18:42 / 24.03.2019
4 195

Gepatit A ga qarshi vaksinatsiyaga majburlashsa, fuqaro qanday yoʻl tutishi kerak?

Gepatit A ga qarshi vaksinatsiyaga majburlashsa, fuqaro qanday yoʻl tutishi kerak?
Gepatit A vaksinasi haqidagi oʻtgan safargi maqoladan keyin juda koʻp mushtariylardan turli xil taklif va savollar oldik. Ularning aksariyati “Nima uchun vaksinatsiya bunchalik qimmat?”, “Agar farzandimni gepatit A vaksinasiga emlashga sharoitim boʻlmasa, maktabgacha taʼlim muassasasi yoki maktab farzandimni qabul qilishdan bosh tortishi va vaksinatsiyaga majburlashi mumkinmi?” degan umumlashgan savollardan iborat boʻldi. “Daryo” kolumnisti Abdulazizxon Akramov mana shu muammoli savollarni bir qadar oʻrganib, ularga javoblar topishga harakat qildi.

Avvalo, shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, emlash jarayoni juda koʻp rivojlangan davlatlarda keng qoʻllanilib kelayotgan va oʻz ijobiy taʼsirini tasdiqlagan tibbiy amaliyot hisoblanadi. Davlat tomonidan taʼminlanadigan va bola tugʻilganidan boshlab maʼlum taqvim asosida amalga oshiriladigan emlash hech shubxasiz foydali jarayondir. Gepatit A virusi ham jigar toʻqimasini zararlashi va, agar kasallik holati yuzaga kelsa, bir necha ogʻir asoratlarga olib kelishi yoki tuzalgach ham umr davomida qaytalanish ehtimoli bor kasalliklar roʻyxatiga kiradi. Aslini olib qaralsa, bola kasal boʻlib, vaksinaga sarflangan moddiy mablagʻdan oshiqroq mablagʻ ketishi, bundan tashqari, bola sogʻligini yoʻqotishi oldida hozirgi gepatit A vaksinasi ancha arzon va samarali. Ammo shuni ham eʼtiborga olish kerakki, aholining hammasi ham doimo bu sharoit va mablagʻga ega boʻlmasligi, bir vaziyatda mana shu mablagʻ va majburlov ham ogʻir tuyulishi bor gap.

Narx masalasiga oydinlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston bozoriga vaksinani olib kiruvchi firmalardan biri — “Tibbiyot dunyosi” MCHJ bilan bogʻlandim.

“Tibbiyot dunyosi” MCHJ rahbari bilan bogʻlanganimda ular meni bajonudil qabul qildi. MCHJ rahbari Oʻzbekiston tibbiyoti rivojiga katta hissa qoʻshayotgan, xorij tajribasini joriy qilishda jonbozlik qilayotgan savobtalab inson ekan. Barcha maʼlumotlar, xususan, vaksinani olib kelish, saqlash, mahsulot tannarxi, uni yetkazishga oid maʼlumotlarni ochiq-oydin taqdim etishdi. Oʻrganishlar natijasida shunga amin boʻldimki, gepatit A ga qarshi vaksina nafaqat Yevropa, balki MDH davlatlari orasida ham Oʻzbekistondan arzonroq ekan. Bunga, albatta, yuqoridagi tashkilot tashabbusi va tadbirkorligi, ishni toʻgʻri tashkil qilingani katta omil boʻlib xizmat qilgan.

Qoʻyiladigan narx bir qancha xarajatlar, xususan, vaksinani Xitoydagi zavoddan olib kelish, saqlash, tarqatish, ishchilar maoshi, Farmqoʻmitadagi tekshiruvlar va boshqa koʻzda tutilmagan xarajatlar hisobga belgilanishini bilib oldim. Bundan tashqari, tashkilot bir qancha kam taʼminlangan oilalarga har oyda bepul vaksina qilib berib turar ekan.

Vaksinalash jarayoniga majburlovchi qaror bor-yoʻqligini oxirigacha aniqlash maqsadida sogʻliqni saqlash ishonch telefoniga qiyinchilik bilan bogʻlandim. Ammo ular sogʻliqni saqlash boshqarmasiga, boshqarmadan Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya markazi oʻrinbosariga, undan tashkilotning respublika boʻyicha rahbariga bogʻlandik. Ular bunga hech qanday majburlovchi qaror yoki qonun yoʻqligini, epidemiologiya markazi faqat tashviqot va tushuntirish ishlarini amalga oshirishini aytib oʻtdi. Bundan tashqari, fepatit A vaksinasi olib kelingach, gepatit bilan kasallanish soni keskin tushganini, kasallanish oʻchoqlari kamayganini statistika orqali maʼlumot berdi.

Xulosa qilib aytganda, gepatit A vaksinasi kasallanish xarajatlaridan va bola kelajagi oldida ancha arzon. Ammo majburlovchi biror qaror yoʻq. Agar majburlanadigan boʻlsa, fuqaro bemalol adliya vazirligiga, prokratura yoki sudga murojaat etishi mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gepatit A ga qarshi vaksinatsiyaga majburlashsa, fuqaro qanday yoʻl tutishi kerak?