09:33 / 29.04.2019
3 293

«Ey xalqim, tokaygacha g‘ururingni toptaysan?»

«Ey xalqim, tokaygacha g‘ururingni toptaysan?»
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda avj olib borayotgan mavzuga juda ko‘plab odamlar ham o‘tin qalashni boshladi. Mashhur blogerlar, ba’zida esa biznes vakillari va hatto oshpazlar ham chetda qolmadi. Bilmadim, balki artistlar ham qo‘shilgandir.

Meni bir narsa qiziqtiradi. Va bu savolni tanishlarimga ko‘p berib, o‘zimizcha javobini ham qidirganmiz. Nega xalqimiz ilm ahlini xo‘rlashni va g‘iybat qilishni yaxshi ko‘radi? Bu faqat «Malibu» emas. Ilmli odam chiroyli libos kiysa, yaxshi soat taqsa, yaxshi mashinada yursa negadir barcha zohidlik haqida gapirib qoladi.

Ammo qaysidir “masxaraboz”, bemaza va bachkana qiliq qiladigan “millioner”larni asl millionerlarga aylantirishdan o‘zini tortmaydi. Yaqinda «Xalqlar do‘stligi» saroyida 10 kunlik tomoshaning birinchi saflari chiptalari bir odamni gapiga ko‘ra 400 ming so‘mga chiqibdi. Azizlar, keling boshqacharoq aytay – deyarli 50 dollar.

Ammo xuddi o‘sha xalqim masjiddagi imom nikoh o‘qiganligi uchun 50 ming so‘m to‘lov qilish kerak desa, bular buncha pulni yaxshi ko‘radi, imomlar o‘zi pulga o‘ch bo‘ladi, kabi gaplar va g‘iybatlarni qilishdan toymaydi. Yurtimizda kimning qadri qandoqligini bemalol uylardan ko‘rsa bo‘ladi.

Hayhotdek uylarni ko‘rsang qaysidir san’atkor, musiqachi va qo‘shiqchiligini tushunasan. O‘tgan yilgi bir voqea esimga tushdi. Qo‘qondan qaytayotganimda patir va qurt olgani to‘xtadim. Adashmasam “lendkruzer” yoki “prado” turgan edi. Bilmaganlar uchun – ushbu ulovlarning bizdagi narxi 70 ming dollardan boshlanadi. Ichimda “yaxshi tadbirkor, ishi yurgan biznesmen ekan-da” dedim.

Ne ajabki, qaysidir san’atkor ekan. Qaysidir deganim-ki, nomi mashhurrog‘i ham emas, navbatdagi bitta-ikkita klip sohiblaridan biri ekan. Keyin surishtirsam, hatto hali konsert ham bermagan ekan. Ammo allaqachon jip sohibiga aylanibdi. Bunisi ham mayli. Mahallamizdagi do‘konlarning oldida bir-ikki marta yangi chiqqan rusumdagi (adashmasam “leksus”) jipni ko‘rib, uy qurib sotadigan biznesmenlariniki desam, “ashulachi” degan javobni eshitdim.

Shunda xo‘rligim kelib ketdi. Nahot xalqim o‘z pulini ahmoqona vaqt o‘tkazishga, masxarabozlarni tinglashga, bemantiq she’rlarni ko‘chirma kuylarga solgan “san’atkorlar”ga, bir kunlik to‘y uchun, tug‘ruqxonadan olib chiqish uchun qator-qator mashinalar chaqirishga, hattoinki odamlarni hayvonlar shakliga kirgizib o‘ynatishga pullarini bearmon sarflaydi-yu, ammo ikki dunyo saodatiga eltuvchi ilm vakillarini xo‘rlaydi, yaxshi kiyinsa g‘iybat qiladi?

Kuni kecha «Xan akademiyasi» loyihasi uchun atigi yarimta “leksus” puli ham yig‘ilmaganini eshitdim. Shu bilan birga, falonchi artistni “birrovi” 100 dollar, kimnikidir 500 dollar va ba’zi bir mashhurlarni to‘yga borishi 10 ming dollarga chiqqanini ko‘p eshitganmiz. Vo ajab, butun xalqimiz bolalari ilmi oshishiga sabab bo‘ladigan loyihaga atigi 5 ta to‘yning ashulachisini puli to‘planmabdi. Ammo to‘yxonalar limmo-lim.

O‘zimda ham ajoyib voqea bo‘lgan. Bar tadbirimizda birodarimizga sal ko‘proq pul berishni mo‘ljal qilsam, chekkaga chaqirib, “bundoq qilmang, hadlaridan oshib qolmasin” degan “nasihat” eshitdim. Ammo bizga tarbiya boshqacha berilgan. Ilm bergan odamga butun dunyo tillasini bersang ham kam deyilgan.

Andijonda falonchi qori 50 dollar olar ekan, undoq ekan, bundoq ekan. Ey xalqim, mard bo‘lsang, artistga, futbolchiga, masxarabozga pul berma, 3-4 minglab odam chaqirib osh berma. Masjidlardagi imomlarga, madrasalardagi talabalarga, chetda ilm izlayotgan (ham dunyoviy, ham diniy) o‘g‘il-qizlarimizga, xaroba bo‘lgan maktablar, suvsiz qishloqlar, asfaltni unutgan yo‘llarga pul sarfla. Axir buni savobligini barchamiz juda yaxshi bilamiz-ku. Ammo buni gapirsangiz, davlatni eslashadi. Shu davlat degan barcha tadbirkorlarimiz soliqlarni ham to‘lab qo‘ysaydi.

Ha, shu joyda yana bir narsani aytib o‘tay, shayx Hazratari ko‘p aytganlar: «Ilmi rivojlangan yurt taraqqiy bo‘ladi». Qachon bizni imomlarimiz, domlalarimiz, professorlarimiz, kandidatlarimiz, shifokorlarimiz, o‘qituvchilarimiz qimmat mashina kiyib, qimmat mashinada yurishi tabiiy hol bo‘lsa, ana o‘shanda biz dunyo havas qiladigan yurt bo‘lsak ajabmas.

Lekin hozirgidek, o‘qituvchilarimiz oldida o‘quvchilar hashamatli libos, qimmat telefon va taqinchoqlarini ko‘z-ko‘z qilib, “o‘zi nimangiz bor”, nikoh o‘qitgani kirganlar “kelishtirib” bering der ekanmiz, u dunyo tugul, bu dunyo yutug‘iga ham umid kam.

Ko‘zingni och xalqim, ahli ilmni ko‘z qorachig‘idek asra, g‘iybatini qilma. Bilib qo‘y, tanazzul boshi olimlarni obro‘sini to‘kishdadir.
Bahodir FOZILXO‘JAYeV

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ey xalqim, tokaygacha g‘ururingni toptaysan?»