07:31 / 25.12.2018
3 143

Shavkat Mirziyoyev Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlanadi

Shavkat Mirziyoyev Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlanadi
Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari rahbarlari, shuningdek, Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasi rahbarlari va a’zolari, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning kasaba uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov, Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi prezidenti Mixail Shmakov, Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi vitse-prezidenti, MDH o‘rmon xo‘jaligi tarmoqlari xalqaro kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Viktor Karnyushin va boshqalar kasaba uyushmalari faoliyatida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash inson huquq va manfaatlarining muhim omili ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda jamoa shartnomasida xodimlar ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida belgilangan tadbirlarni bajarish uchun respublika bo‘yicha bir nafar xodimga sarflangan mablag‘ miqdori o‘rtacha 2,9 million so‘mni tashkil etmoqda. Xodimlar mehnatiga munosib ish haqi to‘lanishi, xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishi, ular mehnati va salomatligini muhofaza qilish masalalari ham kasaba uyushmalarining doimiy diqqat markazida bo‘lmoqda.

– Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishi mamlakatimizda o‘tkazilishi katta ahamiyatga molik, – dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova. – Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va federatsiya faoliyatiga berilgan yuqori bahodir.

Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan batafsil tanishtirildi. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga urg‘u berildi.

– O‘zbekiston kasaba uyushmalarining qonun ijodkorligi sohasidagi ishtiroki, bandlikni ta’minlashga ko‘maklashish, mehnatni muhofaza qilish, mehnatkashlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, aholi bilan qayta aloqani yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlaridagi faoliyati diqqatga sazovordir, – dedi Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi bosh kotibi Vladimir Sherbakov. – Mamlakatingizda kasaba uyushmalariga birlashish erkinligi to‘la ta’minlanayotgani, mehnat jamoalarida jamoa shartnomalarining amal qilayotgani, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining yetakchi kasaba uyushma harakatlari bilan xalqaro hamkorligi rivojlanayotgani yaxshi samara beradi.

Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” faxriy oltin nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi taklif kiritildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi mehnatkashlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, umummilliy miqyosda ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, O‘zbekiston kasaba uyushmalari nufuzini oshirish borasidagi ulkan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” faxriy oltin nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Sayyor yig‘ilishda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasini Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va ushbu masala bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlanadi
[/banner_pushhouse