17:34 / 15.01.2019
5 109

Televizor bizdan nimani olib qo‘yyapti?

Televizor bizdan nimani olib qo‘yyapti?
“Televizor tafakkuri zaif, mutolaa va mulohazadan mahrum odam uchun ixtiro qilingan afyundir”, degan edi o‘tgan asrlarda yashab o‘tgan turk adibi Jamil Merich. Bu ishtiboh o‘lkalarda faqat bittagina telekanal faoliyat ko‘rsatadigan, sanoqli ko‘rsatuv va filmlar, kunning ma’lum bir paytida namoyish etiladigan, kishilar bugungidek ekran qarshisiga “mix”lanmagan o‘tgan asrda ishlatilgan. Bu iborani alam bilan ta’kidlagan usta ijodkor bugungi holimizni, sutkaning yigirma to‘rt soati tinimsiz ishlaydigan televizoru telekanallarga qaramligimizni ko‘rganida nima degan bo‘lardi?

Mulohazalarimiz avvalida ta’kidlab qo‘yish huquqimiz: televizorni butkul qoralab, unga qarshi urush e’lon qilmoqchi emasmiz! Zotan, me’yorni bilgan inson uchun televizorning zararidan ko‘ra foydasi ko‘proqdir. Tamaddun mahsulining bari insoniyat uchun Allohning ne’mati sanaladi. Jumladan, televizor ham ijtimoiy-ma’naviy sohalarda insonlarning beminnat yordamchisi. Ammo ta’kidlanganiday, oqilona foydalanishni bilgan oqil uchun foydali. Ammo taassufki, bugun ahvol boshqacha. Bugun xususiy telekanallarda tinimsiz aylanayotgan maza-matrasiz qo‘shiqlarga ishlangan kliplar, g‘ayrumashru’ oshiq-ma’shuqlikni targ‘ib qiladigan xorijiy seriallarga qattiq bog‘lanib qolganmiz.

“Yigirma yilda oilada berilgan tarbiyani 5 daqiqalik klip, 30 daqiqalik serial buzar ekanmi?!” deya og‘zimizga urishga shaylangan qadrdon, so‘zimizni bo‘lmay turing, o‘zimizni nima qilsak qildik, fitrati musaffo go‘daklarimiz ham biz bilan birga o‘sha serialu kliplarga termulib tomosha qilyapmiz. O‘zimiz yetmagandek, shu murg‘akkinalarning ham qalbini kirlatishdan chekinmayapmiz. Gap tarbiya haqida ketganda esa “Ota-ona bolani dunyoga keltiradi, xolos. Uni televizor tarbiyalaydi” degan tushunchani haqli sanashga majburmiz. “Bu bolalarning kelajagi nima bo‘ladi?”, “Bizning bolaligimiz bunday emasdi-ku?” deyotgan ota-onalar bilib qo‘ysinlar-ki, bundan 20-25 yil oldingi bolalar televizorning salbiy ta’siridan bugungidek zararlanmagandilar. Hatto bugunning ota-onalari orasida bolaligida televizor ko‘rmaganlar ham uchraydi. Avvallari bolani ota-ona tarbiyalardi, hozir bu vazifa televizorga yuklangan. Agar buni tarbiya deyish mumkin bo‘lsa, albatta.

Televizor bola tarbiyasi bilan birga ko‘pgina go‘zal urf-odatlarimizga ham rahna soldi. Mehmonlar avvalgidek izzat-hurmat qilinmayapti. Mehmonlarni uyga qabul qilamiz, hol-xotir so‘raymizu, dasturxonga da’vat qilib yo serial tomosha qilamiz, yoki film ko‘ramiz. Uch-to‘rt og‘iz suhbat ham yo futbol o‘yini yoki serial qahramonlari hayoti haqida bo‘ladi. O‘zaro muloqotlar orqali mustahkamlanadigan qo‘ni-qo‘shnichilik va qarindoshchilik munosabatlari kinoteatrlarga yo‘l olganlarning muhabbati bilan cheklanib qoladi.

Xonadon muhiti-chi? Bu – farzandingiz ulg‘ayadigan muhit! Bir gul, bir niholni o‘stirar ekan inson tuproqqa ahamiyat beradi, majbur ham bunga zotan. Gul ekayotganda axlatxonaga yaqin joyni mo‘ljallaysizmi? Gul o‘stirish uchun balchiq va unumsiz yerga mehnat sarflaysizmi? Bolangiz ulg‘ayadigan muhitning hidiniyam, boriniyam-yo‘g‘iniyam siz tanlaysiz. Bugun afsuski, aksariyat oilalarning muhiti kinoteatrga aylangan.

Ruhiy muammolar
Multfilmlar biz o‘ylaganchalik “ma’sum tomosha” emas. “Disney Lend” multfilmlarining bari, jumladan Tom va Jerri ham bolalar ongiga ta’sir qiladi. Mediyada namoyish qilinayotgan multfilmlarning aksariyatida g‘arb madaniyati targ‘ib qilinadi. Dunyoda ikki asosiy madaniyat mavjud, aslida; sharq va g‘arb madaniyati. G‘arb madaniyati qanday bo‘lsa-da, erishish, boshqaruvni qo‘lga kiritish, hukmron kuchga aylanish istagidagi xudbinlikni targ‘ib qiladi. Sharqona madaniyat esa bahamjihatlik va adolatga tayanadi. Har qanday madaniyat yoyilgan hududida o‘ziga xos muhitni shakllantiradi. Shu jumladan multfilmlar ham.

