21:15 / 13.04.2019
3 386

Toshkentda yosh qizchalarning ziragini yechib ketayotgan ayol ushlandi

Toshkentda yosh qizchalarning ziragini yechib ketayotgan ayol ushlandi
Farg‘ona viloyatida sodir etgan jinoyati uchun qidiruvga berilgan ayol Toshkent shahrida qo‘lga olindi. Yosh qizchalarning ziraklarini aldov orqali yechib, kun kechirgan ayolning Toshkentda amalga oshirgan nayranglari tezda fosh etildi deb yozadi Aniq.uz nashri.

Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, ayolning poytaxtdagi o‘ljasi Uchtepa tumanidagi maktablardan birida ta’lim oluvchi 2-sinf o‘quvchisi M. bo‘lgan. M. joriy yilning 3 aprel kuni soat taxminan 13:30 da dugonasi bilan uyga qaytayotganda Chilonzor tumani 22-mavzesida ularning ortidan kelayotgan ayol qizchalarni avtomobillardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan va katta yo‘ldan o‘tkazib qo‘ygan.

Ayol qizchalardan oddiy narsa so‘rab ularni gapga solgan, so‘ng o‘quvchilarning qulog‘idagi ziragi tushib qolayotganini aytib, uni yechib, qizchaning sumkasiga solib qo‘yayotgandek ko‘ringan va ziraklarni o‘g‘irlab ketgan.

Qizcha sumkasidan ziragini topa olmagach, uning yaqinlari 102 ga xabar bergan. Holat yuzasidan tezkor guruh tuzilib, qizchalar harakatlangan yo‘l bo‘yidagi kuzatuv kameralari ko‘zdan kechirilganda, ayol o‘quvchi qizlar bilan suhbatlashgach, taksiga o‘tirib, ketgani ma’lum bo‘ladi.

Taksi haydovchisi topilib, ayol haqida surishtirilganda, u 1989 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona viloyatida yashovchi Mahliyo Barziyeva ekani aniqlangan. Qidiruv ishlari davomida Mahliyo Barziyeva Toshkent viloyati Zangiota tumanida ham shunga o‘xshash jinoyat sodir etgani ma’lum bo‘lgan. Ayol qo‘lga olinib, navbatchilik qismiga olib kelingan.

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida istiqomat qilgan ushbu ayol ilgari ham shunday jinoyat sodir etgani uchun bir necha marta sudlangan, biroq qaramog‘ida yosh bolasi bo‘lgani uchun yengil jazo berilgan.

Mahliyo Barziyevaning so‘zlariga ko‘ra, u 2018 yilning oktyabr oyida Oltiariq tumanida bir qizchaning qulog‘idagi sirg‘asini olgani uchun tergov qilingan. Sudga chaqirilganda esa bormay Toshkentga qochib ketgan. Ammo Toshkentda ham qing‘irligini tashlamagan.

Mahliyo Barziyevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "a" bandi (o‘g‘rilik) bilan ayb e’lon qilingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda yosh qizchalarning ziragini yechib ketayotgan ayol ushlandi