08:56 / 15.03.2019
5 610

Mirabror Usmonov olamdan oʻtdi

Mirabror Usmonov olamdan oʻtdi
Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasining sobiq prezidenti, senator Mirabror Usmonov vafot etdi.

71 yoshli Mirabror Usmonov 12 mart kuni reanimatsiya boʻlimiga yotqizildi. U oʻpka va nafas yoʻllari bilan bogʻliq xastalik sabab klinikaga olib kelingandi. Bugun, 15 mart kuni u hayotdan koʻz yumdi.

Mirabror Zufarovich Usmonov 1947 yil 4 iyulda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1978 yilda Samarqand kooperativ institutini iqtisodchi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 1961 yildan 1967 yilgacha — Toshkent shahridagi “Bahor” restoranida oshpaz, 1970 yilda — Toshkent shahridagi “Guliston” restoranining ishlab chiqarish boʻyicha mudiri, 1970 yildan 1986 yilgacha — “Doʻstlik” va “Zarafshon” restoranlari direktori, Toshkent shahri restoranlar tresti direktori, 1986 yildan 1990 yilgacha — Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasining Umumiy ovqatlanish bosh boshqarmasi boshligʻi boʻlib ishlagan.

1990 yildan 1992 yilgacha — Oʻzbekiston Respublikasi savdo vaziri, 1992 yildan 1994 yilgacha — “Oʻzbeksavdo” kompaniyasi raisi, 1994 yildan 2005 yilgacha — Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari, 2006 yildan 2017 yilgacha - Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti boʻlgan. 2005 yildan buyon Oliy Majlis Senati aʼzosi. 2013 yildan 2017 yilgacha Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti sifatida ishlagan.

Mirabror Usmonov 1995 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 1997 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Maqtov yorligʻi, 2006 yilda “Oʻzbekiston mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni, 2012 yilda El-yurt hurmati ordeni bilan mukofotlangan. 2017 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Zamin.uz tahririyati marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mirabror Usmonov olamdan oʻtdi