21:30 / 24.03.2019
3 398

“Miyadagi kinoteatr”. Nima uchun koʻp oʻqish kerak?

“Miyadagi kinoteatr”. Nima uchun koʻp oʻqish kerak?
Yoshligimda uyimizda eng koʻp eshitganim bu: “Badiiy kitob oʻqigin”,- boʻlardi. Menda esa doim bir savol tugʻilardi: “Nima uchun badiiy kitob oʻqishim kerak?”.

Biroq bu savolga oʻzim kutgan javobni hech kimdan olmaganman. Lekin baribir badiiy kitoblarni oʻqirdim. Yillar oʻtib bu savolga javob topdim.

2012 yili AQSHga xorijiy stajirovkada boʻldim. Oʻshanda Kaliforniya shtatidagi bir uchrashuv bir umr yodimda qoldi. Unda taniqli bir rejissyor bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazilgan va barcha xohlovchilar ishtirok etishi mumkin edi. Mavzu “Eng yaxshi kinoteatr va kino”. Bunday vaziyatdan foydalanish maqsadida men ham ushbu uchrashuvga bordim. Binoda men kabi 100ga yaqin qiziquvchilar kelishgan. Barchamiz rejissyorni kutmoqdamiz. Hammamiz undan qandaydir bir falsafiy yoki professional maʼruza kutardik.

Nihoyat rejissyor kirib keldi. Oddiy va kamtarona kiyimda. Tashrif buyurganlar koʻpligini koʻrib hayron ham qoldi. Salom-alikdan soʻng bir qiziq savol bilan barchamizga murojaat qildi. “Dunyodagi eng sifatli va qulay kinoteatr qayerda joylashgan?”. Koʻpchilik hayron qoldi kutilmagan savoldan.

Shunda birinchi qatorda oʻtirgan qiz San-Fransiskoda joylashgan “The Castro Theatre” kinoteatri» deb javob berdi, “sababi u AQSHdagi eng qadimiy kinoteatrlardan biridir”. Javob notoʻgʻri.

Ikkinchi qatorda oʻtirgan koreyalik yigit ham oʻz variantini aytdi: “Seul shahridagi «Sine de Chief” kinoteatri. Unda siz kino vaqtida bemalol ovqatga buyurtma qilishingiz, bir vaqtning oʻzida ham kinodan ham ovqatdan zavqlanishingiz mumkin. Shunisi bilan ham qulay». Javob yana yoʻq.

Teparoqda oʻtirgan qiz qoʻlini koʻtarib ishonch bilan dedi: “Men dunyoning koʻp mamlakatlarida sayohatda boʻlganman va albatta koʻp kinoteatrlarga tashrif buyurganman. Sizning savolingizga javob bu - Afinadagi «Sien Thisio” kinoteatridir. Ushbu kinoteatr ochiq osmon tagida joylashgan. Shundoqqina Akropol va Panteon yonida siz oʻzingizni antik davrga sayohat qilganday his qilasiz». Javob yana yoʻq.

Shundan soʻng auditoriyadagilar Londondagi, Moskvadagi, Berlindagi, Tokiodagi 10ga yaqin kinoteatrlar nomlari va u yerdagi qulayliklar haqida soʻzlashdi. Barchasiga rejissyor tomonidan javob “yoʻq” boʻldi. Soʻng barcha tashrif buyuruvchilar bir ovozdan topa olmadik:“Oʻzingiz ayting”,- deyishdi.

Rejissyor tomonidan berilgan javob meni butunlay oʻylantirib qoʻydi.

U oʻng qoʻli bilan peshonasiga urib:“Mana eng zoʻr va sifatli kinoteatr”,-dedi. Butun zal bir ovozdan kulib yubordi. Shunda u shoshilmasdan fikrini asoslashga oʻtdi.

