14:20 / 27.12.2018
12 975

Noqonuniy hujradagi bachchabozlik va zo‘rlangan bolalar haqida

Noqonuniy hujradagi bachchabozlik va zo‘rlangan bolalar haqida
Rivoyatga ko‘ra, qadimda bir boy bo‘lgan ekan. Uning nafsi kuchli bo‘lib, ko‘ngli tusagan narsadan tatib ko‘rarkan. U yashagan qishloqda bir sirli ko‘l bor ekan. Ko‘lda baliq ko‘p, lekin baliqlar bir kun zaharli, bir kun zaharsiz bo‘larkan. Biroq qaysi kuni zaharsiz bo‘lishini kimsa bilmas ekan. Nafsiga qul bo‘lgan boy shu baliqdan yegisi kelibdi. Xizmatkoriga tuttirib baliqni pishirtiribdi. Yeyishga kelganda hayoti ko‘z oldidan o‘tib o‘ylanib qolibdi. Shu vaqtda uyi eshigini tilanchi taqillatibdi. Boy o‘zicha u yesa, tirik qolsa, keyin baliqni yeyman deb unga pishirilgan baliqdan beribdi. Tilanchi rahmat aytib yo‘lda davom etibdi. Ovozi uzoq vaqtgacha eshitilib turganidan so‘ng, boy gado o‘lmadi, endi yesa bo‘ladi deb baliqni paqqos tushiribdi. Bir ozdan so‘ng, eshik taqillabdi. Boy eshikni ochibdi. Ostonada tilanchi turardi.

«Nega kelding?», – deb hayron bo‘lib so‘rabdi.

«Men baliqni o‘zing yegan-yemaganingni bilish uchun keldim. Agar ular zaharsiz bo‘lsa, ularni yemoqchi edim», – deb aytibdi.

Shu vaqtda zahar tanaga tarqab boy til tortmay halok bo‘libdi.

Oramizda shunday insonlar borki, nafsi yo‘lida din va qonun taqiqlagan ishlarni qilishdan ham qaytmaydi. Eng razil, do‘zax va’da qilingan ishlarni qilishdan ham tap tortishmaydi. Undaylar hatto esini tanimagan, ulg‘aymagan bolalarga bachchabozlik qilishdan ham qaytmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, u o‘smirlik yoshida bobosining yaqin do‘sti bo‘lgan bir kitob sotuvchi tomonidan jinsiy aloqaga undalgan. Bu ish hissiyotlari endi rivojlanayotgan bolaga yoqib tushadi. Bu holat bir necha bor takrorlanadi. Keyin to‘satdan bu ishni bas qilishadi.

D. ismli bu shaxs ulg‘ayib oila quradi. Farzandlari tug‘iladi. Afsus, o‘rgangan dil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, bu ishni yana takrorlaydi. Yoshligida Qur’oni karim ma’nolarini tushunmay ko‘r-ko‘rona yodlaydi. Shu ilmidan foydalanib, 2003 yilda noqonuniy hujra tashkil etadi. Yosh bolalarga dars bera boshlaydi. O‘zining tushuntirishicha, bu holat yillar davomida bir necha marta takrorlangan. Bolalarning aksariyati bir marta shu holat bo‘lganidan so‘ng darslarga qaytmagan. Qo‘rqib hech kimga aytishmagan. O‘tgan yillar davomida bu shaxs noqonuniy hujra sabab bir necha bor ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan.

Ko‘pchilikka ma’lum, joriy yilda respublika bo‘ylab Qur’on musobaqalari tashkil etildi. Aybdor ham hifz (ya’ni Qur’ondan ma’nosini aytmay suralarni yoddan o‘qish) yo‘nalishi bo‘yicha musobaqada qatnashadi va sovrindorlardan biri bo‘ladi.

Ba’zi ota-onalar esa farzandlarini islom ilmini o‘rganadi deb unga o‘z qo‘llari bilan olib kelib, ishonib topshirishadi. Keyinroq noqonuniy hujra tashkil qilgani uchun sud hukmi bilan aybdor deb topilgan D. bu vaziyatdan unumli foydalanadi. U 5 bolani tarbiyasiga olgandi. Ilm berish bahonasida bu qabih ishlarini bir necha bor takrorlaydi. Ularga o‘zi ham shu yo‘ldan o‘tgani, bu ishni qilish lozimligini ko‘p bora aytib uqtiradi. O‘tgan vaqt mobaynida jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirib yuradi.

