14:53 / 27.04.2019
3 796

O‘zbekiston parlamentining ilk rahbari Islom Karimov haqida gapirdi (video)

O‘zbekiston parlamentining ilk rahbari Islom Karimov haqida gapirdi (video)
Jurnalist Komiljon Shamsiddinov taniqli davlat va jamoat arbobi Shavkat Yo‘ldoshev bilan suhbat uyushtirdi. Uning matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

O‘zbekiston parlamentining mustaqillik davridagi ilk rahbari bo‘lgan Shavkat Yo‘ldoshev suhbat davomida nega siyosatdan ketgani hamda bugungi o‘zgarishlar haqida ham gapirib o‘tdi.

«O‘zim ketganman. Ko‘p odam, hatto yaqinlarim ham, qanday qilib shu darajadagi lavozimdan o‘z xohishiga ko‘ra ketish mumkin, deya, ishonmaydi. Lekin bu rost. Salomatligim vajidan, o‘zim ariza berib ketganman. 33 yoshimda infarkt bo‘lib, ikki oy reanimatsiyada yotganimdan so‘ng, Xudo jonimni qaytarib bergan. Asorati bilinardi. Axir, tasavvur qiling – o‘sha siz aytgan “o‘tish davri”da kun bo‘yi, kechki soat 10-11 gacha ishlaysiz. Kechasi uyga borib, dam olish o‘rniga bir quloch qonun loyihalari va turli hujjatlarni tonggacha ko‘rib chiqasiz, ertasiga yana sessiya davom etishi kerak. Xullas, shu taxlit, o‘zim ishdan ketganman...

Taskin shuki, O‘zbekistondek davlatning mustaqil bo‘lishi haqidagi hujjatga imzo chekish mening peshonamda bor ekan, Olloh menga shuni nasib qilgan ekan. Bu – menga hayotning bergan mukofoti, sharaf. Tarixni yuz yildayam, ming yildayam hech kim o‘zgartira olmaydi: Konstitutsiya, qonunlar o‘zgarishi mumkin. Ammo “O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi” degan hujjatni hech kim o‘zgartira olmaydi», - dedi Yo‘ldoshev.

«Salomatligim sababli siyosatdan sal vaqtliroq ketganimga afsus qilaman. Yana bir gapni aytay. Mustaqillikning 1 yillik bayramida qatnashganman, Prezident bilan yonma-yon o‘tirganmiz. Ammo ishdan ketganimdan so‘ng, pastdagilar “biror gap bo‘ldi shekilli” deb o‘ylashganmi, biror marta bo‘lsin, meni bayramlarga chaqirishmagan. Endi buni qarangki, “O‘zbekiston mustaqilligi haqidagi hujjatga imzo qo‘ygan odamni nega Mustaqillik bayramlariga taklif qilishmaydi”, deya hayron bo‘lasan. Bu hayotning past-u balandi ko‘p ekan-da...

Men Den Syaopinni ko‘p eslayman. Aslida Xitoyni Xitoy qilgan aynan uning islohotlari. Madaniy inqilob davrida u odam Mao Szedun tomonidan – olisga, dehqonchilik qilish uchun surgun qilingan. Shunga qaramasdan, zamon o‘zgarib, Den Syaopin hokimiyat tepasiga kelgach, olamdan o‘tgan, o‘zidan oldingi salafi Mao Szedun haqida “Uning 70 foiz ishi – adolatli, 30 foizi esa xato edi” deya, adolatli xulosa bergan. To hanuz Xitoydagi Mao Dzedun haqidagi qarashlar o‘zgarmadi. Ya’ni uning yaxshiliklari – qilgan xatolari posangisini bosib ketadi, degan qarash ustuvor.

Aksincha, sovet Ittifoqini qulatgan, abgor qilgan jihatning ildizi ham – yangi kelgan rahbar o‘zidan oldingisiga loy chaplashi, birovining qilgan ishlarini ikkinchisi oyog‘ini osmondan keltirib tashlashiga borib taqaladi.

Xursand bo‘lganim – bizda Islom Karimovning nomi bulg‘anmadi. Aksincha, xotirasiga hurmat bajo keltirilmoqda, nomi abadiylashtirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga qoyil qoldim, mardlik qildi. Aslida bu – bizning kelajagimiz uchun juda yaxshi zamin. Agar o‘zim Islom aka bilan birga ishlagan davrni misol qilib oladigan bo‘lsam (harqalay, besh yil yonma-yon ishlaganman), I.Karimovning O‘zbekiston uchun qilgan ishlari Mao Szedundan ham ko‘ra tosh bosadi, ya’ni 80 ga – 20...

Umuman olganda, bugun zo‘r o‘zgarishlar bo‘lmoqda, O‘zbekistonning ajoyib kelajagiga zamin yaratilmoqda. Hammamiz Prezident Sh.Mirziyoyevga yelkadosh bo‘lib, ko‘mak berishimiz lozim!..», - deya aytib o‘tdi O‘zbekiston parlamentining ilk rahbari.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston parlamentining ilk rahbari Islom Karimov haqida gapirdi (video)