘stlik rishtasi uzildi. Maddohlar kelajakda eng buyuk bo‘ladigan bolani o‘ldirishdi. Husaynni xorlashdi. Bu tarix. Bizga katta ibrat bo‘lishi va ajdodlar xatosini qaytarmaslik uchun oddiy insonga tanqid qilishga imkon kerak. Ularni dushman emas, do‘st deb qabul qilish kerak. Shunda barcha amaldorlar baxtli va tinch hayot kechiradilar. Muhtoj, g‘arib, talaba va ulamolarga ko‘mak bersak kerak bo‘lsa, vatan uchun, amaldorlar uchun jonlarini fido qiladilar.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maddohlar yo‘qolar, maddohlik tugamaydi!