15:48 / 08.03.2019
5 516

Putinning “arzandasi” va deputatlar gʻazabiga yoʻliqqan vazir (foto, video)

Putinning “arzandasi” va deputatlar gʻazabiga yoʻliqqan vazir (foto, video)
Shu hafta boshida Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin “har qanday boshqaruvchi rahbar” kabi prezident lavozimida ishlashga qiziqishi haqida gapirdi deb maʼlum qiladi Kun.uz nashri.

“Men hamisha hozirgi ish joyimda hali koʻp ishlarni amalga oshira olmaganimni aytib kelganman. Shu sababli faqat mavhum fikr bildirishim mumkin. Prezident boʻlish har qanday boshqaruvchini qiziqtirishi aniq. Lekin eng asosiysi, albatta, manfaat emas, balki bundan mamlakatga va odamlarga biror foyda tegishidir”, degandi vazir “Kommersant” jurnalistlar akademiyasi tinglovchilariga.

Oreshkin prezident boʻlish zimmaga “haddan tashqari koʻp yuk” yuklashini qoʻshimcha qilgandi.

“Hozirgi faoliyatimdan ham bilish mumkin. Ish joyimdagi ogʻir yuklamadan tashqari tinimsiz zaruriy yugur-yugurlar, prezident, bosh vazir va bosh vazir oʻrinbosarlari bilan majlislar… Miya bir lahzaning oʻzida turli mavzular oʻrtasida koʻchib yurishi shart, ish esa yarim tunga qadar choʻziladi. Tushunarliki, qanchalik yuqori lavozimda boʻlsang, yuklama ham shuncha koʻp boʻladi. Agar sen mamlakat uchun chindan nimadir qilishni istasang, bu yuk haddan tashqari ogʻir boʻladi”, degan u.

Maksim Oreshkin kim oʻzi?
Oreshkin — Rossiya hukumati tarkibidagi eng yosh vazir hisoblanadi. Faoliyatini Rossiya banki va Rosbankda boshlagan Maksim Oreshkin keyinroq Moliya vaziri oʻrinbosari sifatida ishlagan, 2016 yilning noyabrida esa Aleksey Ulyukayev shov-shuvli tarzda hibsga olinishi va “ishonchni yoʻqotishi sababli ishdan boʻshatilishi” ortidan iqtisodiy rivojlanish vaziriga aylangandi.

“U oʻziga boʻlgan ishonchi bilan kishi eʼtiborini jalb qiladi. Bu turli yigʻinlarda darhol koʻzga tashlanadi. U hukumatning barcha aʼzolari ichida yaqqol ajralib turadi”, — deya unga taʼrif bergan Bi-bi-sining Rossiya hukumatdagi manbasi.

2017 yilda Bloomberg nashri Rossiya prezidentiga yaqin manbalarga asoslangan holda Oreshkinni “Putinning yangi arzandasi” deya taʼriflagandi.

Manbalar MER (Ministerstvo ekonomicheskogo razvitiya) rahbari avvalgi vazirlardan farqli ravishda siyosiy ahamiyatga ega yirik xalqaro forumlarda Putinga hamrohlik qilishi u prezidentning ishonchli kishilaridan biriga aylanganini aytishgandi. Oreshkin 2017 yilda Hamburgdagi G20 sammiti vaqtida Putinning Donald Tramp bilan uchrashuvi tafsilotlari haqida gapirib bergani ham bunga dalil boʻla olardi.

Shuningdek, aynan Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻsha yilning iyul oyi oxirida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Sarmoyalar kafolatlari boʻyicha koʻp tomonlama agentlikda Rossiyadan boshqaruvchi lavozimida moliya vaziri Anton Siluanov oʻrnini egallagandi.

Ekspertlar ayni vaqtda 36 yoshda boʻlgan Oreshkin boʻlajak bosh vazir ekanini taxmin qilishadi. Vazirning oʻzi esa “Putinning sevimli amaldori” toʻgʻrisidagi savolga shunday javob qaytargan: “Shunchaki har doim oʻz ishimni qilishim lozim. Bundan keyin ham zimmamga tushadigan vazifalarni bajaraman”.

Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin 1999 yilning 31 dekabrida sobiq prezident Boris Yelsin qarori bilan RF prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangandi - oʻshanda federatsiyaning birinchi prezidenti sogʻligi yomonlashgani tufayli muddatidan avval lavozimni tark etgandi. Putin ilk bor 2000 yilning 26 martida RF prezidenti etib saylangan, 2004, 2012 va 2018 yillarda qayta saylangan. U 2012 yilgi saylovlardan oldin prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirilishiga erishgandi. U yana 5 yil davomida mamlakatni boshqarishi mumkin.

Ehtimoliy nomzodlar kimlar va ular bunga qanday qaraydi?
Oreshkinning soʻzlari odatiy emasdi. Rossiyada bu vaqtgacha hech bir salohiyatli amaldor prezidentlik ambitsiyalari haqida gapirmasdi.

Rossiyalik davlat amaldorlari, hatto siyosatchilar ham prezident boʻlish rejasini oshkor qilmagan. Ular odatda kelajakdagi rejalar haqidagi savollarga javoban mamlakatga va amaldagi prezidentga oʻz ish joyida xizmat qilishda davom etish niyatida ekanliklarini taʼkidlashardi.

Oreshkin oʻz soʻzlari matbuotda shov-shuv keltirib chiqarganidan keyin Facebookʻdagi sahifasida “oʻzi uchun prezident boʻlish Oyga yetib borish bilan barobarligi” haqida yozdi.

Odatda rossiyalik amaldorlar Rossiyada Putindan boshqa prezident boʻlishi mumkinligi borasida gapirishmaydi. Quyida boshqa amaldorlar prezidentlik ambitsiyalari haqidagi savollarga qaytargan javoblar keltiriladi.

Dmitriy Medvedev, bosh vazir, 2017 yil
Medvedev 2008 yildan 2012 yilga qadar Rossiya prezidenti boʻlgan. Putin oʻz oʻrniga qaytganidan keyin u yana prezident boʻlishi ehtimoli toʻgʻrisida ogʻiz ochmagan.
“Shaxsan men mazkur siyosiy davrda oʻzimni ushbu lavozimda koʻrmayman, ammo ishlashda davom etaman”, degandi u 2017 yilda.

Keyingi vaqtlarda bosh vazir obroʻsini yoʻqotdi, ijtimoiy tarmoqlarda hamon uni “Pul yoʻq, lekin siz chidang” (“Dengi net. Vы derjites zdes”) iborasi uchun mazax qilishadi, muxolifatchi Aleksey Navalniy esa uni va hamtovoqlarini tinimsiz ravishda fosh etadi. Balki Oreshkin dastlab aynan uning oʻrnini egallar?

Dmitriy Rogozin, Roskosmos rahbari, 2012 yil
Rogozin siyosatchi, “Rodina” partiyasi rahbari, turli marshlar va aksiyalar ishtirokchisi sifatida faol boʻlgan. Bugungi kunda ham u ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrini bildirishdan tortinib oʻtirmaydi.

Ammo u ham qachondir oʻzining prezident boʻlishi ehtimolini rad etadi. Rogozin 2012 yilda, bosh vazir oʻrinbosari ekanida shunday degandi: “Agar menda prezident kursisini egallash niyati boʻlganida, hukumatda ishlamagan boʻlardim. Ochigʻini aytaman, menda boshqa fikrlar va gʻoyalar boʻlardi, siyosiy partiya tashkil qilgan boʻlardim. Boshqa yoʻldan ketardim”.

Boris Titov, biznes-ombudsmen, 2018 yil
Titov nafaqat prezidentga yaqin tadbirkor, balki siyosiy partiya yetakchisi va prezidentlikka sobiq nomzod ham hisoblanadi. Shunga qaramay, u 2018 yilgi prezidentlik saylovlari avjiga chiqqanida ham oʻz raqibi - Putin gʻalaba qozonishiga ishonchi komil ekanini aytgandi.

