23:56 / 25.05.2019
4 101

Talafotni tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli

Talafotni tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli
Yoxud avariya holatidagi ko‘prikning qulashini kutamizmi?

Xalqaro ahamiyatdagi A-380 «G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu» avtomobil yo‘lining 184-kilometrida «Amu-Buxoro» kanali ustidagi yo‘l o‘tkazgich, ya’ni Qorovulbozor tumaniga kirish yo‘lidagi ko‘prikda HOWO rusumli og‘ir yuk tashuvchi avtomashinaning tushib ketgani esingizdami? O‘sha ko‘prik ta’mirlanguncha olti oydan oshiqroq vaqt o‘tdi.

Bu vaqt ichida yo‘l o‘tkazgichdan yengil avtomobillar navbat bilan uzundan-uzoq tirbandlikda o‘tishgan bo‘lsa, yuk avtomobillari 25 kilometrli aylanma yo‘llarni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Bu falokatga avvalo ko‘prikning o‘ta katta og‘irlikdagi avtoransport vositalarini ko‘tarishga mo‘ljallanmagani, qolaversa, 30 yildan buyon ta’mirga muhtoj holatga kelib qolgani sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deya bejiz aytilmagan.

Qachon saboq bo‘ladi?

Shu o‘ylar bilan Kogon tumanidagi katta temir yo‘l ustidagi ko‘prikdan («G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu» avtomobil yo‘lining 208 kilometridagi yo‘l o‘tkazgich) o‘tayotganimda negadir har gal xavotirga tushaman. Ushbu yo‘l-o‘tkazgich ham allaqachon ta’mirga muhtoj holatga kelib qolgan. Turna qator bo‘lib tizilib o‘tayotgan katta-kichik yuk mashinalar deysizmi, avtobus, traktor, yengil avtotransport vositalari deysizmi — oxiri ko‘rinmaydi. Agar bu ko‘prik qulaydigan bo‘lsa, bir emas, butun boshli mashinalar karvoniga, bu hodisa poyezd o‘tayotgan paytga to‘g‘ri kelsa, yuzlab odamlarning hayotiga xavf solishi tabiiy.

Ushbu ko‘prikning hozirgi ahvoli, qancha og‘irlikkacha yuk ko‘tara olishi va qachon ta’mirlanishi haqida so‘rash uchun viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga murojaat qildim. Boshqarma xodimi ko‘prikning haqiqatdan ham ta’mirtalab ekani, uni ta’mirlash 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga kiritilgani, hattoki Prezidentimizning 29-30 mart kunlari viloyatga qilgan tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu masala ko‘tarilganini aytdi.

— Tez orada qurilish boshlanadi, deyapsiz, ta’mirlashning aniq muddati belgilanganmi, so‘radim mutaxassisdan.
— Bu katta ko‘prikni qurish oson ish emas singlim, kamida olti oy, bo‘lmasa bir yil vaqt ketadi. Loyiha tuziladi, shartnomalar imzolanadi. Barchasi vaqt talab qiladi, — dedi u.

Olti oy yoki bir yil ichida ko‘prikning qulab tushmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Qachon saboq olishni, xulosa chiqarishni o‘rganamiz? Shuning uchun ham mutasaddilar e’tiborini aynan shu masalaga qaratishni lozim topdik. Uning hozirgi haqiqiy holati haqida mutaxassis xulosasi mas’ullarning masalaga jiddiyroq yondashishga undashiga ishonamiz.

Mutaxassis xulosasi

— Xalqaro ahamiyatdagi A-380 «G‘uzor — Buxor — Nukus — Beyneu» avtomobil yo‘lining 208 kilometridagi yo‘l o‘tkazgich 1967 yilda qurilgan bo‘lib, uning uzunligi 100,9 metrni tashkil qiladi, — deydi viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Farrux Dehqonov. — Yo‘l o‘tkazgich O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 23 dekabrdagi 2697-sonli qaroriga asosan qayta qurish dasturiga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 iyuldagi 05-21/1-540-son bilan ro‘yxatga olingan 148-bayonnomasiga asosan yo‘l o‘tkazgichni qayta qurish ishlari uchun bosh pudratchi etib, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Ko‘prikqurilishtresti» unitar korxonasi belgilangan. Lekin, bugungi kunga qadar ob’ektda ta’mirlash ishlarini olib borish uchun buyurtmachi va pudratchi korxona o‘rtasida shartnoma tuzilmagan.

