19:10 / 29.03.2019
3 539

Nogironligi boʻlgan farzandiga qarayotgan onalarga qanday tartibda nafaqa tayinlanadi?

Nogironligi boʻlgan farzandiga qarayotgan onalarga qanday tartibda nafaqa tayinlanadi?
Bugun, 29 mart kuni Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta toʻlovlarini amalga oshirish boʻyicha fuqarolarga yaratilgan erkinliklar va ularning ahamiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi “Daryo” nashri.

Tadbirda Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining Pensiyani hisoblash uslubiyotini muvofiqlashtirish va fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Utaganov nogironligi boʻlgan farzandiga qarayotgan onalarga ijtimoiy nafaqa belgilash tartibi haqida maʼlumot berdi.

«Bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor onalarga ular pensiya yoshiga yetganida (Oʻzbekistonda ayollar uchun pensiya yoshi —55 yosh) ular umuman ish stajiga ega boʻlmagan taqdirda nafaqa tayinlash tartibi toʻgʻrisida Hukumat qarori loyihasini tayyorlash haqida topshiriq berilgan edi.

2019 yil 18 martida Vazirlar Mahkamasining ushbu sohani tartibga soluvchi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan endilikda 2019 yilning 1 martidan boshlab nogironligi boʻlgan farzandini tarbiyalayotgan ayollarga nafaqa tayinlash belgilandi.

Haqiqatdan ham ushbu masalada bizda muammo bor edi. 2017—2018 yillarda Pensiya jamgʻarmasiga kelib tushgan murojaatlar tahlili, bundan tashqari joylarda oʻtkazilgan sayyor qabullar natijasida biz bu masala koʻpchilikni qiynayotganiga amin boʻldik. Muammoni yechish uchun biz Vazirlar Mahkamasiga 2018 yilda taklif berganmiz», — deydi Shuhrat Utaganov.

Qariyb 600 nafar ona ijtimoiy nafaqa oladi
“Oʻtgan davr mobaynida 598 nafar nogironligi boʻlgan farzandiga qarayotgan ayollar jamgʻarmaga murojaat qildi. Ularning koʻpchiligi ish stajiga ega emas. Tahlil qiladigan boʻlsak, ushbu ayollarning ayrimlarida birinchi, ikkinchi va uchinchi farzandi ham nogiron boʻlgan. Ayol oʻz navbatida ishlash imkoniyatiga ega boʻlmagan. Farzandini voyaga yetkazguncha qarabsizki, u umumiy pensiya yoshi 55 ga kirib qoʻygan. Demak, 55 yoshga kirganida bu ayolning ijtimoiy himoyasi ochiq qolib ketyapti. Fuqaro na pensiya olish huquqiga ega, nafaqa olish uchun esa 60 yoshda murojaat qilishi kerak. Biz mana shularni hisobga olib, alohida ushbu toifa uchun istisno tariqasida 55 yoshdan nafaqa tayinlash masalasini koʻtarib chiqqanmiz”, — deydi soʻzlarini davom ettirib Shuhrat Utaganov.

Nafaqa miqdori qancha?
Shuhrat Utaganovning maʼlum qilishicha, nafaqa miqdori esa Oʻzbekiston Prezidenti farmoni asosida qatʼiy belgilanadi.
«Shu kecha-kunduzda nafaqa miqdori 243 300 soʻmni tashkil etadi. Agar ona nogironligi boʻlgan farzandi uchun bolalikdan nafaqa olayotgan boʻlsa u holda 396 500 soʻm qatʼiy belgilangan nafaqa olish imkoniyatiga ega boʻladi.

2018 yil oktabr oyida Vazirlar Mahkamasining 731-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan ushbu ayollarga qolipli non xarid qilish uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida kompensatsiya toʻlovi joriy etildi», — deydi u.

Nafaqa olish uchun qanday hujjatlar taqdim etiladi?
“Biz nafaqa tayinlash tartibini ham soddalashtirdik, — deydi Shuhrat Utaganov. — Ayollarga qiyinchilik tugʻdirmasligi uchun farzandining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi, ayolning pasporti hamda farzandining bolalikdan nogironligini tasdiqlovchi tibbiy komissiya xulosasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi maʼlumotnomasi taqdim etilgan taqdirda bizning tuman, shahar, pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari oʻrnatilgan tartibda qonunda yaʼni 10 kunlik muddatda nafaqani tayinlab beradi. Hozir toʻlov roʻyxati shakllantirilmoqda. Demak, aprel oyida yuqorida aytilgan qariyb 600 nafar nogironligi boʻlgan farzandi bor ona ilk marta ijtimoiy nafaqa pulini oladi”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nogironligi boʻlgan farzandiga qarayotgan onalarga qanday tartibda nafaqa tayinlanadi?