17:39 / 20.03.2019
6 904

Kredit koʻchada yotmaydi yoxud tadbirkorlik shashtini soʻndirishga “ustanovka” qilinganlar

Kredit koʻchada yotmaydi yoxud tadbirkorlik shashtini soʻndirishga “ustanovka” qilinganlar
Xalqni tadbirkorlikka oʻrgatish, shubhasiz, elni ham, mamlakatni ham boqadi. Bu aholi oʻrtasidagi ishsizlik, jinoyatchilik, korrupsiya, boqimandalik kabi oʻnlab illatlar oʻz-oʻzidan barham topishiga sharoit yaratadi. Ayniqsa, oilaviy tadbirkorlik aholi soni koʻpayib borayotgan mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni saqlashning muhim yechimi sanaladi. Xitoy tajribasi ham butun dunyoga bu borada yaqqol oʻrnakdir.

Yangi imkoniyat va qoʻshimcha choralar
Mamlakatimizda kichik biznesni, oilaviy tadbirkorlikni izchil rivojlantirishga kirishilgan. Bu haqda qancha-qancha qonun hujjatlari, farmonu qarorlar, nizomu tartiblar ishlab chiqilmagan deysiz. Hatto davlat rahbari har bir tadbirkor shaxsan oʻzining himoyasida ekani, unga qarshi chiqish Prezident siyosatiga qarshi chiqish bilan barobar ekanini baralla aytdi. Tadbirkorlarni imtiyozli kreditlar bilan taʼminlash uchun banklar masʼuliyati tobora oshirilmoqda. Shuncha imkoniyat, shuncha sharoit... Unda nega tadbirkorlik, ayniqsa, biror faoliyat bilan oilaviy shugʻullanib, roʻzgʻorga qoʻshimcha daromad kiritish barqaror rivojlanib ketmayapti?

Joriy yil 7 mart kuni Prezidentning yana bir qarori qabul qilindi: “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”. Hujjat nomidan ham koʻrinib turibdiki, bu sohada imtiyoz va imkoniyatlar yanada kengaytirilgan. Bular haqida quyida toʻxtalamiz hali. Hozir esa kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikka shu kunga qadar toʻsiq boʻlib kelayotgan ayrim muammolar, xususan, tadbirkorlik uchun ajratilayotgan kreditlar atrofidagi “oʻyin”lar xususida biroz mulohaza yuritsak.

Kredit sizga, pul oʻzganing “choʻntagi”ga
Banklarning katta-katta kreditlari evaziga namunali tarzda qurilayotgan ulkan issiqxonalar, parrandachilik, chorvachilik fermalarini qoʻya turaylik. Ular oʻz yoʻliga. Keling, uyida, ana boringki, hovlisida 100-200 ta tovuq yoki 2-3 ta qoramol boqish, kichik ishlab chiqarish, mini sex yoki xizmat koʻrsatish shoxobchasi ochish uchun kredit olmoqchi boʻlganlar duch kelayotgan muammolarga mutasaddilar eʼtiborini qaratsak.

Koʻpchilikning esida boʻlsa kerak. Bank xodimlari uyma-uy yurib kredit kerakmi, deya soʻrab chiqishgandi. Avvaliga nahotki shunday zamonga yetib kelgan boʻlsak, deya chinakamiga hayron boʻldim. Ammo keyin aniq boʻldiki, bu qogʻozbozlikdan boshqa narsa emas ekan. Koʻpchilik bank xodimlariga rahmi kelgani uchun ham “Menga kredit kerak emas” deya imzo chekib berdi. Bunga ishonib, ancha oson boʻlibdi shekilli, degan umidda bankka borganlar esa ilgarigidan-da koʻproq yugur-yugur hamda qogʻozbozlikka uchrab, shashti qaytgani ham rost.

Oʻtgan yili gazetamizda tovuq boqish uchun bankdan kredit olib, tovuqlar oʻlib, oxir-oqibatda bir qariya pensiyasidan kreditni yopayotgani haqida tanqidiy maqola eʼlon qilingan edi. Afsuski, bunday holat deyarli har bir hududda hali-hamon uchraydi.

Misol uchun, qoramol boqish yoki hoʻkiz semirtirish maqsadi­ngiz boʻlsa birinchi nima qilasiz? Avvalo, bozorga borib zoti aʼlo, sogʻligʻi yaxshi boʻlgan yosh qoramolni obdan tanlab, narxiyu bahosini surishtirib, kelishtirib xarid qilasiz. Toʻgʻri-da, ertaga oʻsha qoramoldan foyda koʻrish uchun birinchi qadam shu. Agar mablagʻingiz boʻlmasa-chi? Marhamat, banklar imtiyozli kredit beradi buning uchun. Faqat... kichkinagina “shart”lari bor.

