10:13 / 20.05.2019
3 829

Milliarder Shodiyev: "O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalarim ko‘p, nasib qilsa amalga oshiraman"

Milliarder Shodiyev: "O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalarim ko‘p, nasib qilsa amalga oshiraman"
Moskva davlat xalqaro aloqalar institutini "xalqaro huquq" mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan milliarder Fattoh Shodiyev Toshkentda ushbu institut ochilishini olqishladi, deb xabar qilmoqda Sputnik nashri.

Shodiyevning so‘zlariga ko‘ra, MGIMOda o‘qish o‘zbek yoshlarining azaliy orzusi edi. Ammo so‘nggi yigirma yilda bu orzu amalga oshirilmadi - avvalgi rejim o‘zbek talabalarining Rossiyada o‘qishini unchalik "qo‘llab-quvvatlamas edi".

Shodiyev o‘sha davrdagi bunday qiyinchiliklarni "murakkab omil", deya baholadi va shu hozirda prezident Shavkat Mirziyoyev tufayli bu sohada ijobiy o‘zgarishlar boshlanganini qo‘shimcha qildi.

"Toshkentda MGIMO filialining ochilishi o‘zbek yoshlarini buyuk rus madaniyatiga yaqinroq bo‘lishlariga yordam beradi. Axir MGIMO - bu yuqori malakali kadrlar yetishtiradigan dargohdir. Ishonchim komilki, sifatli, munosib ta’lim olish imkoniyatidan juda ko‘pchilik albatta foydalanadi", - deya ta’kidladi biznesmen.

Fattoh Shodiyev talabalik yillarini esga olar ekan, MGIMOda o‘tgan yillar u uchun ajoyib hayotiy saboq bo‘lganini e’tirof etadi. "Yashashni, ishlashni, ilmdan foydalanishni, to‘g‘ri tushunishni, va nihoyat do‘stlashishni o‘rgandim", - deydi u.

Shodiyev, suhbat davomida O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalari ko‘pligini, va ularni nasib etsa amalga oshirishini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 19 may kuni Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) bitiruvchilari V xalqaro forumi boshlandi. Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda RF prezidenti Vladimir Putinning tabrik so‘zlari o‘qib eshittirildi.

Milliarder O‘zbekistonga birinchi marta 2017 yilda kelgan. U birinchi ishni O‘zbekistondagi bolalar uylariga yordam beradigan Fattoh Shodiyev jamg‘armasi vakolatxonasini ochish bilan boshlagan edi. Avvalroq Adliya vazirligi tomonidan Shodiyev xalqaro fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumotlarga qaraganda, Shodiyev "Eurasian National Resources Corporation" (ENRC) kompaniyasi hammuassisi bo‘lib, boyligi 3 mlrd dollardan ortiq deb baholangan. Fattoh Shodiyev Belgiyaning eng boy kishisi hisoblanadi.

Fattoh Qayumovich 1996 yildan buyon xayriya faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Milliarder Shodiyev: "O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalarim ko‘p, nasib qilsa amalga oshiraman"