18:10 / 20.02.2019
4 198

Zamonaviy psixologiyaning ahvoli yoxud itlar ustidagi tajriba foyda berdimi?

Zamonaviy psixologiyaning ahvoli yoxud itlar ustidagi tajriba foyda berdimi?
Sarlavhaga qarab meni psixologiyaga qarshi ekan deb o‘ylamang. Aksincha, men psixologiyaga juda ham qiziqaman va yaxshi ko‘raman. Inson xatti-harakati sabablari xususida o‘ylash, xatti-harakatlarini o‘rganishni yaxshi ko‘raman. Ammo psixologiyadan ham o‘qish va o‘qiganlarimni mulohaza qilishni ko‘proq yaxshi ko‘raman.

Sichqonning pishloq topish uchun g‘ayrat qilgani va bu g‘ayratni mulohaza qilib, inson ruhiyatini o‘rganishga chog‘langan g‘arb pishloqqa erishish muvaffaqiyat yoki baxt deb bilgani uchun pul topishni baxt deb bildi. Lekin pul odamni baxtli qilmadi. Agar pul insonni baxtiyor qilganida bugun g‘arbda har bir oilaning shifokori, advokati va o‘z psixologi bo‘lmasdi.
Insonning fe’l-atvorini o‘rganish uchun sichqonlar ustida tajriba o‘tkazilsin, demayman albatta. Ammo baxtli bo‘lish uchun og‘ziga pishloq qo‘yish o‘rniga, cho‘ntagiga pul qo‘yish g‘arbni baxtiyor etmadi. Baxtsizliklarini, g‘amga cho‘kib borayotganini yashirish uchun doridan “yordam” istayotganlar soni kundan kunga ko‘payib borayotgan ekan, zamonaviy psixologiya aval o‘zini taftish qilishi kerak emasmikan? G‘arb madaniyati bilan boyitilgan psixologiya ham birovni baxtiyor qilolmayapti.

Zamonaviy psixologiya deganda xayolga keladigan ismlardan biri — Pavlov va uning mashhur tajribasi. Pavlovning itlar ustida o‘tkazgan tajribalari bilan “shartli refleks” tushunchasini butun dunyoga ko‘rsatgan va qabul qildirgan g‘arb “itfe’l” odamlarning ko‘payishiga to‘siq bo‘lolmadi. Itning xususiyatlaridan kelib chiqib o‘tkazilgan tahlillar, inson itday qadr ko‘rmagan g‘arbni mahrumlikdan qutqarolmadi.

Insoniy fazilatlarini yo‘qotgan, farzandli bo‘lishdan ko‘ra kuchuk boqishni afzal ko‘rgan kimsalar sonini ozaytirish uchun qanchalik harakat qilsalarda, bunga erishmayaptilar, afsuski. Demak, zamonaviy psixologiyani yaxshiroq tahlil qilishga to‘g‘ri keladi.

“Baxt nima?” degan savolga yevropalik qanday javob qiladi?

Xudbinlik nuqta nazaridan baxtiyorlikni “Qo‘lga kiritish”, “Erishish”, “hammadan ko‘piga erishish” qarashlari ustiga qurishga urinishsada, baxtli bo‘lishmayapti. Sharqlik inson uchun baxt “xudbinlik va qo‘lga kiritish” tushunchasi emas. Mehmonnavozlik, deya e’tirof etadiganimiz “baham ko‘rish” tuyg‘usini g‘arblik aslo tushunmaydi. Baxtli bo‘lish uchun baham ko‘rishni bilish kerakligini ularga qanday tushuntiramiz?

“Menga jannat va jahannamni tushuntirib bering!” degan savolga duch kelgan donishmand, yosh yigitchani bir xonaga yetaklab kiradi. Xona o‘rtasida uzun xontaxta qo‘yilgan ekan. Xontaxta atrofida odamlar ro‘parama ro‘para o‘tirishibdi. Har birining oldida bir kosadan sho‘rva, qo‘llarida bir metr uzunlikdagi qoshiq. Hamma uzun qoshiqlar bilan sho‘rva ichishga uringani uchun, har tomonga ovqat to‘kilib-sochilib yotibdi. Xontaxta ustiga ham, odamlarning kiyim–boshiga ham qarab bo‘lmasmish. Donishmand yigitga xonani ko‘rsatib: “Bu yer jahannam, bolam, chunki odamlar faqat o‘zini to‘ydirishni istaydi” debdi.
Keyin yigitchani yetaklab boshqa xonaga boribdi. U xonada ham birinchisinikidek manzara. Xonaning o‘rtasida uzun xontaxta, odamlar yuzma-yuz o‘tirishibdi. Hammaning oldida sho‘rva, qo‘lida esa uzun qoshiqlar. Faqat bu yerdagi odamlar qoshig‘i bilan qarshisidagi insonga sho‘rva ichirayotgan ekan. Donishmand yigitga qarab: “O‘g‘lim, bu yer esa jannat, odamlar muammolarini baham ko‘rish bilan yechim topishyapti va bir-birini to‘ydirishyapti” degan ekan.

Hikoyaning boshqacha variantlarini o‘qigandirsiz. Ammo qissadan hissa ayni: Baxt — ko‘p narsaga erishish emas, qo‘lidagi imkon va fursatlarni boshqalar bilan baham ko‘rishda. “Baxtli bo‘lish uchun boshqalarni ham baxtiyor qiling!” degan jumlani g‘arblikka qanday o‘rgatish mumkin?!

Baxtni tushunish, tushuntirish, ta’riflash haqiqatdan ham qiyin. Lekin hammamiz vaqti-vaqti bilan his qiladigan, lekin farqiga bormaydiganimiz bir tuyg‘u bor. Ba’zan birovga yaxshilik qilsangiz, u ko‘zlaringizga minnatdorona termulib tashakkur bildiradi. “Voy, hech narsa qilganim yo‘q-ku!” deb minnatdorchiligiga javob berganimizda qalbimizda lahzalik bo‘lsa-da go‘zal bir hissiyotni his qilamiz. Menimcha, baxt mana shudir!

Ehtiyojmand oilaning farzandiga poyabzal olib berish — baxt.
Bemor ziyoratiga borib, “Alloh shifo bersin!” deyish — baxt.
Transportda biror yoshi keksaga joy berib duo olish — baxt.
Qayg‘uda qolgan do‘sting og‘ir kunida yonida bo‘lish — baxt.
Farzandi kontraktda o‘qiydigan qarindoshga moddiy yordam berish — baxt.
Ikkita non bilan yaqinlar holidan xabar olish — baxt.
Hamkasblaringizni shirinlik bilan siylash — baxt.
Baxt va quvonch sonini uzoq sanash mumkin.

Mushohada qilishimiz kerak bo‘lgan ko‘p narsa bor. Ayniqsa g‘arb juda ko‘p savollariga javob topishi kerak. Texnologiya va ilm-fan borasida ilgarilab ketishayotgan bo‘sada, hanuz baxtli emaslar. Qayerda, qanday xato qilishganini afsuski, bilishmaydi.

Xullas, zamonaviy psixologiya g‘arbni baxtli qilolmadi, bizni qanday baxtli qilardi? Bizni o‘z tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimizdan boshqa hech narsa yorug‘likka olib chiqolmasligini tushunsak, baxt — uzoqda emas, ichimizdaligini ham tushungan bo‘lardik. Baxtli bo‘lish uchun uzoqqa ketishning keragi yo‘q, o‘zingizga kelsangiz bo‘ldi!
“Stres va iymon” kitobidan
Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zamonaviy psixologiyaning ahvoli yoxud itlar ustidagi tajriba foyda berdimi?