Keyinchalik tergov davomida ish yuzaga chiqadi. Sud bolalar manfaatida yopiq tarzda o‘tkaziladi. D. guvohlar, dalillar va o‘zining ko‘rsatmalari asosida jazosini oladi. U tegishli jinoyat kodeksi moddalari bilan aybdor deb topilib, 15 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.

Biz undan bir necha marta «Sizga bosim o‘tkazilmadimi, shu ishlarni chindan ham qilganmisiz? Agar yolg‘on bo‘lsa ayting, ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga yordam beramiz», dedik. Biroq u shu ishlarni chindan ham qilganini tan oldi va juda afsusdaligini bildirdi. Oxiratda Allohdan gunohini mag‘firat qilishini kecha-yu kunduz so‘rashini aytdi. Alloh o‘zi kechirsin.
Shundan so‘ng, Namangan shahrida joylashgan «Hazratillo Angor» masjidi xodimi bilan mazkur masala to‘g‘risida suhbatlashdik.

«Alloh Taolo yaxshi amallarni ulug‘lab, savobi ikki dunyoda ham berilishini aytgan. Hamda insoniyatga to‘g‘ri kelmaydigan qabih amallarni (besoqolbozlik, bachchabozlik) qoralab, bunday qilmishlar uchun do‘zaxni va’da qilgan. Bunday ishlarni payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. ham qoralagan.

Tarixda mazkur ishlarni qilgan qavmlar qattiq azobga duchor etilgan. Ko‘pchilikka ma’lum, islom tarixida Lut alayhissalom payg‘ambar yashab o‘tgan. O‘sha vaqtlar uning qavmida shunday ishlar avj oladi. Erkaklar erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishi ko‘payib ketadi. Yosh bolalarning nomusiga tegish holatlari ko‘payadi. Hattoki, erkaklar ayollarga qaramay qo‘yadi. Lut payg‘ambar bir necha marta bu ishni qilmaslikka chorlasa ham fahsh ishlari ko‘paysa ko‘payadiki kamaymaydi.

Shunda Alloh tomonidan ikki azob farishtalari yuboriladi. Lut va bir necha iymonli insonlarga shahardan ortiga qaramay chiqib ketish buyuriladi. Ular chiqib ketayotganlarida shaharni dahshatli chinqiriq qamraydi. Hamma joy ostin-ustun etiladi. Birorta tirik jon qolmaydi. U yer tekis maydonga aylanadi. Qavm Allohning azobiga giriftor etiladi.

Bu – bizning dunyoda berilgan azob. Oxirat azobini esa tasavvur qilish qiyin. Oxiratda mana shunday yosh bolalarning ojizligidan foydalanib o‘z jinsiy ehtiyojini qondirgan insonga Allohning la’nati yog‘iladi», – deydi mutaxassis.

Yosh avlod niholga o‘xshaydi. Biz ota-onalar esa bog‘bon. Ularni asrab-avaylash bizning qo‘limizda. Qilayotgan ishimizning oxirini o‘ylasak, nihollarimiz yaxshi o‘sadi. Bizga meva beradi. Davlat barcha tomondan hisoblab, qonun bilan taqiqlagan ishni qilgan ota-onalar o‘zingiz sezganingizdek azobda o‘tiribdi. Hatto biri o‘z bolasidan jirkanishni boshlagan. Vaholanki, bunga o‘zi sababchi. Soatlab bolasini nazoratsiz qoldirgan, islomiy ilmi to‘liq bo‘lmagan, suralarni ma’nosini tushunmay yodlagan vahshiyga bolasini ishonib topshirgan. U esa imkoniyatdan foydalanib aqlini tanimagan bolada o‘z jinsiy ehtiyojini qondirib yurgan. Endi kelajakda bu bolalarning taqdiri nima bo‘ladi? Farzand tarbiyasida befarq bo‘lmaylik, aziz vatandoshlar.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Noqonuniy hujradagi bachchabozlik va zo‘rlangan bolalar haqida