14:34 / 24.02.2019
3 522

Toshkent shahar Jamoatchilik kengashi buzish ishlari yuzasidan bayonot berdi

Toshkent shahar Jamoatchilik kengashi buzish ishlari yuzasidan bayonot berdi
Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi poytaxtdagi bir qator buzilish ishlari yuzasidan chuqur qayg‘usini bildirdi. Bu haqda «Kun.uz» xabar bermoqda.
«Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar, shahar ma’muriyati vakillarining bayonotlari, shuningdek, o‘tgan hafta davomida Toshkent ahlining fikrini tahlil qilib, Jamoatchilik kengashi fuqarolar o‘zini himoyasiz his etishi, Toshkentda eski turar joylarni yangilash, shaharsozlik loyihasini rivojlantirish tartibsiz olib borishi oqibatida shaxsiy mulkka nisbatan tahdidlarning bo‘lishi — yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat, deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi bilan uchrashuvda bildirgan fikrini inobatga olib, biz shahar ma’muriyatining amaldagi qonunlar asosida harakat qilishga intilishini qo‘llab-quvvatlaymiz», — deyiladi Jamoatchilik kengashi bayonotida.

Bayonotda aytilishicha, o‘zgarish, qurilish loyihalari va yirik dasturlarni amalga oshirishning boshqa jihatlari mahalliy aholi bilan kelishilgan holda amalga oshirish masalasi amaldagi qonunlarda nazarda tutilmagan. Shuningdek, tovon to‘lash tartibi ham aholining noroziligiga sabab bo‘ladi. Kengash quyidagi uchta masalaga e’tiborni qaratishni taklif qilmoqda:

Birinchidan, shahar bosh loyihasi, rivojlanish strategiyasi va shaharsozlikka oid boshqa hujjatlar mavjud emasligi tufayli qurilish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarda shaffoflikning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Aholi turmushini to‘g‘ri rejalashtirishi, sarmoyadorlar o‘z loyihalarini oson amalga oshirishi uchun Toshkent shahar loyihasini ishlab chiqish va uni ommaga e’lon qilish zarur. Bunda yangi binolarning loyihalashtirilishida eskirgan muhandislik kommunikatsiyalar va infratuzilmaga yuklamaning o‘sib borishi inobatga olinishi kerak.

Ikkinchidan, yangiliklarni tatbiq etishda Toshkent shahrining o‘ziga xos «yuzi»ni unutib qo‘ymaslik, uning yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Turizm sohasi mamlakat rivojida muhim yo‘nalish ekanligi bildirilgan bir paytda shaharning o‘ziga xos ko‘rinishi, mehmonlarni o‘ziga maftun etuvchi «yuzi»ga putur yetmasligi lozim. «Yetakchi urbanistlarning ta’kidlashicha, shaharning takrorlanmas qiyofasi ishbilarmonlik markazlari soni va balandligi bilan emas, balki undagi tarixiy, madaniy, me’moriy qiymatga ega binolar bilan o‘lchanadi», — deyiladi bayonotda.

Shu tufayli Jamoatchilik kengashi shahardagi madaniy, tarixiy va me’moriy qiymatga ega binolar ro‘yxatini shakllantirishga chaqirmoqda. Ayni vaqtda aniq talablarga mos keladigan binolarning buzilishiga taqiq qo‘yilishi kerak.

Uchinchidan, Jamoatchilik kengashining nuqtai nazariga ko‘ra, xonadon, mulk egasining haq-huquqi to‘liq ta’minlanmagan. Ta’kidlanishicha, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yerni olib qo‘yishning aniq ifodasi va mezonlari yo‘q, shu sababdan bu amaliyot o‘ta darajada qonundan chetlashga olib kelyapti. Xususiy mulkka egalik huquqini mustahkamlash orqali bunday amaliyotga barham berish mumkin. Uy buzilishida esa bozor bahosini inobatga olish — asosiy masalalardan biri. Shuningdek, yer ajratib berishda ham auksion orqali ishlarni tashkil etish maqsadga muvofiq.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent shahar Jamoatchilik kengashi buzish ishlari yuzasidan bayonot berdi