17:14 / 26.12.2018
3 562

Ombudsman qamoqxonalar ustidan nazorat olib boradi

Ombudsman qamoqxonalar ustidan nazorat olib boradi
Ombudsman qamoqxonalar va shaxs o‘z erki bilan tark eta olmaydigan boshqa joylar ustidan nazorat olib boradi. Qonunchilik palatasi deputatlari 25 dekabrda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanga tegishli vakolatlarni beradigan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar.

Qonun loyihasida Ombudsman quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

-qamoqda saqlash joylariga kirganida u yerda saqlanayotgan shaxslar soni haqida ma’lumot olish;
-ularni saqlash sharoitini o‘rganish;
-qamoqda saqlash joylaridagi shaxslar bilan xoli uchrashish;
-bunday joylarda shaxsni saqlashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishib chiqish;
-qamoqda turgan shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni talab qilish;
-qamoqda saqlash joylari ma’muriyatining qonunga zid harakati (harakatsizligi)ning oldini olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rish;
-shaxslarni qamoqda saqlashning sharoiti haqida o‘z xulosasini tayyorlash va uni tegishli organlarga yuborish;
-qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish.

Shuningdek, qamoqda saqlash joylaridan tashqari, shaxsning o‘z erki bilan tark eta olmaydigan boshqa joylarga ham Ombudsman kirib borishi mumkin. Bunday joylarga shaxsni sud yoki boshqa vakolatli organ qarori bilan joylashtiriladigan turli internat muassasalari, ijtimoiy xavfli kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash va saqlash muassasalari, psixiatriya muassasalari va boshqalar kiradi.

Ombudsman Kotibiyatida qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olishda Ombudsmanga ko‘maklashish sho‘’basi tuziladi. Ombudsman ekspert guruhi a’zolari va Kotibiyat xodimlariga qamoqda saqlash joylariga kirish bo‘yicha yo‘llanmalar beradi.

Bundan tashqari, qonunda mansabdor shaxslarning Ombudsman oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 197-4-modda kiritish va unda Ombudsmanning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Ushbu qonun O‘zbekistonda “milliy preventiv mexanizm” institutining joriy etilishiga zamin yaratadi. Ya’ni, Ombudsman tomonidan doimiy ravishda qamoqda saqlash joylariga kirish yo‘li bilan qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olish choralari ko‘riladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ombudsman qamoqxonalar ustidan nazorat olib boradi