“Toʻgʻri, bu javobim sizlarga gʻalati tuyulayotgandir yoki meni qarib qoldi deb oʻylayotgandirsizlar. Yoʻq! Fikrimni sizlarga isbotlab bersam. Har bir inson badiiy kitob oʻqiganida uning oʻz kinoteatri ishga tushadi va oʻqiyotgan voqeani syujet shaklida koʻrishni boshlaydi. Kino bu rejissyor tasarrufidagi holatning tasmaga tushgan shakli. Shuning uchun avval kitob oʻqib, soʻng ushbu asarga ishlangan kinoni koʻrsangiz birinchi beradigan savollaringiz shunday boʻladi: «Men voqeani yoki aktyorlarni boshqacha tasavvur qilgan edim. Oʻxshamabdi, mening Julyettam boshqacharoq, sal boʻyi uzunroq edi. Kinoda esa pastroq”.

Yaʼni, kitob oʻqish jarayonida oʻz kinoteatringiz ishga tushadi va ushbu kinoning rejissyori oʻzingiz boʻlasiz. Bu yerda savol tugʻiladi, yaʼni nega baʼzi kinolar zerikarli boʻladi yoki kinoteatrlar huvillab qolgan. Buning javobini sizlarga tushuntirishga harakat qilaman. Demak, keling avval har birimiz oʻzimizning kinoteatrni qanday qurish mumkinligi haqida gaplashsak. Agar siz koʻp badiiy kitob oʻqimagan boʻlsangiz, demak sizning kinoteatringizda 1920-yillardagi, yaʼni Charli Chaplinning oq va qora tasmali holatda kinoteatr ishlamoqda. Shuning uchun sizning kitoteatringiz juda zerikarli va sifatsiz. Bunday holatda kitob oʻqiganingizda koʻngil aynish, bosh ogʻrigʻi va uyqu kabi holatlarga duch kelasiz hamda kitob boshlanmasdan yopiladi. Tasavvur qiling, hozirgi eng kassabop kinoni olaylik, hozir masalan “Avatar” kinosini ham oq-qora tasmada qoʻyib bersam, 10 daqiqadan soʻng zalda deyarli hech kim qolmaydi. Xuddi shunday, badiiy kitobni ham zamonaviy 3D koʻzoynagida koʻrib oʻqish lozim».

Shunda zaldan savol boʻldi, qanday qilib oʻz kinoteatrimizni zamonaviy 3D holatiga olib kelishimiz mumkin?

“Koʻproq kitob oʻqish bilan. Siz dastlabki 5ta badiiy kitobingizni oʻqish jarayoningizda syujetlarni oq va qora holatda koʻrasiz. Shuning uchun dastlabki jarayonda juda ham qiziqarli va hajmi katta boʻlmagan kitobni oʻqishni tavsiya etaman. 5-10ta badiiy kitobni oʻqiganingizdan keyin siz rangli tasmaga oʻtasiz. Misol uchun, «Graf Monte Kristo”ni oʻqiyotganingizda Marselning hatto labini va koʻz rangini koʻrishni boshlaysiz. Deylik, 15-chi badiiy kitobni oʻqiganingizdan soʻng kinoteatringiz barcha syujetlarni va qahramonlarni Full HD formatida koʻrishni boshlaysiz. Bunda muallif tomonidan taʼriflangan barcha voqealarni ipidan ignasigacha aniq ravshan koʻrishni boshlaysiz. Bu holatda sizni yarim kechasi uygʻotib, oʻqigan kitobingiz haqida soʻrashsa hech ikkilanmay har bir betini aytib berish holatiga borasiz».

Auditoriyadan qiziqqon talabalar tomonidan yana savol boʻldi: “15-kitobdan keyin qanday kinoteatr boʻladi?”.

“Dahshat boʻladi. Siz 3D tasvirdagi kinoni koʻrishni boshlaysiz. Siz endi tizimli fikrlashga oʻtasiz. Tasavvur qiling, 1000 betli kitobni oʻqiyapsiz. Bunda siz birinchi betdagi syujet bilan 875-betdagi syujet oʻrtasidagi voqealarni bogʻlay olasiz. Siz muallif yozmagan, biroq aytmoqchi boʻlgan gapini ham tushunishni boshlaysiz. Shuningdek, siz mutolaa qilishni boshlaysiz. Siz savol berishni boshlaysiz, nega bunday boʻldi, nima uchun yozuvchi qahramonni oʻldirdi, boshqacha yoʻl tutsa ham boʻlardiku va hokazo. Mana shu holatga yetgan insonlardagina fikrlash paydo boʻladi, fikr mukammallashsa u gʻoyaga aylanadi, gʻoya noodatiy holatni talab qilsa bu kreativlik boʻladi. Agar siz kreativlikni hayotga tatbiq etsangiz bu innovatsiya boʻladi”.

