21:49 / 20.02.2019
4 607

O‘zbekistondagi ilk pulli trassani qurish uchun joy tanlanmoqda

O‘zbekistondagi ilk pulli trassani qurish uchun joy tanlanmoqda
Foto: «Daryo»
Bugun, 20 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-xollida «O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishi: yutuq va muammolar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Daryo» nashri xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi rahbar xodimlari OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Xususan, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi ilk pulli trassa «Toshkent — Samarqand» yo‘nalishida quriladi. Hozirda ushbu masala transport vazirligi, loyihalashtirish institutlari bilan muhokama qilinmoqda.

«Barcha rivojlangan davlatlarda pulli xizmat ko‘rsatuvchi muqobil yo‘llar mavjud. Ayrim mamlakatlarda esa bepul muqobili bo‘lmagan pulli yo‘llar bor. Mana masalan, bizga qo‘shni bo‘lgan respublikalarda ham ana shunday yo‘llarni uchratishimiz mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, agar pulli yo‘llar quriladigan bo‘lsa, albatta ularning bepul xizmat ko‘rsatuvchi muqobili ham bo‘ladi.

Hozirda O‘zbekiston avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va transport vazirligi bilan hamkorlikda pulli xizmat ko‘rsatuvchi yo‘llar qurilishi masalasi muhokama qilinmoqda. Birinchi navbatda Toshkent — Samarqand yo‘nalishida ana shunday loyiha barpo etish masalasi hozirda ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa aholi va sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qilinmoqda. Haydovchilarda har doim tanlov huquqi bo‘ladi. Masalan, kimdir katta tezlikda avtomobil boshqarishni istasa, pulini to‘lab, pulli yo‘ldan foydalanadi. Xuddi shu yo‘lning bepul muqobili ham bo‘ladi.

Hozirda ushbu yo‘lning qayerda qurilishi masalasi loyihalashtirish institutlari bilan hamkorlikda muhokama qilinmoqda. Ushbu loyiha davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etiladi. Biz imkon qadar aholi yashash punktidan uzoqroqda joylashgan, shuningdek odamlarning uyini buzishga to‘g‘ri kelmaydigan hududlarni ko‘zdan kechirmoqdamiz», — deydi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.

Qayd etilishicha, hozircha pulli trassani qaysi investor, qaysi pudratchi qurishi ma’lum emas.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistondagi ilk pulli trassani qurish uchun joy tanlanmoqda