07:58 / 25.12.2018
3 484

Yakunlanayotgan yil haqida o‘zbekistonliklar qanday fikrda?

Yakunlanayotgan yil haqida o‘zbekistonliklar qanday fikrda?
Sanoqli kunlardan so‘ng 2018 yil tarixga aylanadi. U O‘zbekiston fuqarolari hayotida qanday iz qoldirdi, odamlar Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida mamlakatda erishilgan sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot haqida nimalar demoqda? “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadqiqotda ana shu savollarga javob izlandi.

Unda respublikamizning barcha hududidan hamyurtlarimiz, turli yosh, kasb, millat vakillari ishtirok etdi. Umuman, ijtimoiy so‘rov shuni ko‘rsatdiki, o‘tayotgan yil barqaror va muvaffaqiyatli kechdi.

To‘siqlarsiz biznes

Respondentlarning 87,4 foizi O‘zbekistonda iqtisodiy faollik sifatli o‘sishining yangi davri boshlangan, deb hisoblashadi. Ularning fikricha, bu boradagi tub ijobiy o‘zgarishlar, birinchi navbatda, mamlakat Prezidenti faoliyati, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan iqtisodiy va siyosiy islohotlar bilan bog‘liq.

Bu zamonaviy tahdidlar va xatarlarga javob berish, har bir fuqaro, butun jamiyat manfaatlari amalga oshirilishini ta’minlashga qodir davlat boshqaruvi tizimini yaratishga xizmat qildi.

So‘rovda qatnashganlarning 82,1 foizi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ma’muriy to‘siqlarni yo‘qotish, xususiy tadbirkorlikning jadal ravnaqi yo‘lidagi g‘ovlarni olib tashlash, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha ro‘yobga chiqarilayotgan kompleks chora-tadbirlar muhim ekanligini ta’kidlashdi.

Qonun ustuvorligi

O‘zbekistonliklarning 96,3 foizi sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoyalash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda ma’qullaydi. Xususan, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan hamda tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslar, jumladan, yoshlar va ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitalari kafilligi bilan jazodan ozod etildi. Fuqarolarning fikricha, mazkur o‘zgarishlar o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan insonparvarlik fazilatlariga mos keladi, bu rahm-shafqatga muhtoj insonlarga olijanoblik ko‘rsatishga bo‘lgan intilish namunasidir.

Kuchli ijtimoiy himoya

Uy-joylar qurish, shahar va qishloqlarni obod qilish, aholining qulay turarjoylarga bo‘lgan ehtiyojini imtiyozli kreditlar berish yo‘li bilan ta’minlash joriy yil ijtimoiy sohada qo‘lga kiritilgan eng muhim yutuqlardandir. Yurtdoshlarimizning 81,4 foizi ana shunday fikr bildirgan.

Tadqiqotda ishtirok etganlarning 78,1 foizi amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari aholining uy-joy hamda sotsial muammolarini hal etishga turtki berganini aytib o‘tdi. Suv ta’minoti, yo‘llar, elektr tarmoqlari, gaz quvurlarini qurish, ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bolalar bog‘chalari, maktablar, tibbiyot, sport, madaniyat muassasalarini rekonstruksiya qilish, ta’mirlash shular jumlasidandir.

Fuqarolar aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ehtiyojmand oilalar, imkoniyati cheklangan insonlarga moddiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni ijobiy baholashyapti.

Respondentlarning 61,8 foizi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, huquq hamda manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar natijalariga yuqori baho berishdi. 54,4 foizi esa 2018 yilda ularning moddiy ahvoli yaxshilangani, oila byudjetiga pul tushumlarining umumiy hajmi o‘sganini qayd etdi. Tadqiqotga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning daromadi oylik ish haqlari (78,2 foizi), pensiya ko‘payishi (53,3 foizi), tomorqasida yetishtirgan hosili, chorva mollari, parrandalari, sut mahsulotlarini sotishdan olgan foydasi (50,2 foizi), tadbirkorlik, fermerlik faoliyatidan olingan daromadlarining o‘sishi (26,2 foizi) hisobiga ortgan.

Tadqiqotda yana shu ayon bo‘ldiki, o‘tayotgan yilda daromadlar qatori fuqarolarning xarajatlari va ehtiyojlari ham oshgan. Odamlar ta’lim olish, sog‘lig‘ini asrab-avaylash, madaniy tadbirlarga borish, shuningdek, oilaviy marosimlar o‘tkazishga ko‘proq mablag‘ sarflay boshlagan. Ayni chog‘da oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon sotib olish, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar, davolanish, OTMda o‘qishga kontrakt to‘lash xarajatlari ko‘paygan.

Ta’lim

2018 yilda ta’limning barcha bo‘g‘inidagi muammolarni hal etish, jamiyatda pedagoglar maqomi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini mustahkamlashga qaratilgan samarali chora-tadbirlar bajarildi. Respondentlar fikri shunday.

Hamyurtlarimiz ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy va innovatsion pedagogik uslublar, shuningdek, AKTni joriy etish, o‘quv dasturlari, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan hamda ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish bo‘yicha tashlanayotgan qadamlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Qolaversa, ular yurtimizda yangi oliy o‘quv yurtlari, xorijdagi mashhur universitetlar filiallari ochilayotgani, qabul kvotalari ko‘paytirilgani, turli yo‘nalishlarda sirtqi bo‘limlar tashkil qilinganini ijobiy holat sifatida e’tirof etishdi.

Pragmatik tashqi siyosat

“O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi oshishi, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro foydali va konstruktiv hamkorlikning har tomonlama rivojlantirilishi joriy yil tashqi siyosat sohasida erishilgan asosiy muvaffaqiyatlardir”, — deya fikr bildirgan fuqarolarning 88,9 foizi. Respondentlar Prezidentimizning qo‘shni mamlakatlar, dunyodagi yetakchi davlatlar rahbarlari, BMT, MDH, ShHT, IHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan faol muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbuslarini yuqori baholashmoqda. O‘zbekistonning yaqin va uzoq xorijdagi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnik sohalardagi hamkorligi kengayib borayotir.

So‘rovdan ma’lum bo‘ldiki, jamiyatda millatlararo hamda dinlararo bag‘rikenglik o‘sib boryapti. Ishtirokchilarning 99,2 foizi davlat siyosati millatlararo va fuqarolar o‘rtasidagi hamjihatlikning asosi, deb biladi.

Odamlarni nima tashvishga solmoqda?

Tadqiqot davomida eng dolzarb muammolar ham aniqlandi. Misol uchun, so‘rovda qatnashganlarning 62,7 foizi bandlik va ishga joylashish, samarali mehnat bozorini yaratish masalalarini yechishni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Aholining uchdan bir qismini kommunal xizmatlarga belgilangan yuqori narxlar, migratsiya darajasining o‘sishi, ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi tashvishga solayotir.

Umuman olganda, jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, mamlakat aholisining aksariyati, ya’ni 95,6 foizi Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarni ma’qullaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, ular mamlakatni yanada rivojlantirish hamda yangilash, jamiyatda o‘zaro hurmat, millatlararo va fuqarolar o‘rtasidagi hamjihatlik muhitini yaratish, har bir fuqaro huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgandir.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi materiallari asosida
S. QOSIMJONOV tayyorladi.

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yakunlanayotgan yil haqida o‘zbekistonliklar qanday fikrda?