Avvalo, biznes reja, yem-xashak taʼminoti uchun shartnomalar, maxsus qurilgan molxona va uning fotosuratlari, mahalladan maʼlumotnoma, tavsiyanoma, yana bir qancha ...nomalar. Va kredit qaytishiga kafolat, sugʻurta... Bularning hammasini toʻplashga muvaffaq boʻldingiz ham deylik. Ammo molbozorga oshiqishga shoshilmang. Endi bank tavsiya qilgan fermadan shartnoma opkelasiz. Tartib shunaqa, hech kim kreditni qoʻli­ngizga oling, deya naqd tutqazmaydi. Pul oʻsha fermaning hisob raqamiga oʻtkaziladi. Obbo...

Endi oʻylab koʻring. Pul oʻtkazish yoʻli bilan zotdor, sifatli mol olish mumkinligiga ishonasizmi? Oʻsha ferma rahbari ham anoyi emas, yaxshi molni birinchi galda bozorga chiqarib sotadi. Toʻgʻri-da, u ham yem-xashakdan tortib, molning ipigacha naqd pulda sotib oladi, “perechisleniye” u uchun ham ancha “nevыgodno” va boshogʻriq.

Nihoyat, bu ovoragarchiliklarning barchasi yigʻilib kelib, yaxshi niyatda kredit olgan boʻlgʻusi tadbirkorning boshida sinadi. Kredit evaziga olgan bir ahvoldagi qoramoldan foyda qilish u yoqda tursin, yaxshigina zarar koʻradi. Bu yoqda oyma-oy kredit toʻlashi kerak. Kreditni oʻz vaqtida undirishga qiynalib ketgan bank xodimi esa ikkinchi marta bunaqa odamga kredit bermaslikka qasam ichadi.

Xoʻsh, mana shu holatda muammoning ildizi qayerda? Bunday samarasiz kreditdan kim manfaatdoru, aybdor kim?

Imtiyozdan “imtiyozli” foydalanish yoʻli
Kredit olishdagi asosiy muammo bu — shu summadan ortiq boʻlgan mol-mulkni garovga qoʻyish yoki kredit qaytarilishiga kafolat beradigan biror tashkilotning kafilligi. Tayyor mol-mulk boʻlsa, uni garovga qoʻysangiz muammo yoʻq, banklar uchun eng osoni ham shu: qaytarilmasa, tayyor mol-mulkni musodara qilib olib qoʻyaveradi.

Agar kredit oluvchining shuncha mol-mulki boʻlmasa-chi? Bu tabiiy, chunki aksariyat kichik tadbirkor yoki oilaviy korxona yangi ish boshlayotgan boʻladi. Qolaversa, shuncha mol-mulki boʻlsa, uni garovga qoʻyib, foiz toʻlab oʻtirmasdan ularni sotib ham ish boshlashi mumkin-ku.

Tadbirkorlikni boshlamoqchi boʻlgan tanishlarimdan biri yaqinda shu masalani aytib qoldi. Qariyb uch yildan beri bankma-bank, tashkilotma-tashkilot yugurib yuribdi. Hatto xalq qabulxonasining respublika idorasiga ham bir necha marta shu masalada murojaat qilganini aytdi. Uning muammosi shundaki, soʻragan krediti garoviga yetarli mol-mulki yoʻq. Lekin kredit qaytarilishiga sugʻurta kompaniyasi kafillik xati bergan. Afsuski, birorta bank bu kafillik xatini qabul qilmaydi. Aslida kredit berish shartlarida kafillik xati asosida kredit ajratish mumkinligi aytilgan. Banklar esa turli bahona bilan buni inobatga olmaydi. Nima emish, ajratilgan kredit qaytarilmay qolsa, banklar sugʻurta kompaniyalari bilan sudlashib yurishni istamas emish.

Tadbirkor oilaviy korxona sifatida oʻzining egaligida boʻlgan yer maydonida oʻsha hududning ehtiyoji uchun aholiga xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etmoqchi. “Qurilayotgan shu obyektning oʻzini kredit uchun garovga qoʻyayin unda” desa, banklar bu tomoniga ham koʻnmayotgan ekan. Endi oʻylab koʻraylik, ish oʻrinlari yarataman, qishloqqa infrastruktura olib kiraman, degan bir tadbirkor shunday paytda nima qilsin?

Banklar aslida kredit oladigan mijoz uchun raqobat qilishi kerak emasmi? Afsuski, hududlardagi bank filiallarining aksariyatida buning teskarisi. Ular kredit soʻrab borgan tadbirkorni nima boʻlsa ham qaytarish, kredit bermaslik yoʻllarini qidirishga “ustanovka” qilingandek goʻyo.

“Bunga sabab — imtiyozli kreditlarni faqat «imtiyozli” odamlarga berish. Buyogʻi tanish-bilishchilik...»,

deydi oʻsha tanishim nimagadir shaʼma qilib. Mayli, dalil ustida ushlamasdan kimnidir ayblash fikridan yiroqmiz. Biroq yaqinda urgutlik keksa bir dehqon aytib bergan voqeani eshitib, tanishimning gapida jon bordek tuyuldi menga.

