23:39 / 25.01.2019
5 355

Maktab formasi maxsus savdo shahobchalarida sotiladi

Maktab formasi maxsus savdo shahobchalarida sotiladi
Joriy yilning 22 yanvar kuni Xalq ta’limi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida videokonferensiya tarzida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Videoselektorda vazirlikning boshqarma va bo‘lim boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, shuningdek, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmasi boshliqlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari, ma’naviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari ta’lim bo‘limi boshliqlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarorida belgilangan vazifalar va hududlardagi holat bo‘yicha batafsil to‘xtaldi.

Majlis davomida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida zamonaviy yagona maktab formasi joriy etilayotgani munosabati bilan ta’lim muassasalari, joylardagi xalq ta’limi bo‘limlari va boshqarmalari rahbarlari maktab formalarini vaqtida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o‘quvchilar soni bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z vaqtida shakllantirishi lozimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari tomonidan maktab direktorlarining maktab formasi xaridi bilan bog‘liq masalalarga aralashishi qat’iyan taqiqlanganligi takror va takror aytilishiga qaramasdan ayrim maktab direktorlari ota-onalarga qaysi ishlab chiqaruvchining maktab formasini sotib olishlari kerakligini “tavsiya” qilib kelayotgani tanqid ostiga olindi. Ta’lim muassasasi xodimlari ushbu jarayonlarga aralashmasligi haqida ogohlantirildi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli qaroriga ko‘ra, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini hududlar bo‘yicha shakllantirishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda respublikaning har bir tuman (shahar) markazining aholiga qulay joylarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shahobchalarini tashkil etishlari, savdo shahobchalarining joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi belgilangan.

Yig‘ilish yakunida qarorda ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar bilan birgalikda maktablarda tashkil etiladigan ota-onalar majlislarida ta’lim muassasalariga maktab formasining afzalliklari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini doimiy ravishda olib borish, maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari tomonidan yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvini qat’iyan cheklash bo‘yicha choralar ko‘rish kabi qator vazifalar belgilab berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktab formasi maxsus savdo shahobchalarida sotiladi