“Vaziyatga real baho berish kerakligi”ni taʼkidlagan iqtisodchi oʻzi va jamoasining bosh vazifasi - “iqtisodiyot boshqaruvini qoʻlga olish” ekanini aytgandi.

“Biz mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar boshqaruvini oʻz qoʻlimizga olishga tayyormiz”, degandi Boris Titov.

Sergey Shoygu, mudofaa vaziri, 2013 yil
Shoygu - Rossiya siyosiy hayotidagi “ogʻir vaznli” oʻyinchi. U “Yedinaya Rossiya” partiyasi poydevorlaridan boʻlgan “Yedinstvo” partiyasi asoschilaridan biri hisoblanadi. U Favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqargan vaqtlarda ham mamlakatdagi eng mashhur vazir boʻlgan.

Ammo u hozir ancha kamtarroq. “Ambitsiyalar yoʻq, faqat orzular bor”, deya javob qaytargan u 2013 yilda prezidentlikka nomzodini qoʻyishi ehtimoli haqidagi savolga. U oʻshanda tez orada nafaqaga chiqishi va Uzoq Sharqqa qaytmoqchiligi haqida qoʻshimcha qilgandi.

Vyacheslav Volodin, Davlat dumasi spikeri, 2017 yil
Saratov oblastining sobiq vitse-gubernatori, Kremlda ichki siyosat kuratori boʻlgan, ayni vaqtda Rossiya parlamenti spikeri lavozimida xizmat qilayotgan Volodin esa oʻzining “Putin yoʻqmi - Rossiya ham yoʻq” iborasi bilan mashhur.

Lekin matbuot aynan Vyacheslav Volodin oʻzini kelajakda davlat rahbari oʻrnida koʻrishni istashi haqida koʻp yozgan.

Bir safar spikerning ushbu orzusi haqida Putinning oʻziga ham aytishgandi: Afgʻon urushi faxriylari bilan uchrashuv vaqtida faxriylar tashkiloti rahbari Andrey Chepurnoy Davlat dumasi deputatlaridan biri, Volodin sharifli shaxs agar prezident boʻlsa, barcha muhtojlarga farovon hayot vaʼda qilgani haqida gapirgandi.

Volodin esa, albatta, prezidentning vorisi boʻlishni istashi haqida hech qachon ochiq gapirmagan. Biroz oldin esa u bu haqdagi savolga kamtarlik bilan javob qaytargandi.

“Ishonamanki, Rossiya kelajagi, mamlakat va fuqarolar farovonligi, boshi ustida tinch osmonni xohlaydiganlarda faqat bir nomzod mavjud - Putin Vladimir Vladimirovich”, degandi u Life.ru uchun intervyusida.

Ramzan Qodirov, Checheniston rahbari, 2018 yil
Ramzan Qodirov Rossiya mintaqalaridagi eng obroʻli rahbarlardan biri. Ammo u oʻz chiqishlarida respublika va prezident Putinga boʻlgan sadoqatini eʼtirof etishni kanda qilmaydi.

“Men, hatto, hukumatdagi biror oddiyroq vazirlikni boshqara oladigan darajadagi odam emasman. Oʻz faoliyatimni hudud rahbari sifatida yakunlashni istayman”, deya taʼkidlaydi “askar”.

U Putinning vorisi kim boʻlsa ham, uning ortidan ergashishga tayyor ekanini ham aytadi.

Aleksey Kudrin, Hisob palatasi rahbari, 2017 yil
Namunali amaldor, sobiq moliya vaziri, biroz vaqt jamoatchilik ishlari bilan shugʻullangan Aleksey Kudrin hech qachon oʻzini prezidentlikka nomzod sifatida namoyon qilmagan: 2011 yildan 2018 yilgacha u Fuqarolik tashabbuslari qoʻmitasini boshqargan, asosan ekspertlik qilgan, xayriya ishlari bilan band boʻlgan.

