09:30 / 09.04.2019
2 578

Cudlanayotgan mansabdorlarning kirdikorlari sirliligicha qolaveradimi?

Cudlanayotgan mansabdorlarning kirdikorlari sirliligicha qolaveradimi?
Mansabdor shaxslarning pora olishi bilan bog‘liq jinoyatlar hammaning e’tiborini tortishi bejiz emas. Chunki mansabdor shaxs bunday qilmishi bilan o‘zi boshqarayotgan hudud yoki idoraga xiyonat qilgan bo‘ladi. Bu haqda O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova fikr yuritgan.

Davlat rahbari Konstitutsiya kunida mana shunday jinoyat sodir etgan 1177 nafar mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilganini qayd etgan edi.

Ammo ayrim korrupsiya holatlari sir qolayotgani odamlarni taajjublantirmoqda.

Masalan, Samarqand viloyati sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayevning «temir sandig‘i»dan bir million dollar chiqqani aytilgan edi. Buning natijasi hamon ko‘pchilikni qiziqtirib keladi. Sobiq hokim nima uchun jinoyatga qo‘l urgan? Shuncha pulni qayerdan olgan? Bir million dollarning taqdiri nima bo‘ldi? Bunday jinoyat uchun qanday jazo beriladi? U qilmishi uchun xalqdan kechirim so‘raydimi?

Bu savollar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilsa, sudga murojaat qilishni, sudga murojaat qilinsa, sud yopiq tarzda bo‘layotganini aytishadi. Nahot odamlar ko‘z o‘ngida fosh etilgan jinoyat oqibati sirliligicha qolib ketaversa?

Sobiq Bosh prokuror bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha ham har xil mish-mishlar bolalab ketganini yaxshi bilamiz. Shuncha million pora olgan ekan, buncha hamtovog‘i bor ekan va hokazo.

Aslida vaziyat qanday? Bu fakt bo‘yicha mutasaddilardan «otangga bor, onangga bor» qabilida javob olish mumkin. Holbuki, «Qodirov ishi» bilan bog‘liq sud jarayoni xalqqa ko‘rsatilishi aytilgan.

Sudyalardan bunday jinoyat ishlari nima uchun yopiq ko‘rilishi kerak, deb so‘rasangiz, har xil protsessual hujjatlarni ro‘kach qilishi aniq. Xo‘sh, xalqqa xiyonat qilgan shaxslarga oid ma’lumotlar sir tutilayotganidan maqsad nima?

To‘g‘ri, ayrim ishlar qonun doirasida hal qilinmaguncha oshkor qilinmasligi mumkin. Ammo sud jarayoni haqida OAV orqali ma’lumotlar berib borish dunyo tajribasida ko‘pdan mavjud. Bizda esa mish-mishlar jahon matbuotida qizigandan qizib yotsa ham negadir sir tutish uchrab turibdi. Bu holat O‘zbekiston imidjiga yarashmaydi. Bunday jinoyatlarga oid ma’lumotlar aholiga yetkazib berilsa, boshqalarga saboq bo‘lardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Cudlanayotgan mansabdorlarning kirdikorlari sirliligicha qolaveradimi?