15:13 / 17.02.2019
10 181

Gulnora Karimovaning o‘g‘li nimadan xavotirlanyapti?

Gulnora Karimovaning o‘g‘li nimadan xavotirlanyapti?
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining nabirasi, ayni paytda Londonda istiqomat qilayotgan Islom Karimov o‘zining Instagram'dagi sahifasida Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, unga iltimosnoma yo‘llagani haqidagi xabarlar OAVda tez tarqaldi.
«Tushunarsiz sabablarga ko‘ra, onamga insonga xos bo‘lmagan bosim bo‘lyapti va uning oldiga shifokorlar qo‘yilmayapti», – degan kichik Karimov.
Bosh prokuratura matbuot kotibi esa Gulnora Karimovaga nisbatan bosim mavjud emasligini bildirdi. Kichik Karimovni nima tashvishda «shovqin» ko‘tardi? Bu holatni yaxshi anglash uchun voqealar ketma-ketligiga birrov nazar tashlash lozim.

Kichik Karimov Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘radi
2015 yilning avgustida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va 5 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom 2018 yil boshida Buyuk Britaniya hukumatidan siyosiy boshpana so‘ragani ma’lum bo‘ldi.
«Ha, yuridik protseduralar va hujjatlar tayyor bo‘lishi bilanoq bu yil boshpana so‘rayman. Onamga bog‘liq yirik o‘zgarish yuz berdi», — deb ta’kidlagandi kichik Karimov Bi-bi-si muxbiri bilan suhbatda.
Uning aytishicha, Gulnora Karimova o‘g‘li Britaniyada ta’lim olayotgan paytidayoq uning yashashi uchun mablag‘ qoldirib ketgan.
«Shu pulga yashashim ko‘zda tutilgan. Ha, menda onamning favqulodda holatlar uchun saqlab qo‘yilgan pullari bor», — deb aytgandi u.

Gulnoraning advokati yutqazdi
Gulnora Karimova tomonidan 800 million Shveysariya frankining (810 million dollar) 700 million dollarga yaqin qismi musodara etilishi yuzasidan kiritilgan ariza jinoiy ishlar bo‘yicha Shveysariya federal sudi tomonidan rad etildi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, hukm 31 iyul kuni chiqarilgan.
Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manja ishda yutqazdi, ammo pulga da’vogarlar ko‘paydi: AQSh, Zeromax kreditorlari, hatto Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i Mansur Maqsudiy ham Coca-Cola Bottlers Uzbekistan qo‘shma korxonasidagi ulushi vositachi firma orqali Shveysariyadagi Zeromax kompaniyasiga o‘tkazilganini iddao qildi. Zeromax’ning sobiq ijrochi direktori Mirodil Jalolov ozodlikka chiqdi va bu kreditorlar bilan masalani hal etishga ishora bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramay, advokat Manja turli vajlar bilan sud hukmi ustidan yuqori turuvchi instansiyalarga shikoyat arizalarini kiritmoqda. Shu bilan pullarni O‘zbekistonga qaytarish masalasi sekinlashmoqda.
Karimovaning farzandlari haqiqatan siyosiy masalalarda ishtirok etmaydimi?

Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova 28 sentyabr kuni Toshkentdan Londonga uchib ketishidan sal avval, Instagramʼdagi o‘z sahifasida shunday yozdi:
«Men ommaviy axborot vositalarining so‘rovlari soni va boshqalar narsalardan hayratga tushdim. Atigi ikki so‘zim tufayli... biz o‘z hayotimiz bilan yashashni istaymiz, hech qanday siyosiy masalalarda ishtirok etishni va shu yillar davomida boshimizdan o‘tgan barcha dahshatli voqealarni eslashni xohlamaymiz...»
Islom Karimov esa singlisidan farqli ravishda boshqa gaplarni aytib, Gulnora Karimova yana mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etishga tayyorligini bildirgandi.
Shunga qaramay, Gulnoraning yaqinlari, xususan Islom Karimov tomonidan tarqatilayotgan, onasidan «tashvishlanib» bildirayotgan fikrlari advokatga qo‘l kelayotgan bo‘lishi ham mumkin. Uning sudga apellyatsiya kiritishiga ishdan manfaatdor boshqa shaxslar Manjaga yo‘l ochib bermoqda.
Shveysariya prokuraturasining DW’ga bildirishicha, jinoiy ishni mantiqiy yakuniga yetkazish uchun sud kollegiyasining qolgan to‘rt ayblanuvchiga nisbatan qarorini kutish kerak bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, asosiy masala – Karimovaning Shveysariyadagi aktivlarini nima qilish kerakligiga javob topish lozim. Ya’ni aktivlarni qaytarish va ularni qanday sarflash bo‘yicha tomonlar o‘rtasida hujjat imzolanishi zarur. Ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Kun.uz'ga izoh berib, «bu o‘zbek va shveysar prokuraturalari o‘rtasidagi idoralararo masala» ekanini bildirgan.
Bu payt oralig‘ida Gulnoraning salomatligi haqida xabarlarni aynan Islom Karimov tarqatishi, shu bilan birga Imon Karimovaning jim turishi, advokatning Manjaning tinimsiz sud hukmidan norozi bo‘lib, ishni cho‘zib kelayotgani asl vaziyatni yuzaga chiqaradi.
Alisher Ro‘zioxunov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimovaning o‘g‘li nimadan xavotirlanyapti?