“Yoʻq, doʻstlar, men hozir boshqa vazifadaman. Men prezidentga takliflar tayyorlash bilan shugʻullanmoqdaman. Shunchaki prezidentga emas, balki amaldagi prezidentga”, deya javob qaytargan Kudrin oʻzida prezidentlik ambitsiyalari bor-yoʻqligi haqidagi savolga.

Sergey Sobyanin, Moskva meri, 2011 yil
Moskva shahri meri oʻz vaqtida gubernator, prezident maʼmuriyati rahbari, hukumat apparati boshqaruvchisi lavozimlarida ham ishlab koʻrgan. Hozir esa Rossiyaning bosh shahrini boshqarmoqda - amalda u 2 shaxsdan keyingi oʻrinda turadi - prezident va bosh vazirdan keyin.

Ammo hozi Sobyaninning oʻzi kelajagi haqida jim, avval esa prezidentlik lavozimiga qiziqmasligini aytardi.
“Menda hech qachon bunday ambitsiya, oʻylar boʻlmagan”, degandi Sobyanin 2011 yilda “Exo Moskvы” radiosiga bergan intervyusida.

Davlat dumasidagi mojaro

Shu kunlarda Rossiya Davlat dumasida Maksim Oreshkin ishtirokida mojaroli holat yuzaga keldi.

6 mart kuni Davlat dumasi Oreshkinning hisobotini qabul qilmadi - parlament spikeri Vyacheslav Volodin unga yaxshilab tayyorlanib, boshqa safar, mart oyi oxirida yoki aprel oyi boshida yangi hukumat soati oʻtkazib, chiqish qilishni tavsiya etdi.

“Maksim Stanislavovich, siz parlamentda yilda bir marta chiqish qilasiz. Bu chiqishni kichik va oʻrta biznes subyektlariga bagʻishlar toʻgʻri boʻlmaydi. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi mamlakat iqtisodiyotidagi oʻsish uchun javobgar”, dedi Volodin deputatlar olqishi ostida Oreshkinning takliflariga rozilik bildirmagan holda.

LPDR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy esa unga tanbeh berdi: “Stalin davri boʻlganida bu vazirlikka komissarlar, Brejnev davrida Davlat xavfsizlik xizmati vakillari joʻnatilgan boʻlardi”.

Oreshkin bu gaplarni jim turib eshitdi. Bu Rossiya parlamenti tarixidagi ilk shunday holatdir. Bu mojaro ortida nima bor?

Birinchi versiya. Davlat dumasining mavqeyini oshirish
Nolinchi yillar boshida, parlament qarorlar qabul qilish taʼsirini yoʻqotganida Duma haqida shunday gaplar yurardi - “muhokamalar joyi emas”. Davlat dumasining hozirgi rahbari esa endi bunday boʻlmasligi kerakligini taʼkidlab keladi va shunga urinadi.

“Volodinda parlament yuzasidan aniq nuqtai nazar mavjud. U kichik imkoniyatdan ham parlament ijro organlarining «quyrugʻi” emasligi, balki aholining manfaatlarini ifoda etuvchi alohida tarmoq ekanini isbotlash uchun foydalanadi», deydi siyosatshunos Yevgeniy Minchenko.

Vazirga nafaqat spiker, balki oʻzini muxolifatchi deb hisoblovchi partiya vakillari ham “tashlanishdi”.

“Maksim Stanislavovich, kelajak uchun: zalni tinglang, sizning nutqingiz boshlanganidan 5 daqiqa oʻtib barcha oʻz ishlari bilan chalgʻib ketdi”, dedi Jirinovskiy. Oreshkinning hisobotini tinglashni kechiktirish gʻoyasi barcha fraksiyalar tomonidan maʼqullandi.

“Ikki yildan keyin saylovlar, deputatlar okruglarga borishlari kerak, ular Oreshkinning sustkashligi uchun gʻazablangan saylovchilar qarshisida qolishlari kerakmi?”, deydi siyosatshunos Abbas Galyamov.

“Menimcha bu deputatlar boshqa vazirlarga ham parlamentda kim aslida kimligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlishdi”, deya fikr bildiradi siyosatshunos Mixail Vinogradov.

