12:43 / 23.03.2019
6 275

Qoʻqondagi xon oʻrdasi

Qoʻqondagi xon oʻrdasi
Aksar minoralar tepasiga laylaklar in qurgan. Qizigʻi, ular issiq oʻlkalarga uchib ketmay, shu yerda qishlar ekan. Buning sirini bilasizmi?

Aslida nomiga nisbat qoʻshib aytiladigan shaharlar jahonda barmoq bilan sanarli. Shulardan biri Fargʻona marvaridi sanalgan Qoʻqon shahridir. Hoʻqandi latif... Latif soʻzi juda koʻp maʼnoni anglatadi. Lutfli, karamli, fayzli, latofatli, shoiru fuqarolar, olimlarga vatan boʻlgan yurt. Necha zamonlar Hoʻqandi latif nafaqat Movarounnahrning, balki butun Sharqning sheʼriyat, nazm-navo, maʼrifat markazlaridan biri boʻlib kelgan.

Mazkur shahar koʻchalarini piyoda kezsangiz, eʼtiboringiz markazida, albatta, Xudoyorxon oʻrdasi boʻladi. Qadimiy obidaning ulugʻvorligi aqlni shoshirib qoʻyadi. Uning yaqinidagi maydonda oq laylaklar uchib-qoʻnib yuribdi. Buni qarang, bu ulkan qushlar odamlardan choʻchimaydi. Koʻpchilikning mehri ularni shunday yoʻl tutishiga sabab boʻlgan.

Bu maskanga tashrif buyurgan xorijliklarni koʻpincha tinchlik, osoyishtalik, ezgulik ramziga aylanib ulgurgan ana shu laylaklar va ularning polaponlari qiziqtirar ekan. Mana, sayyohlar tik turganicha, qushlarga don socha turib oʻzgacha zavq hissini tuymoqda. Shuning uchun sevimli yozuvchimizning “Oʻtkan kunlar” romanida yorqin boʻyoqlar yordamida tasvirlangan shaharning yuragi hisoblangan Xon oʻrdasidan u yogʻi Amerikadan, bu yogʻi Fransiya, Germaniya, Italiyadan hamda Xitoyu Yaponiyadan kelgan sarguzasht ishqibozlarining qadami uzilmas ekan. Ziyorat chogʻida shundoqqina yonidagi son-sanoqsiz minoralarni qoʻli bilan ushlab koʻrib, yonidan jilolmay turgan sayyohlar bilan yuzma-yuz keldim. Buni qarang, bu yerda Qoʻqon doʻppisi, Margʻilon atlasi hamda boshqa buyumlardan ajoyib va takrorlanmas kolleksiya namoyish etilayotgan ekan. Turfa gullarning xushboʻy ifori dimogʻni qitiqlaydi. Shunda, bir umr kindik qoni tomgan Qoʻqonni sogʻinib oʻtgan Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Furqat armonlari sababini ilgʻaganday boʻldim.

Buni qarang, bu joyda qadimda Amiriy, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy, Furqat, Xaziniy sheʼriyat bongini chalib, mashvarat oʻtkazgan boʻlsa, Mohlaroyim nomi bilan ataluvchi madrasada Nodira, Uvaysiy, Mahzuna sheʼriyat bazmini uyushtirgan. Yana shu zamindan yetishib chiqqan Usmon Nosir, Charxiy, Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla oʻzlariga soʻzdan haykal qoʻyib ketgan.

Eʼtiborni jalb etadigan, hayratga sabab boʻladigan eksponatlardan biri aravadir. Maʼlumki, ajdodlarimiz ming yillar davomida qoʻqonaravadan foydalangan. Xudoyorxon oʻrdasida shunday aravalardan uch-toʻrttasiga koʻzingiz tushadi. Arava otdan ajratilsa, shotisi osmonga koʻtarilib qoladi. Qoʻqon aravada tezlikni oshirib boʻlmaydi, bu qiyin va xavfli.

Baland minora ustiga doira shaklida in qurgan laylak ham qishni shu makonda oʻtkazar ekan. Bu hol uzoq yillardan buyon muttasil ravishda takrorlanib turar ekan. Unga mayin esib turadigan Qoʻqon shamoli va boshqa ofatlar ham taʼsirini oʻtkaza olmayotir. Buning izohi yoʻq. Shu bois odamlar ham laylakni avaylaydi. Xon oʻrdasidagi son-sanoqsiz minoralar ajdodlarimizning kimligini bizga hamisha eslatib turadi. Laylaklar esa, yurtimizga tinchlik, xotirjamlik va qut-baraka tilaganday goʻyo.
Ulugʻbek JUMAYEV

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoʻqondagi xon oʻrdasi