15:15 / 09.05.2019
8 128

Farg‘ona bosh imom-xatibi ko‘chirmakashmi? (video)

Farg‘ona bosh imom-xatibi ko‘chirmakashmi? (video)
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Salimjon qori Qodirov plagiatlik qilgani aytilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi esa kitob 31 foiz ko‘chirilgani va bu katta jinoyat emasligini ta’kidlamoqda.

Salimjon Qodirov nomidan chop qilingan "Ayolni e’zozlagan din" kitobi 2006 yili ilmiy ish natijasi o‘laroq chop qilingan "Islomda ayol huquqlari" monogrammasidan ko‘chirilgan deyilmoqda.

"Islomda ayol huquqlari" muallifi Nigoraxon Yusupovaning Bi-bi-siga aytishicha, bu kitob uning 5 yil davomida olib borgan tadqiqotlari natijasidir.

"Kitob 70-80 foiz ko‘chirilgan", – deydi u.
Nigoraxon Yusupova imom nomidan chiqarilgan kitob savdodan olinishi va internetda Salimjon qorining muallifligini tasdiqlovchi ma’lumotlar o‘zgartirilishini talab qilmoqda.

Biroq Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi bu da’volarni tan olmayapti. U ishlaydigan Musulmonlar idorasi ham kitob ko‘chirilmagan degan xulosa bergan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur imzosi bilan yozilgan xatda muallif Salimjon Qodirov adabiyotlar ro‘yxatida Nigora Yusupovaning ism-familiyasini ko‘rsatgani qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi maktubi.
"Demak, bunday holatda birovni ko‘chirmakashlikda ayblamoqqa shoshilmaslik kerak", – deydi Abdulaziz Mansur.

Maktubda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarga tayangan holda "Ayolni e’zozlagan din" kitobi plagiatlik emas deb topildi deyilgan.

O‘zbekistonning "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida"gi qonunining 18-moddasi musulmonlar diniy idorasi gaplarining tom tersini ko‘rsatadi.

Qonunda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari sirasiga asardan muallifning haqiqiy ismi-familiyasini ko‘rsatgan holda yoxud ism-familiyasini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi deb ko‘rsatilgan.

Salimjon qori tomonidan chop qilingan tadqiqiy kitob qonunga zid ravishda ko‘chirilganini 26-moddada ham ko‘rish mumkin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita kitobning ko‘chirilganini emas, balki mazmunini tekshirib chop qilishga ruxsat berishini aytgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, vaziyat to‘liq oydinlashguncha Salimjon Qodirovning "Ayolni e’zozlagan din" kitobining qayta nashrlari to‘xtatib qo‘yilganini ma’lum qilgan.

Prokuratura organlari ayni damda plagiatlik sodir bo‘lgan yoki bo‘lmaganini o‘rganmoqda.

Prokuratura so‘rovi bilan kitoblarni solishtirib chiqqan sud adabiyotshunoslik ekspertizasi uning ko‘chirilganini ta’kidlamoqda. 5 kishidan iborat ekspertlar ikki kitobni solishtirib chiqqan va betma-bet, bobma-bob aynan ko‘chirilgani haqida xulosa bergan.

"2018 yili O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasida chop etilgan "Ayolni e’zozlagan din" nomli diniy ommabop kitob plagiat bo‘lib, Yusupova Nigora Jaloliddin qizi qalamiga mansub, 2006 yili Toshkent islom universiteti "Akademiya" noshirlik markazida chop etilgan "Islomda ayol huquqlari" nomli ilmiy-diniy mazmundagi monografiyadan ko‘chirilgan", – deyiladi xulosada.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi maktubda kitob ko‘chirilmaganini aytgan bo‘lsa-da, Bi-bi-si bilan suhbatda idora raisining o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur kitob 31 foiz ko‘chirilganini tasdiqladi.

Bi-bi-si Abdulaziz Mansurdan ko‘chirmakashlikda ayblanayotgan imomning Farg‘ona viloyatiga boshchilik qilishi musulmonlar idorasi obro‘siga qanchalik to‘g‘ri kelishi haqida so‘radi.

"Men buni juda katta jinoyat deb bilmayman. Salim qori viloyatda shunaqangi islohot ishlarini olib borayaptiki, shunaqa g‘ayratli, charchamaydigan yigit u. Bitta yozgan kitobini bitta joydan ko‘chirdi, bitta joydan emas, har joydan ko‘chirib oladi-ku kitob yozganda. Hammasini o‘zining ichidan chiqarmaydi", – deydi Abdulaziz Mansur.

Bi-bi-si Farg‘ona viloyati imom-xatibi Salimjon Qodirov bilan bog‘lanishga bir necha marotaba harakat qildi. Biroq o‘zini Salimjon Qodirovning haydovchisiman deb tanishtirgan shaxs bizning Bi-bi-sidan ekanimizni bilgach, Qodirovning yo‘qligini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘ona bosh imom-xatibi ko‘chirmakashmi? (video)