Gap shundaki, oʻsha otaxon hovlisidagi qariyb uch sotix yerni kovlab, tabiiy isiydigan moʻjazgina issiqxona qurdi. Hammasini oʻz kuchi va mablagʻi evaziga bunyod qilganiga guvohman. Na birovdan, na bankdan bir soʻm soʻradi. Oʻtgan yili kuzda oʻsha otaxonning oldiga bankda ishlaydigan hamqishlogʻi kelib iltimos qildi. “Shu issiqxonangizga kredit rasmiylashtirsak...”. «I-ye, axir menga kredit kerak emas.

Issiqxonani qurib boʻlgan boʻlsam. Limonlarim allaqachon hosilga kirgan». “Yoʻq, sizga bermaymiz, kreditni oʻzimiz olamiz. Siz faqat har zamonda tekshiruv kelganda indamasangiz boʻldi”, dedi bank xodimi quvlik bilan... Xullas, qurilgan, ishga tushgan oʻsha issiqxona uchun kreditni bank xodimining oʻzi kelib osongina rasmiylashtirib ketdi. Faqat u kreditdan kim, nima maqsadda foydalanganini issiqxona qurgan otaxonning oʻzi ham bilmaydi.

“Unisi avval ber deydi, bunisi avval qur deydi”
— Oʻzimga tegishli boʻlgan tomorqada kichik issiqxona qurish uchun 2018 yilda Milliy bankning Urgut tuman filialiga murojaat qilgan edim, — deydi Gʻ.Asatullayev. — Avvaliga yerni oʻz mablagʻim evaziga kovlatib, issiqxona joyini tayyorladim. Keyin bank xodimlari kelib koʻrib, ikki-uch kunda kredit ajratilishini aytishdi. Ammo mana yarim yildan ziyod vaqt oʻtdi hamki kreditdan darak yoʻq. Men bankka bir necha bor murojaat qildim. Lekin foydasi boʻlmadi.

Xoʻsh, bu yerda muammo nimada? Muammo shundaki, bank kredit summasini oʻtkazib berish uchun muayyan bir qurilish firmalarini tavsiya etadi. Issiqxona qurmoqchi boʻlgan tadbirkor faqatgina oʻsha tashkilotlar orqali issiqxona qurishi mumkin. Ular esa, birinchidan, darrov qurib berishni paysalga soladi, ikkinchidan, koʻrsatadigan xizmatlari va mahsulotlarini bozor narxidan anchagina qimmat hisoblaydi. Misol uchun, men oʻzim qurayotgan issiqxona uchun 15 million soʻm atrofida mablagʻ ketadi. Buni ustalar ham hisoblab berishgan. Bank krediti oʻtkaziladigan qurilish firmalari esa oʻsha issiqxona qurilishi 20-22 millionga tushishini aytishyapti.

Mayli, bunga ham rozi boʻlamiz deylik. Lekin keyin yana bir katta muammo yuzaga keladi.

Oʻsha qurilish firmasi bilan kelishib, mayli, ishni boshlaylik, desangiz bank pulni hisob raqamimga oʻtkazsin deydi. Bankka borib buni aytsangiz, oldin qurib bersin, keyin kreditni oʻtkazib beramiz, hozircha faqat kafolat xati beramiz deydi. Xullas, bu yogʻi oxiri yoʻq savollar: oldin tovuq paydo boʻlganmi yoki tuxum?..

Maqsad — tadbirkorlarni koʻpaytirish (mi?)
Tadbirkorlik bilan shugʻullanaman, uch-toʻrt odamni, hech boʻlmasa farzandlarimni ish bilan band qilib, roʻzgʻorga ham, jamiyatga ham biror naf keltiraman, deya ezgu ishni boshlamoqchi boʻlgan odamlar uchrayotgan ayrim muammolar bular. Agar joylarda hokimlik, bank, moliya mutasaddilari haqiqatdan ham kichik biznesni, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish niyatida boʻlishsa, bu muammolar yechimini jiddiyroq oʻylab koʻrishlari kerak.

Endi Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qarori toʻgʻrisida ikki ogʻiz. Hujjatda biz yuqorida mulohaza qilgan ayrim muammolar yechimi ham aytib oʻtilgan. Xususan, dastlab shartnoma asosida loyiha egasi (kredit oluvchi)ga mahsulotlar (masalan, qoramol) yetkazib berilishi, loyiha egasi (kredit oluvchi) yetkazib berilgan mahsulotdan qanoatlanish hosil qilgandan soʻng tegishli mablagʻ bank tomonidan mahsulot yetkazib beruvchining hisob raqamiga oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan.

Markaziy bank hamda loyihada ishtirok etayotgan tijorat banklariga xonadonma-xonadon yurib imtiyozli kreditlardan foydalanish samarasi, natijadorligi va belgilangan muddatlarda qaytarilishini muntazam ravishda nazorat qilib borish vazifasi yuklatildi. Bu bilan ular kreditni ortiqcha ovoragarchiliksiz, tadbirkor uchun qulay shartlarda, eng asosiysi, maqsadli tarzda ajratishga, shunday tadbirkorlar safini kengaytirishga ham masʼul ekanliklarini anglasalar nur ustiga nur boʻladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kredit koʻchada yotmaydi yoxud tadbirkorlik shashtini soʻndirishga “ustanovka” qilinganlar