Mavjud yo‘l o‘tkazgich (ko‘prik) kirib-chiqish joylaridagi o‘tish plitalarining mutlaqo talabga javob bermasligi natijasida qoniqarsiz holga kelib qolgan. Yo‘l o‘tkazgichning qatnov qismi konstruksiyalari butunlay yaroqsiz holga kelgan bo‘lib, yog‘ingarchilik suvlari ko‘prikning oraliq qurilmasi va tayanchlari holatini vaqt o‘tgan sayin yemirib bormoqda.

Deformatsiya choklari avariya holatiga kelgan bo‘lib, ular ostida ko‘ndalang yoriqlar va ayrim joylarida o‘yiqlar paydo bo‘lgan. Yo‘l o‘tkazgichning mavjud metall panjaralari ham, kirib-chiqish joylaridagi yo‘l tuproq ko‘tarmasi kengligi ham me’yoriy talablarga javob bermaydi.
Hozirgi kunda zamonaviy og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari tirkamasi bilan yuz tonnadan ortiq yuk olib o‘tmoqda.

Sutkasiga 4 ming yo‘lovchi

Farrux Dehqonov aytganidek, ushbu yo‘l o‘tkazgichning bugungi ahvoli anchagina jiddiy. Ushbu xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining serqatnovligi e’tiborga olinsa, har ikki tomonga o‘tayotgan yuk tashuvchi mashinalar hisobiga ko‘prikka 200 tonnadan ortiq og‘irlikdagi yuk tushayotgani ham sir emas. Bu esa xavfni yanada oshiradi. Yo‘l o‘tkazgich ustidan o‘tayotganlarning ham, temir yo‘ldagi poyezdlar xizmatidan foydalanayotgan fuqarolarning ham hayotini tahlikaga soladi.

O‘rganishni davom ettirib, bir sutkada yo‘l o‘tkazgich ostidan o‘tuvchi poyezdlar sonini bilish uchun Buxoro temir yo‘l vokzaliga bordik. Bu yerda mutaxassisning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Buxoro — Toshkent, Xiva — Toshkent, Qo‘ng‘irot — Toshkent yo‘nalish poyezdlari bir sutkada borib kelishini hisobga olsak 6 marotaba aynan shu ko‘prik ostidan o‘tadi. Afrosiyob poyezdi esa bir sutkada ikki marotaba borib keladi. Demak, 4 marotaba ko‘prik ostidan o‘tadi. Bundan tashqari, haftaning ba’zi kunlarida esa 12-16 martagacha poyezdlarning qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Bitta yo‘lovchi poyezdi 400-450 nafar, Afrosiyob poyezdi esa 250 nafar yo‘lovchi bilan yo‘lga chiqar ekan. Demak, bir sutkada 3700-4000 yo‘lovchi poyezdlar xizmatidan foydalanadi. Shunday ekan, ushbu poyezdlar ustidan o‘tuvchi ko‘prikning qulashini, u yetkazadigan talafot va falokat oqibatlari haqida o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli. Gap odamlar hayotini tahlikaga soladigan sabablar haqida ketar ekan, bu masalani e’tiborsiz qoldirib yoki kechiktirib bo‘lmaydi.

Ushbu yo‘l o‘tkazgichni qurishda bosh pudratchi etib, «Ko‘prikqurilishtresti» unitar korxonasi belgilangan ekan, ularga qachon mablag‘ ajratiladi, qachon loyihani ishlab chiqishadi, qachon buyurtmachi bilan shartnoma tuzishadi deb, qo‘l qovushtirib o‘tirishning payti emas, bizningcha.

Balki, yangi, chidamli ko‘prik qurilib foydalanishga topshirilguniga qadar boshqa ushbu yo‘l o‘tkazgich vazifasini bajaruvchi yo‘l yo‘qligini inobatga olib, uning ustidan o‘tayotgan transport vositalarini tartibga solish lozim. Mutasaddi tashkilotlar o‘zaro hamkorlikda og‘ir yuk tashuvchi mashinalar qatnovini nazorat qilib, belgilangan og‘irlikdagi transport vositalari o‘tishini yo‘lga qo‘yishar balki.
Biz esa ushbu masalada tegishli mutasaddilardan munosabat kutib qolamiz.
Nargiza QUVONChEVA

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Talafotni tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli