12:23 / 14.03.2019
5 338

Oʻzbekistonda yoshlar nega oʻz joniga qasd qilmoqda?

Oʻzbekistonda yoshlar nega oʻz joniga qasd qilmoqda?
Foto: OʻzA
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida oʻz joniga qasd qilish haqidagi xabarlar koʻpayib qoldi. Nega? Bundan 20—30 yil avval bunday hodisalar sodir boʻlmaganmi? Buni ikki talqinda izohlash mumkin: yo ilgari bunday hodisalar rostdan ham kam boʻlgan yo bugungidek tezkor axborot texnologiyalari boʻlmagani uchun oʻsha davrlarda bunday xabarlar ommalashmagan. Har ikki holatda ham bu masalaga aslo loqaydlik bilan qarab boʻlmaydi. Zero, insonning hayotdan bezib, oʻz joniga qasd qilishi bitta boʻlsa ham katta ijtimoiy fojiadir.

OʻzA oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish boʻyicha eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan yoʻnalishlar xususida Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Namangan viloyati boʻlimi rahbari Muhammadali Ubaydullayev bilan suhbatlashdi.

– Oʻz joniga qasd qilish azaldan har qanday jamiyat va tuzumda yuz berib kelayotgan voqelik. Ammo ilgari asosan katta yoshlilar orasida uchraydigan bu holat, keyingi paytlarda tobora “yosharib” borayotgani kishini tashvishga soladi...
– Bu xususda psixolog, pedagog, shifokor, sotsiolog, suitsidolog kabi turli sohalarning mutaxassis va ekspertlarigina toʻlaqonli izohlay oladigan bir necha omillarni sanab oʻtish mumkin. Menimcha, oʻsmirlar oʻrtasida oʻz joniga qasd qilish holatlari ildizini, avvalo, oiladan qidirish kerak. Bola goʻdaklik chogʻida ruhiy jarohat olsa, vaqt oʻtib u albatta oʻzining salbiy taʼsirini namoyon etadi. Ruhiy jarohat deganda nimani tushunishimiz mumkin? Masalan, haddan tashqari qattiq ovoz yoki shovqin. Bu nafaqat oilada er-xotinning baland ovozda janjallashishi, balki muntazam ravishda televizor yoki radioni baland ovozda qoʻyish, turli shovqinli dastgohlarni ishlatishni ham shunday omillar sirasiga qoʻshish mumkin. Bunday tashqi taʼsirlar uch yoshgacha boʻlgan bolaning ongosti qatlamlarida oʻziga ishonchsizlik, qoʻrquv hissiyoti koʻrinishida saqlanib qoladi. Bola jismonan va aqlan voyaga yeta boshlagach, shu “jarohat” oʻzini “eslata boshlaydi”. Ulgʻayganda toʻsatdan turli kasalliklarga chalinib qolishiga chaqaloqligida boshiga olgan zarba sabab boʻlgani kabi oila muhitidagi notinchlik endi tahlil qila olish qobiliyatiga ega oʻsmirni muammoning yechimi sifatida turli keskin xatti-harakatlarga, jumladan, oʻz joniga qasd qilishga ham undashi mumkin. Bu eng oddiy omillardan birgina misol, xolos. Yuqorida aytganimizdek, insonni affekt holatiga solib qoʻyadigan sabablar juda koʻp va ular asosan oilada shakllanadi.

– Yuqori sinf oʻquvchilari orasida oʻz joniga qasd qilingan holatlar boʻyicha oʻrganishlar natijasi oʻsmirning, masalan, oʻzini osishiga hech qanday jiddiy asos yoʻqligini koʻrsatadi. Yaʼni oʻsha oʻsmir yoki qiz oʻzining xulq-atvori, oʻqishdagi yutuqlari bilan maktabning ibratli oʻquvchilaridan, oilasi ham mahalladagi namunali oilalardan boʻlib chiqadi. Moddiy jihatdan hech qanday kamchilik yoʻq, na uy, na mahalla va na maktabda birov bilan ziddiyatga bormagani aytiladi. Xullas, oʻz joniga qasd qilish siri uning oʻzi bilan ketib, bu yoqda faqat taxminlar qoladi.

– Ha, bu eng tashvishlanarli hol va buning sabablarini ham bir necha umumiy va xususiy omillar bilan izohlash kerak boʻladi. Masalan, menimcha suitsid haqidagi maʼlumotlar ommaviy oshkor etilishi, uning sabab va oqibatlari muhokama qilinishini ham shunday omillar sirasiga qoʻshish mumkin. Biror oʻsmirning oʻz joniga qasd qilgani haqidagi xabar internet tarmoqlari orqali bir zumda butun dunyoga tarqatilmoqda. U oʻzini qayerda, qanday osgani yoki zaharlagani tafsiloti mish-mishlar asosida qoʻshib-chatib izohlab berilmoqda. “Maktabda boʻladigan tadbirga onasi pul bermagani uchun...”, “Otasi kompyuter yoki qoʻl telefoni olib bermagani sababli...”, tengdoshlarining “U sening onang emas, onang sizlarni tashlab boshqasi bilan ketib qolgan”, deb koʻpchilik orasida malomat qilingani uchun kabi koʻplab sabab va taxminlar “urchitilmoqda”.

Bunga asosan shov-shuv koʻtarish, oʻquvchini koʻpaytirish vositasida daromad topishni maqsad qilgan ijtimoiy tarmoqlar, saytlarning “munosib hissa qoʻshayotgani”ni aslo inkor etib boʻlmaydi. Motiv, tafsilot, “qoʻllanma” sifatidagi bunday maʼlumotlarga ega, aqldan koʻra hissiyotga erk berishga moyil ayrim yoshlar maqsadiga erishish uchun oqibati oʻlim bilan tugashini hisobga olmay ota-onasini bir “qoʻrqitib” qoʻymoqchi boʻladi. Oiladagi ogʻir muhit, ota-onasining oʻzaro munosabati, oila aʼzolari yoki atrofidagilarning oʻziga nisbatan tahqirlovchi, johilona, zulmkor munosabati zamirida yuzaga kelgan tushkun vaziyatdan chiqib ketishning eng qulay yechimini oʻz joniga qasd qilishda koʻradi.

Yoki internet tarmogʻidagi, qoʻl telefoni, kompyuterda oʻynaladigan turli oʻyinlar, televideniye orqali namoyish etilayotgan ayrim filmlar ham axborot xurujining bir yoʻnalishi sifatida keng tarqalganki, ularning inson ruhiyatiga, ayniqsa, hali shaxs sifatida toʻliq shakllanib ulgurmagan, mustaqil fikriga ega boʻlmagan yoshlar ongiga salbiy taʼsiri suitsid holatlari koʻpayishiga sabab boʻlmoqda. Jangarilik, qotillik, oxir zamon, turli tabiiy falokatlar, jamiyatdagi boshqa koʻplab salbiy holatlar mavzusidagi filmlarni muntazam koʻradigan bola kelajakka ishonchini yoʻqotib boradi va uning miyasida shunday holatlarni boshdan kechirmaslik uchun chora izlash boʻyicha psixologik jarayonlar uygʻona boshlaydi.

Buni bir misolda koʻrish mumkin: agar bugun bir guruh oʻquvchini toʻplab rasm chizish boʻyicha tanlov oʻtkazsangiz yoki shunday topshiriq bersangiz ularning aksariyati jangari film qahramonlari, odam savdosi, giyohvandlik, yongʻin, oʻrgimchak toʻri elementlari mavjud suratlar chizib, yorqin ranglardan foydalanmayapti. Bu ularning ongida ezgulikdan koʻra yovuzlik haqidagi axborotlar ustunlik qilayotgani, jamiyat va tabiat salbiy hodisalari oldida oʻziga nisbatan qoʻrquv va kelajakka umidsizlik shakllanayotganidan dalolat beradi. Bu bizning uch bosqichli – 0-3, 3-7, 7-18 yoshli taʼlim-tarbiya tizimida bolada immunitetni shakllantirish borasida yoʻl qoʻyayotgan xatolarimiz borligini koʻrsatadi. Eng ayanchlisi, hatto 8-10 yoshli bolalar oʻz joniga qasd qilgan holatlar ham uchramoqda. Vaholanki, bu yoshda bola oʻlim haqida nimani biladi, hayot haqida-chi? Hali hayot, oʻlim haqida aniq bir tasavvur ham, fikr ham boʻlmaydi-ku, bu yoshda!?

Yana bir omil, ota-ona farzandini moddiy tomondan bekamu-koʻst taʼminlab qoʻyishi, chiroyli kiyintirishi, telefon, kompyuter olib berishi, choʻntagiga katta-katta pul solib qoʻyishi mumkin va hokazo. Lekin bularning birortasi bolaga berish kerak boʻlgan haqiqiy mehr va ajratilishi kerak boʻlgan vaqtning oʻrnini bosa olmaydi. Bola bilan uch yoshgacha podshoh, oʻn yoshgacha qul, oʻn yoshdan keyin doʻst sifatida munosabatda boʻlish kerak, degan gap bor. Aksariyat hollarda farzandi orzu qilgan barcha sharoitlarni muhayyo qilgan ota-ona bolasining ayni damdagi oʻy-xayoli, rejasi, muammosi haqida u bilan bir kunda yarim soatgina samimiy suhbatlashishni ortiqcha deb biladi. Oʻz uyida topa olmagan eʼtiborni bola koʻchadan, begonalardan topishi ham qiyin boʻladi. Oilada va jamiyatda yolgʻizlanib qolgan oʻsmirda hayotda oʻz oʻrni borligini koʻrsatib qoʻyish istagi tugʻiladi, ongida hayot ziddiyatlariga qarshi kurash boshlanadi va bu kurash jarayoni bolada asabiylik, ruhiy zoʻriqish holatlarini rivojlantirib, affekt holatigacha olib boradi hamda, afsuski, ayrim hollarda bu oʻz joniga qasd qilish bilan tugaydi.

Yana bir omil – bolaning atrof-muhit bilan bogʻliq ekani. Bolaning tashqi koʻrinishi, kiyinishi, oʻzini tutishiga yondashuvda ajratib koʻrsatish, tabaqalash natijasida unda diviant xulq-atvor hosil boʻladi. Diviant xulq-atvor oʻzi nima? Bu jamiyatda umumeʼtirof etilgan qoidalarga zid xatti-harakatlarni amalga oshirishdir. Misol uchun, maktab va kollejlarda oʻquvchilarni tenglashtirish maqsadida oʻquvchi formasi degan masala bor. Bu masala bizda hali toʻliq tartibga solingan, deya olmaymiz. Bugungi kunda taʼlim muassasasiga oʻquvchi oʻz tanloviga koʻra, biri jinsi shim, boshqasi krossovka kiyib borayapti va bu yerda bolaga birinchi erkinlik berib, diviant xulq-atvorga oʻtish yoʻlidagi dastlabki qadamga ruxsat berilyapti. Oʻquvchi, “demak shunday qilsam boʻlaverar ekan”, degan xulosada ikkinchi umumeʼtirof etilgan qoidani buzadi. Uchinchisidan keyin esa unga tanbeh berish, cheklash kabi choralar koʻriladi. Erkinlikka oʻrganib qolgan oʻquvchi buni huquq va erkiga tajovuz qilish, deb oʻylaydi. Ayniqsa, koʻpchilik orasida muhokama qilish, shaxsiyatiga tegish unga ogʻir botadi. Demak, koʻp muhokamaga sabab boʻlayotgan soqol, kalta yubka va boshqalar toʻgʻrisida bolada diviant xulq-atvor paydo boʻlmasdan oldin tushuntirish ishlari olib borish zarur. Biz esa diviant xulq-atvor eng yuqori darajasiga yetganda yoshlarga tazyiq oʻtkazishni boshlaymiz. Bu – bizning tarbiyadagi katta xatomiz boʻladi.

– Bunday xatolarni tuzatish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz?
– Bizda pedagog va psixologlarga suitsidologiya fanini oʻqitish tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Toʻgʻri, bu fan psixologlarga qisman oʻqitiladi, lekin pedagoglar ham maʼlum maʼnoda psixolog boʻlishi kerak. Shu nuqtai nazardan, rivojlangan davlatlarda chuqur oʻqitiladigan suitsidologiya fanini bizning pedagog va psixologlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarida ham qatʼiy oʻqitish, malaka oshirish, qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish kerak. Zero, qoʻlimizda suitsidga qarshi kurashish uchun qurol boʻlishi lozim. Shuningdek, ota-onalar uchun ham bu masalada qandaydir bilim berish yoʻllarini oʻylab koʻrish kerak.

Bolaning kun tartibidagi bir xillikni yoʻqotish zarur. Nevrasteniya kasalligiga sabab boʻladigan bir xillik tibbiy nuqtai nazardan bolada tushkunlik holatini keltirib chiqaradi va bu ham oʻz joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkin. Baʼzan farzandimizning yaxshi kelajagini taʼminlash maqsadida uni majburiy ravishda turli mashgʻulotlarga chambarchas bogʻlab tashlaymiz. U ertalab maktabga, darsdan keyin sport seksiyasiga, keyin til oʻrganish markaziga boradi, uyda yarim tungacha uyga berilgan vazifalarni bajarishi kerak. Yil boʻyi davom etadigan bunday bir xillilik, boz ustiga zoʻriqish bolani zeriktirishi va bezdirib qoʻyishi mumkin. Bolada yangiliklarni qabul qilish darajasi pasayib, tushkunlik kayfiyatiga berilib ketadi va unda bu holatdan chiqish uchun “shunday qil”, degan ichki ovoz paydo boʻla boshlaydi.

Bundan tashqari, bugun koʻp muhokamalarga sabab boʻlayotgan oʻzini osish, zahar ichish kabi ochiq sahnalar koʻrsatilayotgan teleseriallar, milliy mentalitetimizga yot turli reklama roliklari, kliplar kabi ommaviy targʻibot vositalari orqali tarqatilayotgan mahsulotlarning mazmun-mohiyati, gʻoyaviy-badiiy qiymati, ularning ongga taʼsiri darajasini aniq bilmay turib ommalashtirmaslik choralarini koʻrish kerak. Gʻarb davlatlarida bunday masalalar bilan ilmiy muassasalar, laboratoriyalar, markazlar shugʻullanadi.

Xulosa qilib aytganda, suitsid – ijtimoiy kasallik, uni davolash uchun jamiyatning har bir aʼzosi, oila, maktab, mahalla, taʼlim muassasasi, davlat va jamoat tashkilotlarining uygʻunlikdagi faoliyati konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish lozim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonda yoshlar nega oʻz joniga qasd qilmoqda?