13:14 / 28.05.2019
4 617

O‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash qoidalari

O‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash qoidalari
Foto: «The Globe and Mail»
Xodimning tashabbusi bilan ishdan bo‘shash haqidagi arizani faks yoki elektron pochta orqali jo‘natsa bo‘ladimi? Ish beruvchini bunday ogohlantirish mehnat shartnomasi bekor qilinishini rasmiylashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qila oladimi? Ish beruvchi boshqa shaxslardan berib yuborilgan xodimning arizasini qabul qilishga majburmi? «Norma» nashri eksperti o‘z sharhida ushbu savollarga javob berdi.

Xodim mehnat shartnomasini o‘z xohishiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risida o‘z qo‘li bilan yozgan arizasini ish beruvchiga shaxsan topshirgani ma’qul, albatta. Shunda xodim haqiqatdan ham mehnat munosabatlarini bekor qilishni istayotganligiga rahbar shubha qilmaydi. Biroq ba’zan xodim arizani shaxsan taqdim eta olmaydi, uni boshqa usulda jo‘natish zarurati tug‘iladi. Masalan, boshqa shaharda xizmat safarida yurganda unga boshqa joydan foydali taklif tushadi yoki vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida ishdan bo‘shashga qaror qiladi va h.k.

Amaliyotda bunday hollarda oluvchiga taqdim etilganligi haqida bildirishnoma bilan pochta orqali arizaning asl nusxasini jo‘natish urf bo‘lgan. Bu usul huquqqa zid emas. Shu bilan birga ko‘p xodimlar jarayon cho‘zilib ketishi mumkinligidan yoki xat yetib bormasligidan xavfsirab, undan foydalanmaydilar.

Shu sababli boshqa, ularning fikricha, ish beruvchini ishdan bo‘shash niyati haqida tez va ishonchli ogohlantirish usulini tanlaydilar: arizani faks yoki elektron pochta orqali jo‘natadilar. U mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish uchun haqli asos bo‘lib xizmat qila oladimi? Bu savol rahbariyatni boshi berk ko‘chaga olib kiradi, sababi amaldagi mehnat qonunchiligida ogohlantirishning bunday variantlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlanmagan.

Normativ-huquqiy hujjatlarga murojaat qilsak, Mehnat kodeksining 99-moddasida xodimga mehnat shartnomasini ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib bekor qilish majburiyati yuklatilgan. Oliy sud Plenumining 17.04.1998 yildagi 12-son qarorida MKning 99-moddasi bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilishga xodimning shu korxonadagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yo‘l qo‘yilishi nazarda tutilgan.

Shu tariqa, qonunchilikda ariza yozma (og‘zaki emas) shaklda bo‘lishi kerakligi belgilangan, xolos. Ariza qo‘lda yozilgan yoki terilgan hujjat sifatida, yoki ish beruvchining shabloni asosida beriladi. Jo‘natishning aniq usuli esa belgilanmagan. Shu sababli masalaga chuqur yondashamiz.

ERI qo‘yilgan elektron hujjat

Elektron hujjat aylanishidan, shu jumladan rasmiy va norasmiy yozishmalarni amalga oshirish hamda boshqa axborotni uzatishda foydalanish mumkin («Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi Qonunga qarang). Elektron hujjat qog‘ozdagi hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi. Bunda uning majburiy rekvizitlari quyidagilardan iborat:

- elektron raqamli imzo (ERI);
- jo‘natuvchi – yuridik shaxsning nomi yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
- jo‘natuvchining pochta va elektron manzili;
- yaratilgan sana.

Aytilganlardan kelib chiqib shunday xulosa chiqarish mumkinki, axborot tizimi orqali jo‘natilgan elektron shakldagi ishdan bo‘shash haqidagi ariza ERI bilan tasdiqlangan va barcha zarur rekvizitlarga ega bo‘lsa, ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘la oladi. ERIdan foydalanish tartibi va qoidalari, shuningdek u bilan qo‘lda o‘zi qo‘ygan imzoning bir xil ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etish shartlari «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonun bilan belgilangan.

Shu bilan birga, oddiy ko‘ringaniga qaramay, ish beruvchini ogohlantirishning bunday usulini eng maqbul usul deb bo‘lmaydi:

birinchidan, garchi olish jarayoni oson va ko‘p vaqt talab etmasa-da, hammada ham ERI yo‘q;

ikkinchidan, elektron hujjat olinganligi dalilini qanday isbotlash mumkin? Ariza shaxsan yoki pochta orqali taqdim etilsa, buning imkoni bor: ikkinchi nusxaga yoki pochta bildirishnomasiga qo‘yilgan rahbar imzosi bilan topshirilganligi tasdiqlanadi. Elektron aloqa vositalaridan foydalanganda hammasi murakkab tus oladi. Axborot nafaqat atayin (elektron hujjatni yo‘q qilish oson), balki texnik uzilishlar sababli ham yo‘qotilishi mumkin.

