17:13 / 02.03.2019
4 431

Abdulla Aripovning yangi maslahatchisi nimalar bilan shugʻullanishi maʼlum boʻldi

Abdulla Aripovning yangi maslahatchisi nimalar bilan shugʻullanishi maʼlum boʻldi
Hukumatning “Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisining funksional vazifalari hamda Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisining funksional vazifalari toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, bosh vazir maslahatchisi Oʻzbekiston Respublikasi prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasining bosh vaziriga hisobot beradi.

Bosh vazir maslahatchisining faoliyati qishloq xoʻjaligini isloh qilish va fermerlikni rivojlantirish, yerdan oqilona foydalanish, suv xoʻjaligi va suv xoʻjaligi qurilishi, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish, oziq-ovqat sanoatini, savdo va pulli xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish masalalarini hal etish boʻyicha takliflarning puxta ishlab chiqilishi, ekspertizadan oʻtkazilishi hamda tayyorlanishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Bosh vazir maslahatchisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining aʼzosi hisoblanadi. Bosh vazir maslahatchisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida bevosita ishtirok etadi.

Bosh vazir maslahatchisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Bosh vazir maslahatchisi Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga bevosita rahbarlik qiladi va Kotibiyat mudiri mutaxassislarining ishini tashkil qiladi.

Quyidagilar bosh vazir maslahatchisi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, parlament va deputatlar soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlari soʻzsiz bajarilishini tashkil qilish, shuningdek, joylardagi ishlarning real holatini oʻrganish, agrar hamda oziq-ovqat sohalaridagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish asosida strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalari, 2030 yilgacha Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini hamda oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari oʻz vaqtida hamda samarali amalga oshirilishini taʼminlash chora-tadbirlarini tashkil etish;

xususan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirishga doir optimal qarorlar ishlab chiqish, agrar sohada innovatsion texnologiyalarni, qishloq xoʻjaligi ekinlarining intensiv hamda yuqori hosildor navlarini yetishtirishning zamonaviy usullarini ishlab chiqish za joriy qilish mexanizmlarini takomillashtirish orqali agrar va oziq-ovqat sohalarining raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga davlat buyurtmasi tizimini takomillashtirish va mamlakat aholisiga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berishni tashkil etish yoʻli bilan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlariga yuklangan vazifa hamda funksiyalar samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish;

biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishda, shu jumladan idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning mustaqilligini kuchaytirish;

Oʻzbekiston Respublikasining bosh vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaatnomasidan kelib chiqadigan agrar va oziq-ovqat sohasiga taalluqli masalalar boʻyicha tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobot berishi uchun har chorakda tahliliy materiallar tayyorlash;

hukumatning, kotibiyatga biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining asosiy xalqaro reytinglar hamda indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyalarini yaxshilash boʻyicha ish samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

joylarda “xalq bilan muloqot” va shaxsiy uchrashuvlar amaliyotini takomillashtirish, kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, shu jumladan aholining bandligi va real daromadlari oshirilishini taʼminlashni kafolatlovchi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish hamda amalga oshirilishini monitoring qilish;

bosh vazir maslahatchisi vakolatiga kiritilgan yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining bosh vaziriga takliflarning puxta ishlab chiqilishi, ekspertizadan oʻtkazilishi va tayyorlanishini taʼminlash;

agrar va oziq-ovqat sohasini rivojlantirish konsepsiyasi, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritalari", yirik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, biriktirilgan sohalar hamda tarmoqlarda muhim ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil qilish hamda kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda ularni Oʻzbekiston Respublikasining bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilish;

kotibiyatga biriktirilgan sohalar va tarmoqlarda iqtisodiy hamda ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishini doimiy va tizimli asosda har tomonlama, tanqidiy tahlil qilishni, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishni hamda kompleks vazifalar amalga oshirilishini taʼminlash;

kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda tarmoqlarni strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligini taʼminlashga asoslangan mutlaqo yangi baholash tizimini joriy etish;

kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini yuzaga keladigan muammolar sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, ishni tashkil qilishning zamonaviy uslublarini joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni kamaytirish chora-tadbirlarini tashkil etish;

agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishning muhim ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha masalalar tayyorlanishi va Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida koʻrib chiqilishini taminlash;

kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarni yanada rivojlantirish vazifalarini, konsepsiyalar, kompleks chora-tadbirlar, yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish masalalarini tayyorlash hamda koʻrib chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida, kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va barcha darajalardagi tashkilotlarda ijro intizomi darajasini oshirish. zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatning hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlash;

kotibiyat kadrlar zaxirasi shakllantirilishini va uni tizimli asosda yangilab borishni taʼminlash.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq bosh vazir oʻrinbosari - Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilangandi.
Maʼlumot uchun: 2019 yilning 22 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Abrol Vahobov bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulla Aripovning yangi maslahatchisi nimalar bilan shugʻullanishi maʼlum boʻldi