20:49 / 22.05.2019
4 808

Advice.uz – endi har kim har yerda bepul yuridik maslahat olishi mumkin

Advice.uz – endi har kim har yerda bepul yuridik maslahat olishi mumkin
Adliya vazirligining onlayn bepul yuridik maslahat berishga yo‘naltirilgan advice.uz platformasi ishga tushgani haqida xabar berilgan edi. Poytaxtda 25-27 aprel kunlari o‘tkazilgan Tashkent Law Spring xalqaro yuridik forumi doirasida platformaning tantanali ishga tushirilish marosimi bo‘lib, jahon hamjamiyatiga ham u haqida ma’lumot berilgan edi.

Mazkur portal 2019 yil 9 yanvardagi «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida» gi Prezident farmoniga asosan ishga tushirilgan. Platformaning qulayliklari bilan aholini yaqindan tanishtirish maqsadida Adliya vazirligi vakili Furqat Tojiyev Kun.uzʼga batafsil ma’lumot berdi.

advice.uz qanday qulayliklarni taqdim etadi?

Platforma barchaga har joyda onlayn tarzda bepul yuridik maslahat berishni maqsad qiladi. U orqali quyidagi huquqiy masalalarga yechim topish mumkin.

- mehnat qonunchiligi;
- chet elda ishlash tartibi — migratsiya;
- pasport tizimi;
- oila munosabatlari;
- uy-joy, kommunal xo‘jalik;
- fuqarolar tadbirkorligi;
- ijtimoiy himoya masalalari;
- sog‘liqni saqlash;
- bank, soliq masalalari;
- transport sohasidagi qonunchilik;
- davlat xizmatlari;
- iste’molchilar huquqlarini himoya qilish;
- ta’lim qonunchiligi;
- sud-huquq masalalari, huquqiy himoya;
- majburiy ijro byurosi, nizolarni hal qilish;
- harbiy xizmat.

Eng muhimi, agar murojaatchi o‘zini qiziqtirgan masala bo‘yicha ma’lumot topa olmasa, onlayn-maslahatchi xizmati mavjud. O‘sha xizmat orqali bemalol malakali mutaxassislar orqali savollarga javob olish mumkin bo‘ladi.

Hozirda sayt yaratildi, huquqiy maslahatlar berilyapti. Lekin asosiy muammolar joylarda, hududlarda. Shuning uchun har bir tumanda www.advice.uz'ning maslahat byurolarini tashkil etish rejalashtirilgan. U yerga fuqarolar bevosita kelib, bepul huquqiy maslahat olishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, bosqichma-bosqich tarzda uzoq aholi borishi qiyin bo‘lgan hududlarni ham qamrab olish maqsad qilingan. Yaqin kelajakda har bir inson huquqiy muammolar yechimini o‘z mahallasidan chiqmasdan turib topish imkoniyati yaratiladi.

Buyuk Britaniya andozasidagi platforma

Har tomonlama qulay platforma yaratish uchun chet el tajribasi o‘rganildi. Va maqsadni amalga oshirishda Buyuk Britaniyaning Citizens Advice tarmog‘i andoza qilib olindi.

Citizens Advice – butun Buyuk Britaniya bo‘ylab faoliyat yuritadigan 316ta mustaqil xayriya tashkilotlaridan iborat tarmoq bo‘lib, u fuqarolarga bepul huquqiy maslahat beradi. Tarmoq 1939 yilda tashkil etilgan, hozirda unda 7000 nafar xodim va 22 mingdan ortiq ko‘ngilli volontyorlar faoliyat yuritadi.

Shundan kelib chiqib, Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan hamkorlikda Citizens Advice tizimining O‘zbekistondagi analogi www.advice.uz sayti orqali fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berishi tizimi yaratildi.

Huquq sohasiga oid barcha mavzular qamrab olinganmi?

Platforma mundarijasini yaratishda davlat tashkilotlari, Xalq qabulxonalariga eng ko‘p kelayotgan murojaatlarning mazmuni tahlil qilindi, odamlarni ko‘proq qaysi masalalar qiynashidan kelib chiqildi.Xususan, mehnat, ta’lim, oila, soliqlar, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, davlat xizmatlari va boshqa shu kabi sohalar bo‘yicha kerakli ma’lumotlar joylashtirildi.

www.advice.uzʼda yuridik shaxslar faoliyati, jumladan yuridik shaxslar tadbirkorligi haqida ma’lumotlar mavjud emas va bu yo‘nalishda kelib tushgan savollarga javob berilmaydi. Ya’ni portal asosan jismoniy shaxslarga taalluqli masalalar bo‘yicha tezkor huquqiy ma’lumotlarni qamrab olgan.

Asosiysi, bepul va xalqchil tilda

Bu ijtimoiy loyiha daromad olishni maqsad qilmaydi. Shu sababli portaldan foydalanish mutlaqo bepul. Bundan tashqari, u yerda joylashtirilgan ma’lumotlar qiyin yuridik iboralarda emas, barcha uchun tushunarli, xalqchil yo‘sinda bayon qilingan, tili sodda. Buning uchun huquqshunoslar bilan bir qatorda filologlar jamoasi ham mehnat qilgan.

Shuningdek www.advice.uz da maxsus chet elliklarga eslatma degan bo‘lim mavjud. Mazkur bo‘limda O‘zbekistonga kirish, viza olish, chiqish, propiska, uy olish, oilaviy munosabatlar, mehnat qilish tartibi, ta’lim olish kabi masalalar yoritilgan. Shuningdek, sudda ish yuritish, da’vo ariza kiritish, sudda qatnashish va shu kabi sud jarayoni tartibi ham mavjud.

Ushbu ma’lumotlar bilan o‘zbek, arab, xitoy, ispan, ingliz, fransuz, nemis va rus tillarida tanishish mumkin. Kelgusida imkoniyat va takliflardan kelib chiqqan holda boshqa tillardagi shakli ham yaratilishi mumkin.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Advice.uz – endi har kim har yerda bepul yuridik maslahat olishi mumkin