Shu sababli ushbu variant uncha ishonchli va maqbul emas, pochta orqali bildirishnoma bilan jo‘natgan ma’qul deb bilamiz. Hech bo‘lmaganda qonunlarda mehnatga oid munosabatlarni, shu jumladan xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida huquqni belgilovchi axborot ayirboshlashni elektron rasmiylashtirish tartibi aniq belgilanmagunicha shunday bo‘lib qoladi.

Arizaning skanerlangan nusxasi va faksimil hujjat

Xodim elektron pochta orqali jo‘natgan skanerlangan yozma ariza elektron hujjat tavsiflariga muvofiq kelmasligi bois mehnat shartnomasi bekor qilinishini rasmiylashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmaydi deb o‘ylaymiz. Faks orqali jo‘natilgan ariza haqida ham xuddi shunday deya olamiz. Zero u asl nusxaning ko‘chirmasidan boshqa narsa emas. Buning ustiga u amalda mavjud bo‘lmay, turli hujjatlarga asoslanib yozilgan (yasama) bo‘lishi mumkin. Demak, xodimning xohish-irodasi lozim darajada ifodalanmagan deb hisoblanishi, tegishincha, ish beruvchi yuridik jihatdan ahamiyatli javob choralarini ko‘rmasligi mumkin.

Rahbar bunday hujjatni rasmiylashtirishni qat’iyan talab qilsa, kadrlar xizmati xodimlari quyidagi shartlarga rioya etgan holda uni olgan sanada ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin:
  • xodim bilan bog‘lanib, mehnat shartnomasini bekor qilmoqchiligiga shaxsan ishonch hosil qilish. Bunda tashkilotning manfaatdor bo‘lmagan boshqa xodimlari hozirligida suhbatlashgan va imkon bo‘lsa, uni yozib olgan ma’qul;
  • ogohlantirish muddati tugaguncha arizaning asl nusxasini taqdim etishni xodimdan talab qilish;
  • bu haqda dalolatnoma tuzib, suhbatlashish chog‘ida hozir bo‘lgan shaxslar imzosini qo‘ydirish yoki unda arizaning asl nusxasi mavjud bo‘lgandagina mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinishini qayd etish.

Ish beruvchining faks orqali jo‘natilgan yoki skanerlangan ariza asosida ishdan bo‘shatishni rad etsa, bunday ogohlantirish usulini maqbul deb bilgan xodim kelgusida bunga e’tiroz bildirishi mumkinligini ham nazarda tutish lozim. Shu sababli tashkilotning lokal hujjatlarida hujjatlar, sh.j. elektron hujjatlar aylanishining ichki tartibini belgilab, tilxat olgan holda barchani ular bilan tanishtirishni maslahat beramiz.

Ishonchnoma asosida vakil orqali

Rahbariyat boshqa shaxslardan berib yuborilgan arizani qabul qilishga majburmi? Ularda ishonchnoma bo‘lishi kerakmi? Qonunchilik bilan tartibga solinmagan, shu bois ko‘p savollarni yuzaga keltiradigan yana bir nizoli holat.

Xodim arizani pochta orqali jo‘nata olmasa, nega o‘z vakili orqali bunday qilishi mumkin emas? Ish beruvchiga axborot yetkazishning bunday usulini taqiqlovchi norma mavjud emas.

Qonunchilikka murojaat qilamiz. MKning 99-moddasi 1-qismiga muvofiq, xodim mehnat shartnomasini ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqlidir. Ya’ni qonunda ariza shaxsan rasmiylashtirilishi kerakligi belgilangan, u qanday berilishi (pochta, kurer, ishonchli vakil va h.k. orqali) esa aks ettirilmagan.

Hujjatni boshqa shaxsdan ham berib yuborish mumkin deya taxmin qilishga asos bor. Bunda ish beruvchi salbiy oqibatlarga to‘qnash kelishi ehtimolini istisno etish uchun ishonchli vakilda notarial rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo‘lganda bunday arizani qabul qilishni maslahat beramiz. Unda ishonchli vakilning mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish haqidagi arizasini ish beruvchiga topshirish vakolati aniq qayd etilgan bo‘lishi lozim.

Hatto shunday ishonchnoma taqdim etilganda ham rahbariyat guvohlar hozirligida xodim bilan shaxsan suhbatlashib, haqiqatan ham mehnat munosabatlarini bekor qilishni istayotganligiga ishonch hosil qilishi ortiqchalik qilmaydi. Arizada barcha zarur rekvizitlar: ariza berilgan sana, ishdan bo‘shamoqchi bo‘lgan sana (mavjud bo‘lganda), xodimning imzosini diqqat bilan ko‘rib chiqish zarur.

Lenara Xikmatova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash qoidalari