Ikkinchi talqin. “2024 yil muammosi”
Vladimir Putinning vakolati 2024 yilda yakunlanadi. Amaldagi konstitutsiya unga keyingi muddat uchun nomzodini qoʻyishga imkon bermaydi. Putinning vorisi kim boʻlishi hamon nomaʼlum. Uning oʻzi bu haqdagi savollarni ochiq qoldiradi.

Shu haftada OAVda uning prezidentlik ambitsiyalari haqida gapirishi odatlarga qarshi borish edi.
Volodin haqida ham OAVda “prezidentlik orzusidagi amaldor” ekani yoziladi.

Ekspertlar fikricha, oʻz ambitsiyalarini maxfiy tutadigan rossiyalik amaldorlar va siyosatchilar Oreshkinga shu tariqa “oʻz joyini koʻrsatib qoʻymoqchi” boʻlishgan.

“Davlat dumasi rahbariyati balki prezidentga yoqish uchun uning sharafini himoya qilishgandir”, deydi Vinogradov.

Uchinchi talqin. Manzaraning noaniqligi
Prezident maʼmuriyatining sobiq xodimi, siyosatshunos Andrey Kolyadinning fikricha, Oreshkin bilan nima boʻlganini aniq aytish mushkul.

“Agar bizdan nimanidir yashirishmayotgan boʻlishsa (qandaydir ommaga maʼlum boʻlmagan ziddiyat), bu holat boʻyicha uch variant bor: yoki Duma reytingini koʻtarishmoqchi, yoki Putinga yaqin vazirlardan biriga oʻz joyini koʻrsatib qoʻyishmoqchi. Yoki mamlakat boshqaruvidagi oʻzgarishlar yaqinlashib kelgani sari Kreml minoralari oʻrtasida jang boshlandi”, deydi ekspert.

Galyamovning aytishicha, bu mojaro Oreshkinning faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi: “Balki, uni yanada yaxshiroq ishlashi uchun bir silkitib qoʻyishgandir. U prezident tomonidan tayinlangan va ishonch bildirilgan vazir, u masʼul boʻlgan sohadagi vaziyatga qaramay uning daxlsizligi kafolatlangan. Boshqa aybdorni topish qiyin emas”.

“Gilamdagi toʻqnashuvlar tez-tez roʻy berib turadi. Ammo keyingi 20 yilda birinchi marta gilamdan yiqitishga urinishga guvoh boʻldim”, deya fikr bildiradi Kolyadin.

Oreshkin va Oʻzbekiston

Foto: Sputnik
Maksim Oreshkin Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi hisoblanadi. U Oʻzbekistonga bugungacha ham ikki marta kelgan. Undan oldinroq esa, 2017 yilning aprelida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Moskvaga davlat tashrifi vaqtida Vnukovo aeroportida aynan Iqtisodiy rivojlanish vaziri kutib olgandi.

Oreshkin 2018 yilning avgustida Toshkentda boʻlib, Moliya vazirligida uchrashuv oʻtkazgandi. U 2018 yilning oktyabrida ham Toshkentga kelib, prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida boʻlgan va RF prezidentining boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilgandi.

U bugungi tashrifi doirasida dastlab Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

U qabul davomida Rossiya Oʻzbekiston bilan oʻzaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, turli sohalarda istiqbolli qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bundan buyon ham zarur choralar koʻrishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Maksim Oreshkin 10 martga qadar Oʻzbekistonda boʻladi.

Tashrif dasturidan Oʻzbekiston—Rossiya hukumatlaro komissiya ishchi organlari rahbarlarining uchrashuvi oʻrin olgan. Uchrashuvda ikki davlat vazirlik, muassasa va kompaniyalari vakillari ham ishtirok etadi.

Shuningdek, Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiya Moliya hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirliklarida ham muzokaralar olib borishi, qoʻshma loyihalar amalga oshirilishini muhokama qilishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Putinning “arzandasi” va deputatlar gʻazabiga yoʻliqqan vazir (foto, video)