12:57 / 14.02.2019
4 785

O‘zbekistonga kelgan sayyohlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazildi. Natija qanday?

O‘zbekistonga kelgan sayyohlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazildi. Natija qanday?
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 72 ta davlatdan kelgan 5,7 ming nafar sayyoh orasida tadqiqot o‘tkazildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan ko‘zlangan maqsad mehmonlarga afzal bo‘lgan asosiy jihatlar hamda ularning orzu-tilaklarini aniqlash bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, turistlarning ko‘pchiligi do‘stlari va oila a’zolari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan maslahatlar asosida O‘zbekistonga kelishga qaror qilishgan. Qolaversa, gazeta va jurnallar, televizion hujjatli filmlar va yangiliklar dasturlari ham bu borada muhim o‘rin tutishi ma’lum bo‘lgan.

Dunyoning 72 mamlakatidan kelgan olti mingga yaqin sayyoh o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov ana shunday xulosaga kelishga asos yaratdi.

Tadqiqotga ko‘ra, diyorimizga Markaziy Osiyodan keladigan turistlarning asosiy qismi Qozog‘iston, MDHdan esa Rossiya fuqarolaridir. O‘zbekistonga Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan xitoyliklar, Yevropadan fransiyaliklar, Yaqin Sharqdan turkiyaliklar, Shimoliy Amerikadan AQShliklar eng ko‘p tashrif buyurgan.

35 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan yosh guruhi ichida eng ko‘p respondentlar Markaziy Osiyo(29,4 foiz), MDH(33,8 foiz) va Osiyo-Tinch okeani mintaqalari(30) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yevropalik turistlarning asosiy qismi esa 55 va undan yuqori yoshdagi insonlardir.

So‘rovda qatnashganlarning qariyb 40 foizi O‘zbekistonga o‘z tanishlari va qarindoshlarini ko‘rish uchun kelishganini aytgan. Respondentlarning 33,6 foizi esa yurtimizga ta’til, madaniy xordiq chiqarish va dam olish uchun kelganini bildirgan.

Tahlilga ko‘ra, uzoq xorijdan keladigan sayyohlarning asosiy maqsadi xordiq chiqarish va dam olishdir. Masalan, Gonkongning so‘rovda ishtirok etgan barcha fuqarolari O‘zbekistonga dam olish uchun tashrif buyurganini qayd etgan. Avstraliya fuqarolarining 89 foizi, niderlandlarning 87,1 foizi, italyanlarning 86,3 foizi, fransuzlarning 85,1 foizi ham xuddi shunday maqsad bilan mamlakatimizda mehmon bo‘lgan.

Turistlarning asosiy qismi(79 foiz)ning O‘zbekistonda bo‘lish davri 1-9 kunni tashkil etgan. Shimoliy Amerikadan 85 foiz, Osiyo-Tinch okeanidan 81 foiz, Yevropadan 78 foiz va Yaqin Sharqdan 72 foiz sayyoh jamoa bilan kelgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo va MDHdan turistlarning yarmi yolg‘iz sayohat qilishni ma’qul ko‘rgan.

Respondentlarning 12,8 foizigina sayyohlik yo‘llanmasi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurganini ta’kidlagan. Turistlar tomonidan olingan bunday yo‘llanmalarning 16,8 foizigina o‘zbek turoperatorlari va turfirmalari tomonidan sotilgan.

O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab yurishda mehmonlar taksi(52,9), poyezd(12,5), avtobus(10,4) va mini-avtobus(10,1) kabi transport vositalarini afzal deb bilgan.

Toshkent shahri turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan joyga aylangan. Lekin safarda bo‘lish muddati uzoqligi bo‘yicha Termiz birinchi o‘rinni olgan. Bu yerda sayyohlar o‘rtacha 6,2 kun qolishgan. Nukusda 5,7, Toshkentda 5, Xivada 3,7, Samarqandda 2,6 va Buxoroda 2,4 kecha-kunduz bo‘lishgan.

Mehmonlar O‘zbekistonda do‘konlardan mahsulot xarid qilish(shoping), muzey va galereyalarga borish, sayr qilish, tarixiy joylarga ekskursiya va piyoda borishga katta qiziqish bildirgan. Markaziy osiyolik sayyohlar O‘zbekistonda do‘konlarni aylanish(39,7)ni eng ko‘p ma’qul ko‘rgan bo‘lsa, yevropaliklar(77,5) va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi(72,2)dan kelganlar muzey va galereyalarga borishda faollik ko‘rsatishgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonga kelgan sayyohlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazildi. Natija qanday?