20:16 / 02.04.2019
4 173

“Koʻrinmas qalpoqchali hokimiyat vakili”. Oʻrikzor bozoridagi voqeadan keyingi hangomalar

“Koʻrinmas qalpoqchali hokimiyat vakili”. Oʻrikzor bozoridagi voqeadan keyingi hangomalar
Joriy yilning 26 mart kuni Bosh vazir tomonidan Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi. Davlat byudjetiga tushumlar masalasida qoloqlikka yoʻl qoʻyilganligi uchun Mirobod, Uchtepa tumanlari hokimlari va davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari qattiq ogohlantirildi.

Shundan soʻng, oʻtgan hafta davomida ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahridagi “Oʻrikzor” bozori hududida soliq inspektorlari xaridorlarni toʻxtatib chek soʻrayotgani, chek boʻlmagan holda bozor hududidan chiqarmasdan ushlab turgani haqidagi video tarqaldi.

Keyinroq Soliq qoʻmitasi vakili, qoʻmitadagi boshqarma boshligʻi Toʻrabek Toʻrayev matbuot anjumani chogʻida bu vaziyatda “soliq inspektorlari” nohaq boʻlmaganini maʼlum qildi. Koʻp oʻtmasdan Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati xabarida ushbu videodagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirgan shaxs qoʻmita xodimi emasligi, Uchtepa tumani hokimligi vakili ekanini maʼlum qilindi.

Voqea yuzasidan qoʻshimcha tafsilotlarni oʻrganish va ikki tomondan ham izoh olish maqsadida yoʻlga tushdik.
“Oʻrikzor” bozori hududida videoning asosiy qahramoni boʻlgan tadbirkorni topish qiyin boʻlmadi. U hech ikkilanmay intervyu berishga rozi boʻldi.

“2019 yil 27 mart kuni soat taxminan 11-00 lar atrofida mijozlar tashqaridan chek soʻrayapti deyishdi. Kim raxbaring deb soʻrang edim, tashqaridagi oʻsha odamni aytishdi. Chekni soʻrashni kimni qarori bilan boʻlyapti deb soʻradim. Bu qanaqadir tekshiruvmi deb 10 martacha savol berdim. Shu savolga javob berishmadi. Kimligini ham tanishtirmadi. «Siz birini oʻzingizni tanishtiring” dedi. Oʻzini tanishtirmadi. Kimligini soʻrashim bu mening huquqim. Kimligini bilishim kerak-ku. Biror idoraning xodimimi yoki koʻchadagi bezorimi? Bunga oydinlik kiritish uchun maqsadida undan soʻradim. Kimning qarori boʻyicha? Familiyang nima deb soʻrash kerak-ku bunday vaqtda. Undan soʻrasam mendan hujjat soʻradi. U yerda yigʻilgan xalq esa hammasi tadbirkorlar. Ularni men yigʻmaganman. Xohlasangiz mana bozor maʼmuriyatining videoyozuvlarini koʻrishingiz mumkin. U yerdagi xalq oʻzlari yigʻildi. Men u kishiga savol berdim. Men unga oʻzimni tanishtirdim, hujjatlarimni koʻrsatdim. U oʻzini tanishtirmadi ham, hujjatini ham koʻrsatmadi. Eshiklarning oldida turib mijozlardan soʻrasa, ertaga ular faoliyatimni noqonuniy deb oʻylab mendan tovar olmay qoʻyadi. Undan koʻra, kirib oʻzimdan soʻrasin. Hujjatlarim hammasi toʻliq, 5 yildan beri faoliyatimni yurgizyapman. Bir oyda 15 marta davlat soliq idorasidan keladi. Hujjatlarimizni koʻrsatamiz. Kamchilik boʻlsa, darrov jarima belgilaydi. Bunaqa soʻrayversa, nafaqat menga butun bozorga kelmay qoʻyadi-ku. Soliqlar, bozor ijara puli, kommunal toʻlovlar toʻlashim kerak. Bola-chaqam bor, ularni boqishim kerak. Undan tashqari, kunlik inkassatsiya qilasan degan soliq qoʻmitasi. Bu rasman aytilmagan. Undan tashqari, mijoz kelsa oʻzimga ham davlatga ham foyda-ku. Pul tushumlaridan soliq toʻlayman», deydi tadbirkor hayajon bilan.

