23:50 / 21.03.2019
8 049

Oʻqimishli kelin

Oʻqimishli kelin
Koʻp qavatli uyda yashaydiganlar juda yaxshi bilishadi, qoʻshnining uyidan sal baland ovoz chiqsa ham barchaga eshitiladi. Ayniqsa, kelin tushirgan xonadonlarda. Sababi, barchaning diqqat eʼtibori yangi kelin kelgan uyga qaratiladi.

Ikki yil oldin yon qoʻshnimiz kelin oldi. Oliy maʼlumotli, yaxshi joyda ishlaydigan qiz. Toʻydan soʻng kelinlik vazifalarini bajarar, soʻngra ishga ketib, tushdan soʻng qaytardi. Har kuni tongda turib yoʻlakni supurib, yuvib qoʻyardi. Qoʻni-qoʻshnilar bilan ham tanishib olgan. Shirinsoʻz, doim qoʻli koʻksida, oʻqimishli ekani shundoqqina bilinib turardi. Uyda yoshi ulugʻlar borligi uchun keldi-ketdili xonadon. Kelin barchasiga ulgurardi, ham ishga, ham uy ishlariga, ham mehmon kutishga. Bu orada magistraturaga ham kirishga ulgurgandi. Lekin bora-bora uning ishlashi uydagilarga yoqmay qoldi. Har kuni ertalab bolasini onasiga tashlab, tushgacha oʻqishga borardi. Bir kuni kelin koʻrinmay qoldi.

Qoʻshnilarning bir yigʻinida buvisi “Kelinni ketkizib yubordik, bizga oʻqimishli kelin kerak emas. Nabiramga oʻqimagan, uydagi ishlarni qilib oʻtiradigan kelin olib beraman. Uyimizga mehmonlar koʻp kelishadi. Kelin oʻqishda vaqti men choy damlaymanmi? Qizlarim bunga hech qachon yoʻl qoʻyishmaydi. Axir, men qaynonaman, kelinga xizmatkor emas”, dedi. Axir, guldek bola bor-ku, desak, bolani boshqasiyam tugʻib bera oladi, deydi. Toʻgʻrisi, hech nima deyolmay qoldik. Shunday yoshi ulugʻ onaxondan bunday gapni kutmagandik. Nahotki, kelin uyda yoʻqligida bir choynak choy damlash ham malol kelsa?!

Yaqinda oʻsha kelin bilan koʻrishib qoldim. “Bolam uchun qaytaman, dedim, lekin erimning uyidagilari oʻqishimni, ishimni tashlashimni talab qilishdi”, deydi. Eri esa uyimdagilar nima desa, shu debdi. Nahotki, ish yoki oʻqish bir ­oilani buzishga arzisa. Oilaning kattalari toʻgʻri yoʻl koʻrsatish oʻrniga, ajrashtirib yuboraversa, tirik yetimlar uvoliga qolishmasmikan?
Umidaxon TILAVBЕKOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻqimishli kelin