20:50 / 15.01.2019
5 897

O‘zbekistonda Ka’baning yopinchig‘idan parcha bor (foto)

O‘zbekistonda Ka’baning yopinchig‘idan parcha bor (foto)
Foto: «Samarkandskiy vestnik»
«Samarkandskiy vestnik» viloyat gazetasida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondi bosh mutaxassisi Gulruh Raxmatova maqola e’lon qilindi. Maqolada Ka’baning yopinchig‘idan bir parcha mato hozirda mamlakat muzeylaridan birida saqlanayotgani haqidagi aytilgan. Maqola quyida to‘lig‘icha berildi.

Samarqand muzey-qo‘riqxonasining fondida uzoq yillardan beri saqlanadigan eksponat – qabr po‘sh e’tibordan chetda qolayotgandek.
Fondga qabul qilinadigan buyumlar qayd etilgan kitobda «Qabr po‘sh – Ka’ba ustiga yopilgan, arab yozuvlari tushirilgan qora matoning parchasi» deyilgan.

Inventar qaydlar kitobida ham u Saudiya Arabistoni, Makkadan keltirilgani yozilgan. Ushbu mahsulotni 1933 yil 13 avgustda ekspeditsiya o‘tkazayotgan Samarqand muzeyi ilmiy xodimlari G.P. Snesarev va M.S. Yusupov Buxoro shahridagi temir yo‘l stansiyasida fuqaro F. Shukurboyevadan 30 rublga sotib olishgan.

Foto: «Samarkandskiy vestnik»
Ushbu eksponatni qaydlar kitobiga kiritilayotganda uning nomi noto‘g‘ri talqin qilingan bo‘lishi mumkin – qabr po‘sh va ka’bapo‘sh talaffuzi jihatidan deyarli bir xil, ammo ular turli ma’nolarga ega.

Qabr po‘sh (qabr ustiga yopiladigan yopinchiq) – Markaziy Osiyo xalqlarining dafn marosimidagi udumlaridan biri. «Ka’bapo‘sh» so‘zi esa tilga olinmagan.
Ko‘p yillar davomida mazkur eksponat Shohizinda qabristonida 1965 yildan 1989 yilgacha faoliyat yuritgan din va ateizm tarixi muzeyida namoyish etilgan. Faqat Samarqand muzey-qo‘riqxonasining mablag‘larini to‘liq inventarizatsiya qilishning so‘nggi yillaridagina bu eksponat to‘g‘ri ta’riflangan.

Ka’bapo‘sh yoki kisva (arabchada kisvat al-ka’ba — Ka’baning yopinchig‘i hisoblangan) – Ka’ba ustiga yopilgan «qora shoyi mato» bo‘lib, unga «Ka’ba Makka ahli uchun bino qilingan birinchi uydir. U tinchlik-omonlik va ezgulik yo‘lida qurilgan» degan oyat va Qur’ondan keltirilgan suralar yozilgan.
Yopinchiq har yili haj marosimidan oldin, ya’ni islom taqvimiga ko‘ra Zulhijja oyining 10-sanasida yangisiga almashtiriladi. Ka’baning ustiga yopinchiq tashlash odati islom dinining paydo bo‘lishidan oldin ham bo‘lgan deb hisoblanadi.

U paytlar butparast arab qabilalari Ka’bani hayvon terisi bilan yopishgan. Ba’zi manbalar Ka’ba ustini yopish odatini Muhammad Payg‘ambarning katta bobosi Adnan bilan bog‘laydi.
Qizig‘i shundaki, onasi vafot etgan Muhammadni olti yoshidan tarbiyasiga olgan bobosi Abd al-Mutallib va amakisi Abu Tolib islom dini paydo bo‘lgunicha butparastlarning ibodatxonasi hisoblangan Ka’baning qo‘riqchilari bo‘lgan.

Boshqa bir afsona esa Ka’bani mato bilan yopish odati himyoritlar shohi Asad al-Komildan boshlangan deydi.
Bir nechta olimlar birinchi kisva Ismoil payg‘ambar tomonidan qilinganini tasdiqlaydi. Lekin juda ko‘p manbalar ushbu an’anaga Yaman shohi Tuba asos solgan deydi.

