14:33 / 20.01.2019
6 719

«Ko‘rinmas qo‘l»: Qaysi kasb egalari ko‘proq daromad qilishadi?

«Ko‘rinmas qo‘l»: Qaysi kasb egalari ko‘proq daromad qilishadi?
Halol kasbning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. Ammo turli kasblar o‘z egalariga turlicha daromad keltiradi, bu tabiiy. Xo‘sh, bugungi kunda O‘zbekistonda an’anaviy yirik sohalardan tashqari qaysi kasb egalari yaxshi pul topishmoqda?

Bolalardan kelajakda kim bo‘lishni istashlari haqida so‘rasangiz bir necha standart javoblardan birini eshitasiz: shifokor, huquqshunos, biznesmen, ayrimlari o‘qituvchi... Lekin bir qarashda ko‘z ilg‘amaydigan, omma nazariga tushmaydigan shunday kasb-hunar egalari borki ularning daromadlari biz nufuzli deb hisoblaydigan soha vakillarinikidan kam emas.

«Ko‘p qavatli uyda turaman. Uyimda quvur yorildi va o‘zimning hamda qo‘shnimning uyiga suv toshib ketdi. Shuncha qidirsak ham darrov yetib kela oladigan santexnik topa olmadik. Farzandlarimizni kundalik zarur bo‘ladigan kasblarga o‘rgatmayotganimizni yana bir bor anglab yetdim», - degan edi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tadbirlardan birida.

Haqiqatdan biz omma nazarida nufuzli hamda daromadli hisoblangan sohalar ketidan quvib, deyarli har kuni ishimiz tushadigan santexnik, elektrik, maishiy texnika sozlovchi kabi kasblarni unutib qo‘yayozdik, kimdir o‘z farzandini shu sohalarga o‘rgatayotganiga guvoh bo‘lsak ustidan kular darajaga yetdik.

Lekin oddiy santexnik misolida bir o‘ylab ko‘raylik – shaharlarda, ayniqsa ko‘p qavatli uylarda yashaydiganlar orasida ularga ishi tushmaydigan odam bormi? Zarurat tug‘ilganda bir amallab, iltimoslar qilib chaqiramiz, o‘rtacha yarim soatlik ishiga 40-50 ming so‘mni rozi bo‘lib to‘laymiz. Xo‘sh, aytaylik poliklinikada ishlayotgan, bemorni kamida yarim soat tekshirib, muolaja tayinlagan, himmatimizdan umidvor bo‘lib turgan shifokorga 10 ming so‘m qistiramizmi, yo‘qmi? Qistirsak ham poraxo‘rdan olib yulg‘ichga solamiz, norozi bo‘lamiz.

Yoki biror qurilish ularsiz bitmaydigan elektriklarni olaylik. Oliy ma’lumot shart emas, alohida kabinetu-sharoit kerakmas. Borgan joyidan egasini rozi qilib haqini oladi. Bugungi kunda qurilish va ta’mirlash ketayotgan xonadonlardagi bitta «nuqta» («tochka») uchun kamida 30-40 ming so‘m olishadi. Bu bitta xonada o‘rtacha 4-5ta, butun xonadonda 20-25ta «nuqta» demakdir. Mohir elektrik bu ishni ikki kunda bitirib ketadi. Xo‘sh, byudjetning qaysi xodimi haqqoniy yo‘l bilan bunaqa pul topyapti?

Maishiy texnika sozlovchilar, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchilarning ham kiyim-boshlarini ko‘rib burnimizni jiyiramiz. Ammo ishimiz tushganda xizmat haqlaridan hayratda qolamiz. Eng muhimi, ular hech kimga qaram emas, kundalik majlislardan xoli, sidqidildan ishlasa mijozi ko‘payaveradi, kunlik muntazam tushumi bor. O‘ylab ko‘raylikchi, nega bu kasblar egalariga havas qilmasligimiz kerak?

So‘nggi yillarda ko‘paygan telefon, kompyuter sozlovchilar ham durustgina daromad qilishadi, doimiy ishlari bor.

Sartaroshga ishi tushmaydigan, hech bo‘lmasa oyiga bir uchramaydigan odam bormi? Yirik shaharlarda erkaklar sartaroshi bir kishi uchun 10-15 ming so‘m va undan ko‘proq, chekka tumanlarda 7-10 ming so‘m haq oladi. Ayollarnikiniku qo‘yavering, ayrim xizmatlari 100 ming so‘mdan oshib ketadi (haloli bo‘lsin). Erkaklar sartaroshi bir kunda 10-15 odamga bemalol xizmat ko‘rsatishga ulguradi. Asabbuzarlik yo‘q, yig‘ilishlarga qatnashishi shart emas. Solishtirilsa, kamida 4 yil umrini sarflagan o‘qituvchi oyiga qancha maosh olyapti?

Albatta, qaysi kasbni tanlashni har bir inson o‘zi hal qiladi va yuqoridagi soha vakillarini ham osongina pul topyapti, deb bo‘lmaydi. Ammo har bir sohaning murakkabliklari bor va ularni sabot bilan yenggan odamgina o‘z ishining ustasi bo‘ladi hamda yaxshi daromad ko‘radi.

«Ko‘rinmas qo‘l» degan tushuncha bor. Jamiyatda nufuzli deb hisoblangan sohalarga e’tibor kuchayib, bunday hunarlar sohiblari nazardan chetda qolgani tufayli bugungi kunda ularga bo‘lgan talab oshib ketgan. Tabiiyki endi bozor iqtisodiyotining o‘sha «ko‘rinmas qo‘li» o‘sha kundalik ish tushadigan kasb egalari ko‘payishiga sabab bo‘ladi albatta.

Lekin bugungi kunda aynan shunday jarayon ketmoqda, bu kasblarni puxta egallab olganlar juda boyib ketmasalarda, birovdan kam bo‘lmay yashashadi.

Ko‘pchilik ishsizlikdan, maoshlar ozligidan noliydi. Lekin ilojsiz vaziyatga tushganida yoshiga qaramay darhol shu kabi ko‘rinmas kasblar sirlarini egallashga urinayotgan odamlarni negadir ko‘rmaymiz.

Or qilamiz go‘yoki...
Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ko‘rinmas qo‘l»: Qaysi kasb egalari ko‘proq daromad qilishadi?