20:13 / 27.02.2019
6 626

Islom Karimovning sinfdoshi Birinchi Prezident haqidagi xotiralari bilan bo‘lishdi

Islom Karimovning sinfdoshi Birinchi Prezident haqidagi xotiralari bilan bo‘lishdi
Foto: Karimov fondi
Karimov fondi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning sinfdoshi Bulat Murtazinning xotiralarini chop etdi.
«Urushdan keyingi yillar nihoyatda og‘ir keldi. Ota-onalarning nasl-nasabi, ish joyi, oilaning moddiy ahvolidan qat’i nazar, barchamiz teng bo‘lib, yon-atrofdagilarga do‘stona munosabatda edik.

To‘rtinchi sinfdan keyin bizni chet tili bo‘yicha nemis, fransuz va ingliz kabi guruhlarga bo‘lishdi. Men Islom Karimov bilan birga fransuz tili guruhiga tushdim. Bir oiladek edik. Sport kundalik mashg‘ulotimiz edi: kimdir futbol, voleybol, yengil atletika bilan, men esa gimnastika bilan shug‘ullanardim. Islom Karimov shaxmat bellashuvlarida juda faol edi. Basketbol bo‘yicha ham tez-tez musobaqalar o‘tkazilar edi. Bu borada Islom Karimov, Yuriy Belenko va Kryukov uchligiga hech kim bas kela olmasdi.

Islom Karimov iqtidori va yetakchilik fazilatlari bilan ajralib turardi, sinfdosh va o‘qituvchilar orasida hurmatga ega edi, chunki butunlay o‘qishga sho‘ng‘ib ketgan edi.

Institutni tamomlaganimdagina tushunib yetdim: Islom Karimov maktabda o‘qib yurgan yillaridayoq qo‘shimcha adabiyot izlab kutubxonalarga qatnar, ya’ni institut talabasi singari tahsil olgan ekan. U yozgan insholar barchaga namuna sifatida o‘qib berilar edi. Hammamiz uning atrofida jipslashishga harakat qilardik: unda ohanrabo kabi o‘ziga tortuvchi va hurmat bilan munosabatda bo‘lishga undovchi qandaydir bir kuch bor edi. Bolalik kezlarimiz ko‘pchilikning laqabi bo‘lardi, faqat Islom Karimovgagina o‘z ismi bilan murojaat etardik, umuman, mardligi, zukkoligi va kamtarligi bois barchaning hurmatini qozongan edi.

1990 yillarning boshida sodir bo‘lgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Siyob bozori. Ikkita zildek sumkani ko‘targancha bozordan chiqib ketayotgan edim. Bir payt Rossiya Prezidenti Boris Yelsinni kuzatib kelayotgan Islom Karimovga ko‘zim tushdi. Bu paytga kelib Islom Karimov O‘zbekiston rahbari edi. U meni ko‘rdiyu istiqbolimga yura boshladi. Kutilmagan bu holdan kalovlanib, uning salomiga alik olish ham xayolimdan ko‘tarilibdi. Yor-birodarlarga, xususan, menga bo‘lgan bunday do‘stona munosabatni hech qachon unutmayman.

Barchamiz uni dovyurak, kamtar va nihoyatda iqtidorli sinfdosh deb bilganmiz. U xotiramizda ham ayni shu siymoda qoladi», — deydi Murtazin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimovning sinfdoshi Birinchi Prezident haqidagi xotiralari bilan bo‘lishdi