Islom davriga kelib, Ka’ba bir vaqtning o‘zida bir qancha yopinchiqqa ega bo‘ldi. Chunki eski yopinchiqlar uning ustidan olib tashlanmagan edi. Bu holat hijriy 160 yilda Abbosiy xalifa al-Mahdiy Ka’bani ziyorat qilmagunicha davom etgan. Ibodatxonaning qo‘riqchilari va xizmatchilari xalifaga murojaat qilib, Ka’ba ustma-ust qo‘yib tashlangan bunchalik ko‘p yopinchiqni ko‘tara olmay, nurab tushishidan xavotirda ekanliklarini aytgan. Shundan so‘ng xalifa Ka’bani ustiga bittadan ortiq yopinchiq yopmaslikni buyurgan. Xalifa al-Ma’mun davrida esa Ka’baning yopinchig‘i bir yilning o‘zida uch marta almashtirilgan: haj oyining 8-sanasida qizil kisva bilan, Rajab oyining 1-sanasida oq gabat bilan, Ramazon oyining 29-sanasida qizil parcha bilan yopilgan.

Keyinchalik abbosiy xalifa an-Nozir Ka’bani yashil mato bilan yopishlarini buyurgan. Biroz vaqt o‘tib esa, xalifa an-Nozir bu rangni qoraga almashtirishga qaror qilgan va shundan keyin hozirgi kungacha bu rang o‘zgarmagan.

Muhammad Payg‘ambar davrida kisva Yamanda tayyorlangan. Xalifa Umar I davriga kelib, Misrda tayyorlanadigan bo‘ldi. 1932 yilda Saudiya Arabistonining tashkil topishi bilan, saudiya qirollari Makka va Madinadagi masjidlar qurilishiga e’tibor qaratar ekan, Ka’baning yopinchig‘i mamlakat ichida tayyorlanishi kerak degan qarorga keldi.

To‘qimachilik fabrikasida faqat erkaklar ishlaydi. Ushbu zavod yiliga ikkita yopinchiq-choyshab ishlab chiqaradi, ulardan bittasi zahira hisoblanadi.
Eski kisvani Ka’baning ustidan olishgach, bo‘laklarga bo‘lib, haj safariga kelganlarga esdalik sifatida tarqatiladi. Muzey fondidagi o‘sha kisva ham aslida haj ziyoratidan keltirilgan parchalardan biri.

O‘rnatilgan tartiblarga binoan, yopinchiq qora rangli tabiiy shoyi matosidan tayyorlanishi kerak. Uzunligi 14 metr. Yopinchiqning yuqori qismidagi uchdan bir qismi 95 santimetr kenglikdagi belbog‘ hisoblanib, unga Qur’on suralari yoziladi va islomiy naqshlar bilan bezatiladi.

Bularning hammasi tilla ipdan tikiladi. Belbogning umumiy uzunligi 47 metr. Har bir yopinchiq uchun 736 kilogramm shoyi ip kerak bo‘ladi. Ip sexga tabiiy rangida keltiriladi va o‘sha yerda bo‘yaladi. Kisvaning ustki qavati qo‘lda to‘qiladi.
Kisvaning alohida qismlari tayyor bo‘lgach, yaxlit yopinchiq holatiga keltirish uchun hamma qismlar qo‘shib tikiladi. Yozuvlar matni hech qachon o‘zgarmasa-da, bir qator rassom va xattotlar tomonidan naqsh va yozuv uslubiga o‘zgartirishlar taklif qilinadi.

So‘ng rassomlar Ka’baning kattaligidek keladigan chizma qog‘ozga yangi dizaynni chiqadilar. Ushbu namunalar keyin yozuvlar lentasini to‘quvchi mashinaga o‘tkaziladi. Shoyi lenta tayyor bo‘lgach, navbat qo‘l mehnatiga yetadi.

Boshida hunarmandlar sariq ip bilan lentaga arab yozuvlarini tikib chiqadilar, bu esa asosning ustidan 4 dyuym qalinlikka ega bo‘ladigan qatlam hosil qiladi. Keyin esa unga hajm va yorqin ko‘rinish berish uchun oltin va kumush iplar bilan ustidan yana tikib chiqiladi. Natijada yozuvlar uzoq masofadan ham ko‘rinib turadigan holga keladi.

Yopinchiqda Ka’ba eshigi uchun maxsus parda ham bor. Uzunligi 7,5 metr, kengligi 4 metr. Pardada Qur’on oyatlari va islomiy bezaklar berilgan. Bularning hammasi avval kumush ip bilan, ustidan tilla ip bilan tikilgan. Yopinchiqning astari dag‘al matodan tayyorlanadi. Birgina qoplama uchun 70 kilogramm tabiiy shoyi ketadi.

Buxoro davlat muzeyi-qo‘riqxonasida Ka’ba eshigi pardasidan olingan parcha bor. Hozirda yopinchiqning bir qismi Samarqand viloyati o‘lkashunoslik muzeyining «Rivojlangan o‘rta asrlar» zalidaa ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda Ka’baning yopinchig‘idan parcha bor (foto)