21:48 / 17.04.2019
5 596

Hokimning mardikor o‘g‘li...

Hokimning mardikor o‘g‘li...
Bu hikoyani rahmatli amakim aytib bergandilar. Voqeani ularning tilidan hikoya qilaman.

Men badavlat oilaning bolalari aksariyat hollarda beoqibat, tarbiyasiz, takasaltang, tekintomoq bo‘lganlarini ko‘rganman. Ammo shukrki, biz bunday bo‘lmadik. Dadamizdan yosh qolgandik, onam mehnatkash, zamonasining tadbirkor, rahbar ayoli edilar. Shahzodalarday yashaganmiz. Biror nimaga zoriqqanimizni, muhtojlik ko‘rganimizni eslolmayman. Ammo maktabda ham beboshlik qilmaganmiz, biror o‘qituvchidan dakki yoki tanbeh eshitmaganmiz.

Alohga shukr, vaqti kelib o‘zim ham yaxshi joylarda rahbarlik qilyapman, ro‘zg‘orim to‘kin. Bolalarimda beboshlik, tarbiyasizlik ko‘rmayapman. Ilohim hamisha shunday bo‘lsin. Menimcha, gap tarbiyada bo‘lsa kerak. Agar shunday deydigan bo‘lsak, bolaligimizda onamni tuzukroq ko‘rmas edik. Balki bolani mehnat tarbiyalar? Chunki bolaligimizda hammamizga ishlar taqsimlangan bo‘lardi. Bo‘sh vaqtimiz deyarli bo‘lmasdi. Keyinchalik o‘zim ham bolalarimning tarbiyasida shunday yo‘l tutganman.

Bitta menmas, institutda o‘qib yurgan kezlarim o‘sha paytlarda tumanimizda rahbarlik qilayotgan odam (hokim)ning o‘g‘li bilan kursdosh edim. Dam olish kunlari o‘sha do‘stim mardikorchilik qilib, pul topar, keyin hafta davomida topgan pulini ehtiyojlariga sarflab, ota-onasidan sarg‘ayib pul so‘ramasdi. Hozir o‘sha kursdosh do‘stim davlatimizning nufuzli muassasalaridan birida rahbarlik qilyapti.

Inson hamisha har qanday vaziyatga tayyor turishi kerak. Hozir boy, badavlat, qo‘li uzun amaldormi, kun kelib, oddiy odamga aylanib qolishi mumkin. Buni hayot deb qo‘yibdilar. Shuning uchun, har qanday badavlat odam ham farzandlarini mehnatda toblab, mehnatda chiniqtirib tarbiyalashi shart deb o‘ylayman.
Farzona Oqil

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hokimning mardikor o‘g‘li...