Jismoniy muammolar
Televizorning insonga yetkazadigan jismoniy zararlari haqida juda kam gapiriladi. Aksariyatimiz bilganimizdan ko‘ra ko‘p zarar yetkazadi televizor insonga. Bosh miyaga giyohvand modda ta’siriga o‘xshash ta’sir ko‘rsatishini dalolat qiladi tadqiqot natijalari. Inson bu texnikaning qarshisida bir necha soat qanday turishi mumkin? Ilmiy izlanishlardan bu savolimizga javob topishga harakat qilamiz. Bolalar harakatchan bo‘ladi. Bir joyda o‘tirmagan, gapga quloq tutmagan, onasi uy yumushlariga unnayotganda yonida o‘ralashgan, tug‘ishganlari bilan tinimsiz janjallashgan bola televizor qarshisiga kelib tinchib qolishiga nima sabab? Televizor insonni “mixlab” qo‘yadi. Radio faqat eshitilgani uchun televizor bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Televizor qarshisida o‘tirgan, tomosha qilayotgan dasturiga sho‘ng‘ib ketgan odamni ko‘rganmisiz?

Germaniyalik psixolog shunday deydi: “Bir soat televizor tomosha qilgan odamning xotira tanballigini yo‘qotish uchun, o‘sha odam bilan bir hafta davomida “xotira mashqlari” olib borish kerak bo‘ladi”. Televizor tafakkurni o‘tmaslashtirib, ko‘radigan ammo mulohaza qilmaydigan kishilarni ko‘paytiradi. “Bolalarimiz faqat bolalar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tomosha qiladi” degan bahona bilan o‘zingizni aldamang. Bolalar multfilmlar orasidagi reklamalardan ham salbiy ta’sirlanib, ommaviy madaniyat qurboniga aylanyapti.

Psixolog Yuriy Bronfenbrenner televizor haqida shunday deydi:
“Televizor insonni insoniy xislatlardan uzoqlashtiradi”.Bu gap “Televizor bo‘lmasa nimalarga erishardik?” degan mulohazali savolni o‘rtaga tashlaydi. Chindan ham hech shunday o‘ylab ko‘rganmisiz? Bugundan boshlab uyingizda televizor bo‘lmasa turmushingizda nimalar o‘zgaradi? Siz nima qilardingiz? Eringiz yoki xotiningiz nimalar bilan mashg‘ul bo‘lardi? Bolalaringizning vaqti qanday o‘tadi? Tafakkurga undovchi savollar, shunday emasmi?

2005 yil o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, aholi bir kunda 3,5 soat televizor tomosha qilar ekan. Keling, shuni uch soat deb olamiz. Bir kunda uch soat televizor tomosha qilgan kishi, bir yilda 1095 soat televizor tomosha qilgan bo‘ladi. Bu bir yilda 45 kundan ortiq degani. Bir kunda uch soat televizor tomosha qilgan kishi yetmish besh yil umr ko‘rsa, hayotining to‘qqiz yilini televizor qarshisida o‘tkazgan bo‘ladi. Aksariyat uy bekalari uch soatdan ko‘proq vaqtini televizor qarshisida o‘tkazishini juda yaxshi bilamiz.Bir kunda olti soat televizor ko‘rgan kishi yetmish besh yil umr ko‘rsa, hayotining 18 yilini televizor qarshisida o‘tkazgan bo‘ladi.

Dahshatli raqamlar, shunday emasmi? Bir inson, bir oila va bir millat uchun juda katta yo‘qotish bu raqamlar. Vaqt – insonning eng qimmat xazinasidir aslida. “Behuda o‘tgan vaqt isrof emas, joniga qasd qilishdir” deya o‘ylagan odam vaqtning qadrini anglagan bo‘ladi. Davrimizga kelib vaqtni behuda o‘tkazishni ko‘pchilik oddiy qabul qiladigan bo‘ldi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bekor o‘tirgan kishiga hatto salom bermay o‘tganlarini hammamiz bilamiz. “Yo‘qotish” deganda faqat vaqt yo‘qotishni tushunmagan ma’qul. Televizor qarshisida o‘tgan uch soatni foydali mashg‘ulotlarga sarflash haqida o‘ylasak-da. Masalan, bir kunda uch soat kitob o‘qilsa? O‘rtacha olganda, bir kunda uch soat kitob o‘qigan litsey o‘quvchisi bir yilda universitetni tamomlagan inson kabi madaniyat va ma’rifatga ega bo‘lishi mumkin. Bir kunda uch soat davomida xorijiy til bilan mashg‘ul bo‘lsa, bir yilda o‘sha xorijiy tilni mukammal o‘rganishiga filologlar kafolat beradi.

Mediya va bola mavzuida Abdurrahmon Oqtosh shunday deydi:
“Bugun televideniye orqali namoyish qilinayotgan filmlar, serial va ko‘ngil ochar dasturlar uchun hech kim pul to‘lamaydi. Televizordagi filmlarni kinoteatrlarda ko‘rishga to‘g‘ri kelsa, bir oylik maoshimiz ham yetmaydi. Teatr tomoshasi, kino uchun to‘lov boru, televizor uchun hech qanday to‘lov yo‘q. Buncha narsani nega tekinga namoyish qilishadi? Demak, insonlardan juda qadrli narsani olmay turib, tekin namoyish qo‘ymaydilar. Televizor orqali insonlarning erkinligi, miyasi, o‘y-xayollari va oldi-sotdisini boshqarayotganlari uchun hamma narsa tekinga berishadi...”
Umida ADIZOVA tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Televizor bizdan nimani olib qo‘yyapti?