15:18 / 16.05.2019
5 191

16 million so‘mga chiroyli to‘y qilsa bo‘ladi...(mi?)

16 million so‘mga chiroyli to‘y qilsa bo‘ladi...(mi?)
16 million so‘mga kelin tushirib, to‘y o‘tkazsa bo‘ladimi? Yana yurtimizdagi eng “qimmat shahar”lardan biri hisoblangan Toshkentimizda. Bir ovozdan “yo‘q” deb javob qaytarishga shoshilmang.

Bugun buning nafaqat imkoni borligi, balki to‘y chiroyli va to‘kin o‘tishini ham mahallalar faollari yaxshi bilishadi. Zero, joylarda ana shunday namunali to‘ylar o‘tkazish asta-sekin urfga aylanib boryapti. Ba’zi bazmlarni ko‘rib, yaqinda fuqarolarimiz, avvalgidek, dabdabali emas, to‘yni imkon qadar kamchiqim, mazmunli, axloq me’yorlari doirasida, xurofot va manmanlikdan holi o‘tkazishni yoppasiga boshlashiga umid paydo bo‘lyapti.

— O‘tgan yilda hududimizda uchta namunali to‘y o‘tkazildi, — deydi Olmazor tumanidagi Abu Bakr Siddiq nomli mahalla mas’ul kotibi Saodat Tojiyeva. — Har biriga 16 million 300 ming so‘mdan mablag‘ sarflandi. An’analarimizga yot bo‘lgan “tanishuv”, “sep yoydi”, “quda tanish”, “ota ko‘rdi”, “ota keldi”, “charlari”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “kuyov navkari”, “kelin navkari”, “kelin salom”, “tog‘ora yuborish” kabi tadbirlar o‘tkazilmayapti.

Shuningdek, “pul qistirish”, “pul sochish”, odobsiz shoular, “sevgi tarixi” (“Love story”) singari ma’naviyatimizga yot odatlarga yo‘l qo‘ymadik. Bundan barcha minnatdor, to‘y dasturxoni ham binoyidek. Nozu ne’matlar turfa bo‘ldi.

Mas’ul kotibning aytishicha, to‘ylar mahalla hududidagi Qo‘shtut to‘yxonasida o‘tkazilgan. Kelin-kuyov uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yotoqxona jamlanmasi va mehmonxona shkafi olti yarim million so‘mga xarid qilingan. To‘yxonada kishi boshiga 65 ming so‘mdan to‘g‘ri keladigan dasturxon yozilib, 100 nafar mehmon chaqirilgan. Shuningdek, 1 million bir yuz ming so‘mga kelin-kuyov uchun bosh - oyoq sarpo hozirlandi.

To‘ylar juda mazmunli, nuroniy onaxonu otaxonlarning duosi, tilaklari, yoshlarning sho‘x o‘yin kulgusi bilan o‘tgan. Demak, to‘yning fayzi ortiqcha xarajat, dabdabayu as’asada yoki mashhur san’atkorda emas, asosiysi to‘ylarni el-yurtga yoshlarning nikohni bildirib qo‘yishni chiroyli qilib o‘tkazishdadir.

Ayniqsa, nikoh to‘ylarning dinimiz harom qilgan ichimliklarsiz o‘tishi to‘yning fayzini yanada oshiradi. Odamlarning ko‘ngli yorishgan holda bunday to‘ylarda ishtirok etgisi keladi. Oxirgi yillarda kelinlarimizning kamchiqim, yopiq dinimiz va qadriyatlarimizga mos liboslarni tanlayotganliklari ham bizni quvontiradi. Demak oddiy, shiringina, tartibli o‘tgan to‘ylar ham odamlar yodida uzoq va yorqin saqlanadi.

Saida Rustam qizi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 16 million so‘mga chiroyli to‘y qilsa bo‘ladi...(mi?)