20:24 / 23.02.2019
6 390

Endi jarima, davlat boji va pensiyalar miqdori yangi tizim bo‘yicha aniqlanadi

Endi jarima, davlat boji va pensiyalar miqdori yangi tizim bo‘yicha aniqlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Mehnatga haq to‘lash, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi joylashtirildi. Farmon loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Hujjat ish haqi miqdorini aniqlash tartibini takomillashtirish, mehnatga haq to‘lash, pensiyalar belgilash va jarima hamda yig‘imlar undirish o‘rtasida bog‘liqlik shartini yo‘qotish maqsadida qabul qilinadi.

Hujjat loyihasiga muvofiq, joriy yilning 1 iyulidan:
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM) 577 170 so‘m;
- bazoviy hisoblangan summa (BHS) - 202 730 so‘m;
- hisoblangan pensiya ko‘rsatkichi (HPK) - 202 730 so‘mni tashkil qiladi.

Farmon loyihasida ta’kidlanishicha, MHEKM mutlaq summada belgilanadi va «1,0» tarif koeffitsiyenti bilan Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi birinchi razryadi oylik tarif stavkasi sondagi qiymati sanaladi. Bundan tashqari, MHEKM lavozim maoshi, ustama, qo‘shimcha pul, gonorarlar, qo‘shimcha ish uchun kompensatsiya to‘lovlari, oziq-ovqat, yo‘l va rag‘batlantiruvchi boshqa turdagi to‘lovlar, ish haqini hisoblashda qo‘llaniladigan chegara miqdor, qonunchilik bilan belgilangan chegirib qolish hamda ish haqi miqdoriga bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlar aniqlash maqsadida mehnat munosabatlari sohasida qo‘llaniladi.

Shuningdek, MHEKM egalik shakli va mehnat munosabatlaridan qat’i nazar, belgilangan mehnat normalarini to‘liq bajargan ishchilar mehnatiga haq to‘lashning past chegarasi sifatida barcha ish beruvchilar uchun majburiy bo‘ladi.

BHS soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari, stipendiyalar va taqdim etiladigan davlat xizmatlari uchun boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlash, shuningdek, oilaning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovga muhtojligini aniqlashda qo‘llaniladi.

«Belgilansinki, BHS patent, litsenziya va ma’lum bir turdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa to‘lovlar, tashkilotlar ustav va boshqa fondlari (kapital) miqdori, pul mablag‘larisiz to‘lanuvchi aksiyalar qiymati, boshqa qimmatli qog‘ozlar, jamiyatlar aktivlari balans qiymati, mikrokreditlar hamda lizing chegara miqdori, shuningdek, boshqa moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bazasi sifatida qo‘llaniladi», - deyiladi farmon loyihasida.

O‘z navbatida, HPK pensiya va ijtimoiy ta’minot sohasida qo‘llaniluvchi, pensiya, ustama, qo‘shimcha to‘lovlar va kompensatsiyalarni hisoblash, shuningdek, mehnatdagi mayiblik bo‘yicha munosabatlar uchun qo‘llaniladi.

Agar hujjat prezident tomonidan imzolansa va tasdiqlansa, unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlarini yuqorida qayd etilgan farmon bilan muvofiqlashtirish, jumladan, Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasini qayta ko‘rib chiqish hamda mutlaq summada nafaqalar, kompensatsiyalar va to‘lovlar alohida turlari miqdorini o‘rnatish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Hozirgi vaqtda ushbu hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi bosqichida. U o‘zgarishi yoki rad qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 18.01.2019 yildagi 47-son qarori bilan Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga o‘zgartirishlar kiritildi. YaTSning tarif koeffitsiyentlari o‘zgartirilganini hisobga olgan holda, endi respublikada MHEKM 577 172,31 so‘mni tashkil etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi jarima, davlat boji va pensiyalar miqdori yangi tizim bo‘yicha aniqlanadi