Endi videodagi ikkinchi tomon, soliq qoʻmitasi maʼlumotida keltirilgan hokimiyat vakilini topishimiz kerak edi. Uchtepa tuman hokimiyatiga bordik. Hokimiyat vakillari bu shaxsni tuman soliq inspeksiyasidan topishimiz mumkinligini aytishdi.

Soliq inspeksiyasiga borgan vaqtimizda bu yerda shtab tuzilgani, hokimiyat vakillari ham, prokurorlar ham shu yerdaligini aytishdi. Uchtepa tuman hokimiyati iqtisodiy boʻlimi xodimi Murodjon Egamberdiyev ham shu yerda ekan. Uning yigʻilishdan chiqishini kutdik. Ammo, yigʻilish tugagach ham uni topolmadik, u xuddi koʻrinmas qalpoqcha kiyib olgandek gʻoyib boʻldi.

Soliq inspeksiyasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Roʻziyevdan izoh soʻradik.

“Joriy yilning mart oyi uchun byudjet koʻrsatkichlari boʻyicha rejamiz bor. Oʻsha rejani bajarish uchun butun tumandagi iqtisodiy kompleks bu nasaga jalb etilgan. Shu jumladan, hokimiyat iqtisodiy boʻlimi ham. Asosiy manba bozorlardagi tadbirkorlik subyektlaridir. Yuridik va jismoniy shaxslar. Naqd pul tushumi ham shu bozorlardan boʻladi. Bizning tumanda «Oʻrikzor” bozoridan boʻladi. Kimdir kam topshiradi, kimlir ыisman topshiradi. Monitoring vaqtlarida buni guvohi boʻlganmiz. Shuning uchun, iqtisodiy kompleks, yaʼni bank, moliya, soliq, hokimiyat iqtisodiy boʻlimi hamkorlikda bozorlarda tadbirlar amalga oshirildi. Bu tekshiruvmas, monitoring emas. Tekshiruv tadbiri alohida buyruq asosida boʻladi. Natijasiga qarab taʼsir chorasi qoʻllaniladi. Oʻsha kungi bozordagi holatda hech qanday monitoring ham boʻlmagan. Iqtisodiy kompleks xodimlari naqd pul tushumini topshirish boʻyicha ishlar amalga oshirilgan. Vaqti kelganda xronometraj oʻtkazganimizda toʻliq pul topshirish boʻlmagan. Chekni tekshirish maqsadi shuki, tadbirkor ham masʼuliyatni ozroq his qilsin.

Kassa apparatini oʻrnatib qoʻyish qonuniy degani emas. Tovar aylanmasidan pul toʻlashi lozim. Qanchalik pulni kam kirim qilsa, soliq shuncha kam toʻlanadi. Bu tadbirda moddiy yoki boshqacha taʼsir chorasi qoʻllanmaydi. Faqat tadbirkorga tushuntiriladi. Oʻsha holatda iqtisodiy kompleks xodimlari jalb qilingan. Tushuntirish ishlari olib borilgan. Tadbirkorlar tomonidan ozroq tushunmovchiliklar boʻlgan», deydi u.

Qiziq holat. Oʻzining haqligiga qatʼiy ishonchi boʻlgani sababli tadbirkor muxbir bilan suhbatlashishdan qochmadi. Ammo, hokimiyat vakili oʻzining nohaq emasligini isbotlash oʻrniga, “koʻrinmas odam”ga aylandi qoldi.

Bu turdagi tekshir-tekshirlar, tadbirkor qolib mijozlarni soʻroq qilish tarixiy tajribalarda doimo salbiy oqibatlarga olib kelishi koʻplab misollarda mavjud. Balkim, maʼlum bir tadbirkorlar soliq va tushumlarda vijdonsizlik bilan ish tutar. Lekin, vijdonli soliq toʻlovchilar faoliyatiga aralashish bozor munosabatlariga nomuvofiq xarakat emasmi?
Bahodir Ahmedov

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Koʻrinmas qalpoqchali hokimiyat vakili”. Oʻrikzor bozoridagi voqeadan keyingi hangomalar