23:50 / 22.01.2019
7 331

Probatsiya xizmati ish boshladi: uning vazifalari nimalardan iborat?

Probatsiya xizmati ish boshladi: uning vazifalari nimalardan iborat?
O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida Probatsiya xizmati tashkil etildi.

O‘zA muxbiri Yangi tashkil etilgan Probatsiya xizmati boshlig‘i, polkovnik Mahamadali Ismoilov bilan suhbatlashdi.

– Probatsiya xizmati – sud hukmi yoki ajrimi bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar tomonidan jazo ijro etilishini ta’minlaydi, – deydi M.Ismoilov. –Ya’ni, axloq tuzatish, majburiy jamoat ishlari, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlangan va shartli hukm qilingan shaxslar tomonidan ularning bajarilishini nazorat qiladi.

Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.

Eng muhimi, mazkur shaxslarning ijtimoiy moslashuviga, o‘qish va ishga joylashishiga hamda ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilishiga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, nazoratdagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

– Probatsiya xizmati qanday tartibda ish olib boradi va bu qanday taqsimlanadi?
– Xizmatimiz barcha huquq-tartibot idoralari kabi jinoyatlarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan omil va shart-sharoitlarni o‘rgangan holda ularni bartaraf etish bo‘yicha ish olib boradi. Huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga nisbatan profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazorat amalga oshiriladi. Nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfi ham aniqlanadi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ularning shaxsi ijtimoiy-psixologik portretini tuzgan holda o‘rganiladi.

Probatsiya shaxsiy tarkibi shaharlarda – 100, tumanlarda – 75 nafar mahkum hisobidan kelib chiqib taqsimlanadi. Bu nazoratdagi shaxslar bilan ko‘proq muloqot qilish, ularning muammolarini aniqlash va bartaraf etishda qo‘l keladi. Ushbu jarayonda hududiy profilaktika inspektori, mahalla faollari, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlarining joylardagi vakillari bilan manzilli ish olib boriladi.

– Ijtimoiy-psixologik portret tuzish haqida to‘xtaldingiz. Bu kim tomonidan va qanday tuziladi?
–Xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, probatsiya bo‘linmalarida shartnoma asosida psixologlar faoliyat olib boradi. Buning uchun alohida xizmat xonalari va treninglar o‘tkazish zallari tashkil etiladi. Ular nazoratdagi har bir shaxs bilan suhbat o‘tkazib boradi. Mutaxassis-psixologlar faoliyati davomida va suhbat o‘tkazish chog‘ida nazorat ostidagi shaxslarga psixologik yordam ko‘rsatadi. Ularning ruhiy holati, hayotiy muammolarini aniqlaydi. Sinov davrida ana shu muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar olib borish bo‘yicha tavsiyalar berib boradi.

Nazorat ostidagi shaxslarning ijtimoiy-psixologik portreti psixologik uslublarni (suhbat, kuzatuv, test, rangli belgi) qo‘llagan holda tuziladi.

– Probatsiya xizmati faoliyati qaysi tashkilotlar bilan hamkorlikni taqozo etadi?
– Ichki ishlar organlarining probatsiya xizmati boshqa huquqni muhofaza qilish organlari, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, ularning quyi bo‘g‘inlari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik qiladi.

Zimmamizga yuklatilgan vazifalarni bajarishda, birinchi navbatda, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari, jumladan, tergov, profilaktika, jinoyat-qidiruv, pasport, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, jazoni ijro etish, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari bilan yaqin hamkorlikda ishlaymiz.

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining “Oldindan ko‘niktirish va kasbga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Kelgusida mazkur markazlar bilan hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha tadbirlar rejalashtirilmoqda.

Muxtasar aytganda, yangi ish boshlagan probatsiya xizmati ichki ishlar organlarining xalqimizga munosib xizmat ko‘rsatadigan professional tuzilmasiga aylanadi. Negaki, bu xizmat aslida xalqchil tizim. Endilikda bilib-bilmay jinoyat sodir etgan fuqarolarga panja orasidan qaralmaydi. Ularning to‘g‘ri yo‘l topishi, qayta jinoyat yo‘liga kirmasligi uchun barcha choralar ko‘riladi. Buning uchun probatsiya bo‘linmalari pedagogika va profilaktika sohalarida ish tajribasiga ega ofitserlar tarkibidagi malakali xodimlar bilan to‘ldirilmoqda.

Probatsiya bo‘linmalari fuqarolar to‘siqsiz kiradigan zamonaviy binolarga joylashtiriladi. Probatsiya xizmatining har bir xodimi sinov muddati berilgan fuqarolarga o‘z vaqtida sifatli yordam ko‘rsatadi. Ularning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Mehnatiga yarasha haq olishni, huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlaydi.

Prezident qaroriga binoan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan probatsiya xizmatini samarali tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari“ ishlab chiqildi. Shu asosda xizmat xodimlari zimmasidagi vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishga kirishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Probatsiya xizmati ish boshladi: uning vazifalari nimalardan iborat?