06:33 / 10.03.2019
5 469

Fargʻonada avtomashinani olib qochgan shaxs sud zalidan ozod qilindi (foto)

Fargʻonada avtomashinani olib qochgan shaxs sud zalidan ozod qilindi (foto)
Fargʻonada oʻzganing avtomashinasini olib qochish jinoyatini sodir etib, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga insonparvarlik tamoyili qoʻllanildi, deb xabar berdi OʻzA.

Uchkoʻprik tumanilik A.Qosimov endigina yigirma yoshni qarshi olayotgan boʻlsa-da, jinoyatga qoʻl urdi. U 2018 yil 22 dekabr kuni soat 20:40larda transport vositasini olib qochish maqsadida Uchkoʻprik tumani, Yoyilma qishlogʻida joylashgan avtoshohbekatga keladi. “Qoʻqon-Fargʻona” yoʻnalishidagi avtomashinalar qatnovchi joyda turgan sariq rangli, J.Temirovga tegishli “Spark” rusumli avtotransport vositasini qarovsiz holatda, eshiklari ochiq va kaliti oʻzida qoldirganidan foydalanib, avtomashinani oʻt oldirib, olib qochadi.

A.Qosimov 2018 yil 23 dekabr kuni oʻzi tomonidan olib qochilgan “Spark” rusumli transport vositasini Furqat tumani hududida boshqarib ketayotgan vaqtida ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan taʼqib qilingan. Lekin IIB xodimlarini qonuniy talablariga boʻysunmasdan, avtomashina tezligini oshirib, ulardan qochgan, avtomashinani Uchkoʻprik tumani Qoʻqonboy qishlogʻiga boshqarib kelgan vaqtida ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan ushlangan hamda undan avtomashina ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Foto: OʻzA
Jinoyat ishlari boʻyicha Uchkoʻprik tuman sudining 2019 yil 6 fevraldagi hukmi bilan A.Qosimovga 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mazkur jinoyat ishi joriy yil 5 mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqildi. Sudning ajrimi bilan A.Qosimovning yoshligi, onasi 3-guruh nogironi ekanligi, muqaddam sudlanmagani, shuningdek, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Uchkoʻprik tuman kengashi hamda “Katta Qorakoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan berilgan kafillik xatlari inobatga olindi. A.Qosimovni tayinlangan jazoni oʻtamasdan turib ham xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan xulosaga kelinib, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 72-moddasi qoʻllanib, tayinlangan 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini shartli deb hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi. U sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fargʻonada avtomashinani olib qochgan shaxs sud zalidan ozod qilindi (foto)