Mana sizlarga hurmatli tinglovchilar, qayerdan innovatsiya paydo boʻlishi mumkin.

Ushbu voqeani kuni kecha prezidentimizning “har bir rahbar kuniga kamida 50 bet kitob oʻqishi kerak”, degan soʻzlaridan soʻng yozishga kirishdim.

Sababi, bugun davlat boshqaruvida, OAV va jamiyatimizda eng koʻp ishlatilayotgan soʻzlardan biri bu albatta innovatsiyadir. Faqat kuniga 1000 marta ushbu soʻzni ishlatganingiz bilan biror sohaga innovatsiya oʻz-oʻzidan kirib qolmaydi. Agar biz davlat va jamiyat boshqaruvida innovatsiyani qoʻllamoqchi ekanmiz, avval har birimiz oʻzimizning kinoteatrimiz qaysi ahvoldaligiga nazar solaylik. Oq va qora tasmali kinoteatr bilan hech qanday innovatsiya qoʻllab boʻlmaydi.

Agar har birimizning kinoteatrimiz qaysi holatdaligini aniqlaydigan uskuna boʻlganda bormi, koʻpchilik XXI asrda yashab haliyam oq va qora “Chayka” televizorlarda yashab kelayotganiga guvoh boʻlarmidik...

Balki shuning uchun ham innovatsiya juda qiyinchilik bilan jamiyatimizga kirib kelayotgandir. Davlat xizmatida faoliyat yuritayotganlarning koʻpchiligidan oxirgi oʻqigan badiiy kitob nomini aytish soʻralsa, javob oddiy: ish koʻp kitob oʻqishga vaqt yoʻq. Shu yerda savol tugʻiladi, nima uchun baʼzi davlat xodimlari berilgan topshiriqlarni toʻliq tushunmaydi yoki oʻz sohasiga yangilik kirita olmaydi? Nega judayam yumushi koʻp Bill Geyts, Barak Obama yoki Ilon Mask har yili oʻzi oʻqigan 10ta kitob roʻyxatini eʼlon qiladi? Bill Geyts bilan intervyusida jurnalist unga savol bergandi: “Janob Geyts sizni doim yangilik qilishingizga biz koʻnikib bormoqdamiz. Ushbu yangiliklarni qayerdan olasiz?”. Javob juda oddiy boʻlgandi: “Men kuniga oz boʻlsa ham kitob mutolaa qilaman. Bu doimo fikrlarim tiniqligiga va yangilik qilishga kuch beradi”.

Har yili dunyo mamlakatlarining kitobxonlik reytingi eʼlon qilinadi. 2017 yil yakunlariga koʻra, Xitoy, Ispaniya va Rossiya davlatlari fuqarolari haftasiga 7-9 soat kitob mutolaa qilishi maʼlum boʻlgan. Shuningdek, ushbu tadqiqotda aholi soniga nisbatan kitoblar savdosi soni taqqoslanar ekan. Lekin Oʻzbekiston kuchli 100talikda ham yoʻq. Kuchli 20talikdagi davlatlar bilan davlat boshqaruvida innovatsiyani aniqlaydigan reytingni solishtirsak, aksariyat davlatlar mos keladi. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, kitobxonlik rivojlangan mamlakatlarda innovatsion gʻoyalar bilan oʻzaro bogʻliqdir.

Savol: sizning kinoteatringiz qaysi ahvolda?
Otabek Hasanov,
siyosiy fanlar doktori (PhD)

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Miyadagi kinoteatr”. Nima uchun koʻp oʻqish kerak?